XIX asr oxiri XX asrning 70 yillar fani noklassik fan davri deb ataladi. Bu davrda ko‘plab ayrim ilmiy fanlar vujudga keladi, ularda ulkan faktik material to‘planadi va tizimga solinadi. Matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, psixologiya va boshqa fanlarda fundamental nazariyalar yaratiladi. Texnika fanlari vujudga keladi va moddiy ishlab chiqarishda yanada sezilarliroq rol o‘ynay boshlaydi. Fanning ijtimoiy roli ortadi, uning rivojlanishi o‘sha davr mutafakkirlari tomonidan ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida e’tirof etiladi.
XVIII asrning o‘rtalarida jahonda fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar 10 ming kishidan oshmagan bo‘lsa, XIX asr oxiriga kelib olimlar soni 100 ming kishiga yetadi. XVI asrda «olim odamlar»ning yarmidan ko‘prog‘i diniy ma’lumot olgan kliriklar edi. XIX asrda fan ijtimoiy mehnatning mustaqil tarmog‘iga aylanadi va u bilan universitetlar va institutlarning maxsus fakultetlarini tamomlagan «dunyoviy» professional olimlar shug‘ullanadi. 1850 – yilda jahonda mingga yaqin ilmiy jurnallar nashr etiladi, 1950 – yilga kelib esa ularning soni 10 mingdan oshadi. 1825 – yilda nemis kimyogari Y. Libix ilmiy laboratoriya tashkil qiladi va u olimga ko‘p miqdorda daromad keltira boshlaydi. XIX asr oxiriga kelib bunday laboratoriyalar soni ko‘payadi. Fan tijoratchilar, tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tobora ko‘proq torta boshlaydi. Ular olimlarning ishlab chiqarish, sanoat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarini mablag‘ bilan ta’minlay boshlaydilar.
XX asrning 70 yillarida fan rivojlanishida yangi bosqich boshlanadi. Bu davr fani postnoklassik deb ataladi, chunki mazkur asr bo‘sag‘asida fanda inqilob yuz beradi va buning natijasida u oldingi davrning klassik fanidan sezilarli darajada farq qila boshlaydi. XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga soladi. Matematikada to‘plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko‘rishga majbur qilgan fundamental nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasi yaratiladi. Biologiyada genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda yangi fundamental nazariyalar paydo bo‘ladi. Ilmiy bilimning shakl-shamoyilida, fan metodologiyasida, ilmiy faoliyatning shakl va mazmunida, uning meyorlari va ideallarida olamshumul o‘zgarishlar yuz beradi.
XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Bu o‘zgarishlar adabiyotlarda ko‘pincha fan-texnika inqilobi sifatida tavsiflanadi. Bu o‘zgarishlar shu bilan bog‘liqki, Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda fan yutuqlari ilgari misli ko‘rilmagan miqyosda amaliyotga – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kundalik hayotga joriy etiladi. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik, aviatsiya), elektronikada (televidenie, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan o‘zgarishlar yasaydi. Fanning rivojlanishi eng yangi harbiy texnikani yaratishning asosiy omiliga aylanadi va «ikki lager»ning urushdan keyingi qarama-qarshiligi sharoitida avj olgan qurollanish poygasi yirik davlatlarni ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarga ulkan mablag‘larni sarflashga majbur qiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq O‘zbekistonda fanning barcha sohalari rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zFAnin 53 ta ilmiy tadqiqot institutlari moddiy texnika bazasi yangi texnologiyalar bilan ta’minlandi. Kimyo alkaloidlar institutida aholini dori-darmon bilan ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. 2008 – yilda O‘FA “Astranomiya” institutining olimlari ilgari ma’lum bo‘lmagan yangi kichik sayyorani aniqladilar va tadqiqot natijalarini AQShning “Garvard kichik sayyoralar” forumiga taqdim etdilar. 2010 – yilda o‘zbek olimlarining kashfiyoti jahon olimlari tomonidan tan olindi. Prezidentimiz Islom Karimovning taklifiga ko‘ra sayyoraga “Samarqand” nomi berildi va u “Garvard kichik sayyoralar” forumida “210271” raqami bilan ro‘yxatga olindi. “Garvard kichik sayyoralar” forumida ro‘yxatga olingan “O‘zbekistoni”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Ibn Sino”, “Beruniy”, “Farg‘oni” sayyoralar turkumi mustaqillik yillarida kashf qilingan yangi “Samarqand” kichik sayyorasi bilan to‘ldi.