Totemizm negizini muayyan odamlar guruhining totem, ya’ni sig‘inish ob’ekti sanalgan ajdod deb e’lon qilinadigan u yoki bu hayvon, o‘simlik, predmet bilan umumiy kelib chiqishiga bo‘lgan ishonch tashkil etadi, zero totem mazkur jamoa yoki urug‘ning qudratli homiysi, himoyachisi hisoblanadi, uni oziq-ovqat va shu kabilar bilan ta’minlaydi. (Hindistonda Xonumon maymuni, turli qabilalarda u yoki bu ilohiy predmet).
Magiya (yunon. mageia – sehrgarlik) ham ibtidoiy din shakllaridan biri bo‘lib, uning zamirida tabiiy kuchlar yordamisiz sirli tarzda, masalan rasm-rusumlar, o‘ziga xos amallar majmui bilan narsalar, odamlar, hayvonlar va hatto g‘ayritabiiy kuchlar – ruhlar, insu jinslar va shu kabilarga ta’sir ko‘rsatish mumkinligiga bo‘lgan ishonch yotadi.
Dinning qayd etilgan qadimgi shakllari keyingi diniy e’tiqodlar negizini tashkil etdi va politezm (ko‘pxudolik)da ham, monoteizm (yakkaxudolik)da ham u yoki bu darajada o‘z aksini topdi. Ular hozirda ham qisman mustaqil holda mavjuddir.
Taxminan 10 ming yil muqaddam, inson chorvachilik va ziroatchilik bilan shug‘ullanib, o‘troq hayot kechirishga o‘tgach, neoletik inqilob yuz berdi. Jamiyat rivojlanishining ayni shu bosqichida politeizm yuzaga keldi, chunki mehnatning ijtimoiy taqsimoti, hukmronlik va bo‘ysunish dunyoviy munosabatlari ruhlar va sanamlarga bo‘lgan ishonchga emas, balki odamlar muayyan nom bergan xudolarga bo‘lgan e’tiqodga ko‘proq mos kela boshladi.
Keyingi davrlarda davlatchilikning vujudga kelishi va rivojlanishi, qadimgi buyuk madaniyatlarning paydo bo‘lishi, quldorlik munosabatlarining shakllanishi, monarxiyalar tashkil topishi va shundan kelib chiqadigan yakkaboshchilikning yuzaga kelishi natijasida diniy dunyoqarashda ham bir xudoga sig‘inish tendensiyasi paydo bo‘ldi. Odamlar ko‘p sonli xudolar orasida kuch-qudratda yagona bir xudoni farqlab, shu tariqa dunyoviy podsho hukm suruvchi real hayot haqidagi o‘z tasavvurlarini yagona va qudratli xudo yashaydigan narigi dunyo bilan go‘yoki muvofiq holatga keltirdilar. Shu tariqa monoteistik dinlar (yunon. mono – bir va theos – xudo): iudaizm (mil. av. VII asr), buddizm (mil. av. VI-V asrlar), xristianlik (I asr) va islom (VII asr) vujudga keldi. Xullas har bir din ma’lum falsafaga asoslanadi. Haq dinning asosi to‘g‘ri (analitik) falsafadir, haq bo‘lmagan dinning asosi esa yolg‘on falsafadir, yoki yolg‘on muhokamalar ustiga qurilgan qarashlardir.
Falsafiy dunyoqarash. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U abstrakt nazariy fikrlash qobiliyati va (to‘plangan bilimlar ko‘rinishida) real asoslarga ega bo‘lishi natijasida o‘z rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko‘tarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, bo‘sh vaqtning paydo bo‘lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug‘ullanish imkonini berdi.
Shunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – falsafa paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit Yevropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o‘laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg‘ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Falsafiy bilim va qarashlarning paydo bo‘lishi kishilarning dunyo va insonning mohiyatini nazariy tafakkurda anglab olish ehtiyojidan kelib chiqqan. Falsafiy dunyoqarash – bu mantiqiy tahlil va umumlashtirishlar, mantiqiy muhokama va xulosa chiqarishlar, mantiqiy isbot va raddiyalar asosida nazariy fikr yuritishlar orqali dunyoni, butun borliqni tushunish va tushuntirish, izohlash va baholash tufayli hosil bo‘lgan bilim va qarashlardir. Falsafiy dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishi falsafa fanining paydo bo‘lishi va rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq holda yuz beradi.
Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi Yunonistonda taxminan bir vaqtda avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din o‘zlarining tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan qiziqishini qondira olmay qoldi. Ular shuningdek sezilarli darajada o‘sgan va murakkablashgan tajriba va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan chiqolmay qoldi.
Taniqli nemis faylasufi Karl Yaspers ta’biri bilan aytganda, bu davrda (uni faylasuf «dunyoviy vaqt» deb ataydi) insoniyat o‘z rivojlanishida katta burilish yasagan. Osoyishtalik va barqarorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan mifologiya davri nihoyasiga yetdi, oqilonalik va oqilona tekshirilgan tajribaning mifga qarshi kurashi natijasida u asta-sekin chekina boshladi. «Jahon tarixi o‘qini taxminan miloddan avvalgi 500 yil, miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig‘ida yuz bergan ma’naviy jarayon bilan bog‘lash o‘rinli bo‘lsa kerak, - deb yozadi K.Yaspers. – Shu davrda tarixda eng katta burilish yasaldi. Hozirgi kungacha saqlanib qolgan tipdagi inson paydo bo‘ldi...Ilk faylasuflar paydo bo‘ldi. Inson ayrim individuum sifatida o‘z-o‘zida tayanch izlashga jur’at etdi. Xitoy zohidlari, Sharq darbadar mutafakkirlari, Hindiston tarki dunyochilari, Yunoniston faylasuflari va Isroil avliyolari e’tiqodi o‘z ta’limotining mazmuni va ichki tuzilishiga ko‘ra bir-biridan qay darajada farq qilmasin, o‘z mohiyatiga ko‘ra yaqindir. Endi inson botiniy darajada o‘zini dunyoga qarshi qo‘yishi mumkin bo‘ldi. Inson o‘zida unga dunyodan va o‘z-o‘zidan yuksakroq ko‘tarilish imkonini beruvchi ichki salohiyatni kashf etdi» (Yaspers K. Smыsl i naznachenie istorii. – M.,1991, 32-34 betlar.).
Shuni ham qayd etib o‘tish lozimki, falsafa, garchi muayyan natijalarga, mukammal ta’riflarga, uzil-kesil xulosalarga intilsa-da, lekin shuning o‘zi bilan kifoyalanmaydi. Falsafani avvalo inson madaniyati sohasida yuz berayotgan, turli qarama-qarshiliklar va o‘zaro ta’sirlar bilan uzviy bog‘liq va ayni vaqtda o‘zga sohalarga o‘tish va ularda gavdalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan ma’naviy jarayon sifatida tushunish lozim.
Bundan xulosa shuki, falsafiy mushohada yuritish savol berish, shubha qilish, javoblar izlash va kuni kecha yechilgan deb hisoblangan, shak-shubhasiz bo‘lib tuyulgan masalalarga qaytish demakdir. Falsafa uchun «boqiy», uzil-kesil aniqlangan haqiqatlar, «noqulay», «ilmoqli» savollar yoki man etilgan mavzular mavjud emas. Falsafa savollar berish, narsalar va hodisalar mohiyatini anglashga urinish orqali bilish doirasini kengaytirishga harakat qiladi.
Xullas, falsafa haqiqat qanday bo‘lsa, uni shunday ifodalab ko‘rsatishdir, din esa –uning ramziy, timsoliy aks etishi. Falsafa asos va mohiyat bo‘lsa, din timsol va shakl. Dialektik munozara usuli jamiyatning kam sonli ayonlari uchun kerak. Vahiy yo‘lidagi ifoda – xalq ommasining idroki, tarbiya va ta’limi uchun kerak.
Falsafiy tasavvurlar va tabiiy-ilmiy qarashlarni farqlash oson ish emas. Biroq falsafiy tasavvurlar tabiiy-ilmiy qarashlarga ta’sir ko‘rsatgani, xuddi shuningdek al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Ibn-Sino, Mirzo Ulug‘bek, I. Nyuton, A.Eynshteyn kabi buyuk olimlarning ilmiy g‘oyalari zamirida ularning keng va teran falsafiy bilimlari yotishi shak-shubhasizdir. Ayni shu sababli ushbu mutafakkirlarning yaxlit falsafiy ta’limoti haqida bo‘lmasa ham ularning jiddiy falsafiy qarashlari haqida to‘la asos bilan so‘z yuritish mumkin.