Sichqoncha, klaviatura, monitor va ularning vazifalari;
Videoproektor va ekran;
Printer va skaner qurilmalari va ularning ahamiyati;
Axborotlarni saqlovchi va tashuvchi vositalar: fleshka, CD va DVD disklar;
Kompyuterda multimedia (audio, video) ma’lumotlarini namoyish etish;
Kompyuterning salbiy va ijobiy tomonlari.
Kompyuter tushunchasi. Hisoblarni bajarish, shu jumladan elektron shakldagi axborotni oldindan belgilangan algoritm bo‘yicha qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va ishlov berish uchun mo‘ljallangan elektron mashina. Kompyuter so‘zi ingliz tilidagi “to compute”, “computer”, so‘zlarining hosilasi bo‘lib, ular “hisoblash”, “hisoblagich” deb tarjima qilinadi. Dastlab ingliz tilida bu so‘z, mexanik qurilmani jalb qilib yoki uning ko‘magisiz arifmetik hisoblarni bajaradigan insonni anglatgan. Keyinchalik uning ma’nosi mashinalarning o‘ziga ko‘chirildi, biroq, zamonaviy kompyuterlar matematika bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan ko‘plab masalalarni ham bajaradilar. XX asrning 90-yillaridan boshlab, kompyuter atamasi elektron hisoblash mashinalari (EHM) atamasini amalda siqib chiqardi. Kompyuter quyidagi asosiy bloklardan iborat:
asosiy xotira;
protsessor;
tashqi qurilmalar.
Kompyuter - bu turli hajmdagi, har xil ko‘rinishdagi axborotlarni tezlik bilan ishlab berishni ta’minlovchi universal avtomatik qurilmadir.
Noutbuk va netbuklar. Noutbuk – mobil ixcham shaxsiy kompyuter. Uning asosiy qismi va monitori birlashgan holda bo‘ladi. Bunday kompyuterlarning ko‘pchiligi deyarli standart klaviaturaga, kompyuter grafikasi vositalariga ega. Bunday kompyuterlar unchalik katta bo‘lmagan qattiq disklar yoki optik disklar bilan ishlaydi.
Netbuk - Internetdan foydalanish va ofis dasturlari bilan ishlash uchun mo‘ljallangan kichik noutbukdir. Netbuklar ixcham o‘lchamlari, kichik vazni, kam energiya iste’moli va nisbatan arzon narxlari bilan ajralib turadi.
Netbuklar Noutbuklarga nisbatan engil, ixcham va foydalanishda juda qulaydir. Netbuklarda Noutbuklarga nisbatan ayrim tashqi qurilmalar mavjud bo‘lmaydi, masalan, kompakt disklarni o‘qish qurilmasi.