G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan vatanim.
Jahon she’riyatida Vatanni so‘liqqa qiyos etilishi uchramasa keragov! Mazkur obraz she’rning butun strukturasida bamisoli uzukka ko‘z qo‘ygandek bo‘lib tushadi…” Olimning talqinlari, she’rdan chiqargan xulosalari uning iqtidorli she’rshunos ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Baxtiyor Nazarov yozuvchi Shukur Xolmirzayev ijodi yuzasidan ham bir qator maqolalarini matbuotda chop ettirgan bo‘lib, xususan, adibning “Qil ko‘prik” romani xususida quyidagi fikrlarni ilgari suradi: “Shukur Xolmirzayev Abdulla Qahhordan so‘z tejash, detallarga katta ma’nolar yuklash, qahramon ruhiyatida kechayotgan ziddiyat, to‘qnashuvlarni sodda va hayotiy qilib, ixcham tasvirlash, dialoglardan jonli manzara yaratish sirlarini o‘rgandi. Biroq bu ta’sirni faqat tashqi ko‘rinishdan izlamaslik kerak. Bu ta’sirni qahramonlar ruhiy dunyosini aks ettirishdagi badiiy prinsiplar mushtarakligidan izlamoq kerak”1.
Baxtiyor Nazarov ma’lum muddat Amerika Qo‘shma Shtatlarining Indiana universitetida talabalarga ma’ruzalar o‘qidi. Qator xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar: AQSH (1987, 1990, 2003), Germaniya (1975, 1988, 1990), Turkiya (1992, 1993, 1994), Norvegida ma’ruzalari bilan qatnashdi. Xorijlik ko‘plab olimlar, sotsiologlar bilan qizg‘in bahs-munozara va ilmiy-adabiy suhbatlar o‘tkazdi. O‘sha paytlarda bitgan maqolalari AQSH, Polsha, Belorussiya, Qozog‘iston, Rossiya ilmiy nashrlarida peshma-pesh chop etilib turdi.
Mustaqillik yillarida B.Nazarov Sohibqiron Amir Temur, Xorazmiy, Farg‘oniy, Moturidiy, Jaloliddin Manguberdi singari bobokalonlarimiz; “Alpomish” kabi adabiy-tarixiy yodgorliklarimiz; Buxoro va Xiva shaharlarining tarixiy yubileylariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarning tashkiliy tadbirlarida faol ishtirok etdi. Uning bunday fidoyi xizmatlari Xalqaro Oltoyshunoslik konferentsiyasi (RIAK)ning komissiya a’zosi, Turkiyadagi Turk tili Qurumining muxbir a’zosi qilib saylanishiga olib keldi.2
Baxtiyor Nazarov ijodiy-estetik tafakkur ufqi keng munaqqidlardan biri uning fikrlash diapazoni faqat o‘zbek munaqqidlari va adiblari ijodi bilangina chegaralanib qolmasdan, muayyan darajada jahon adabiyoti tanqidchilari va san’atkorlari ijodiga murojaat etishi bilan ham ajralib turadi. Olimning Sofokl ijodiga, SHekspir asarlariga, “Qutadg‘u bilig” ning jahon estetik tafakkuri rivojida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqolalari o‘zbek tanqidiy tafakkuri kengliklaridan ma’lum darajada boxabar ekanligi hamda u xususida kengroq mushohada yurita olishidan darak beradi.
Baxtiyor Nazarovning XX asrning ikkinchi yarmidan hozirgacha bo‘lgan o‘zbek tanqidchilari bosib o‘tgan yo‘lni chuqur tadqiq etgan ilmiy-nazariy izlanishlarining tanqid taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati salmoqlidir. Olimning o‘nlab maqolalari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Olmoniya, Turkiya, Vengriya, Polsha, Bolgariya, Afg‘oniston va boshqa xorijiy mamlakatlardagi majmualarda, jurnallarda, xalqaro anjuman tezislarida chop etilgani ham Baxtiyor Nazarov nomini el-yurt nazaridan ko‘tarib, jahonning yetakchi ilmiy markazlari ahliga tanitdi.
U Slovakiya Fanlar akademiyasi hamda uning mashhur a’zolaridan biri Dyurishin; AQShdagi Indiana universiteti professori Denis Shinar bilan hamkorlikda slovak va ingliz tillarida bu mamlakat olimlari bilan o‘zbek adabiyotshunoslari hamkorligida tadqiqot chop etilishiga bosh-qosh bo‘lgani, har ikki to‘plamda o‘z maqolalari bilan ishtirok etgani uning qiyofasiga yana bir chizgi bo‘la oladi.
Dostları ilə paylaş: |