1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning ilmiy faoliyati qirralari Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim



Yüklə 199 Kb.
səhifə7/8
tarix14.11.2022
ölçüsü199 Kb.
#69082
1   2   3   4   5   6   7   8
BAXTIYOR NAZAROV АDABIY TANQIDCHILIKGA QO\'SHGAN HISSASI

Goh esa quyoshdek porloq va yiroq
Haqqa, haqiqatga tashna o‘tdik biz.

Munaqqid she’r qatiga yashiringan shoir maqsadini yaxshi anglaydi. Xalqni nurga, ziyoga “kommunist” olib chiqishi mumkinligiga ishonganini ta’kidlar ekan, bu shoirga hukmron mafkuraning ta’siri deb biladi va ma’lum ma’noda haq. Lekin shoir har doim ham kommunist obrazini ko‘r-ko‘rona ulug‘lagani yo‘q. Buni 80-yillarda yozilgan “Saflar pokligi deb...” nomli she’rida ko‘ramiz:


Kommunist, oh mening jafokash inim,


Jahoniy g‘am bilan mashg‘ul bir Inson.
Afsus, safingda bor qancha beqo‘nim,
Afsus, safingda bor qanchalar nodon.

Baxtiyor Nazarov A.Oripov ijodini o‘rganishda davom etarkan, uning kamchiliklarini ham ko‘rsata olgan: “Shoir to‘plamida shunday she’rlar borki, ular davr sinovidan o‘ta olmagan. Iymoni Vatan va xalq qayg‘usi bilan hamnafas shoir ham zamondosh ijodkorlar qatori siyosat va mafkuraning qonuniy tazyiqida bo‘ldi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, shoir ham oqimga qo‘shilib talaygina zamonasoz va bag‘ishlov she’rlar yozdi”. “Najot qal’asi” she’ri bu fikrlarimizning yorqin tasdig‘idir. Ash’or mazmunidan anglashiladiki, firqa yolg‘iz najotkor, uning markaziy qo‘mitasi najot qal’asidir. SHe’rda tuzum mafkurasining ta’siri yaqqol sezilib turadi. Lekin shunday yo‘nalishda ayrim maqola va she’rlar yozishga zimdan majbur qilayotganlarni, ilojsiz yo‘l qo‘ygan xatolarini anglab yetdi va keyingi she’rlarida “Sen bizni kechirgin, ey, Navro‘zimiz...” deya e’tirof etib o‘tdi.


Yaxshi bilamizki, san’atkor mahoratini belgilaydigan omillar ko‘p. Sinchkov, nozik didli va zahmatkash tanqidchi Baxtiyor Nazarov ta’kidlaganidek, har bir shoir-yozuvchida u yoki bu omillar samaraliroq tarzda ro‘yobga chiqadi.
Har qanday adabiyotshunos, har bir munaqqid o‘z ijodiy faoliyati davomida she’riyatning sehrli olamiga o‘z nigohini tashlaydi. Bu adabiy turda qalam tebratayotgan ijodkorlarga munosabatlarini bayon etadi. Bahtiyor Nazarovning ham shoirlar ijodi haqida bildirgan mulohazalari e’tiborga molik.
“Rang-baranglik bilan kamol topib borayotgan yosh o‘zbek she’riyatining peshqadam vakillari yozayotgan kitoblar do‘kon rastalarida uzoq turib qolayotgani yo‘q, Usmon Azimovning ham, Xurshid Davronning ham bugun o‘z o‘quvchilari, ixlosmandlari bor,– deydi Baxtiyor Nazarov o‘z maqolalaridan birida,- chindan ham ular yaratgan asarlar, ularning nomi ostida chiqqan kitoblarni zavq bilan o‘qiydigan muxlislari bor. Bu albatta, yosh ijodkor uchun katta baxt, o‘ziga xos intilish evaziga berilgan mukofotdir”.
Munaqqid shoir Xurshid Davron she’riyatini kuzatarkan: “Xurshidning aksar she’rlari ko‘pincha tabiat tasviridan tashkil topuvchi tiniq va bokira obrazlar uyg‘unligi bilan nafas oladi. Pirovardida, she’r finalida, biror ijtimoiy masalani yoritish darajasiga ko‘tariladi. Masalan, uning birgina “Erib ketar xira tumanlar”, deb boshlanuvchi she’ri ham fikrimizni tasdiqlashi mumkin. SHe’r bir qarashda faqat bahor tasviriga bag‘ishlangandek bo‘lib ko‘rinadi. Unda yalpizlar kapalakdek uyg‘onadi, qayrag‘ochning guli oddiy nafis yaproqlargina emas, ular bamisoli mitti jon-u, ularning jarangidan atrlar taraladi. Tushga ham oddiygina yam yashil dalalar emas, maysalarni quchoqlagan adirlar kiradi, gullayotgan olchani ko‘rib, sabr-toqati chidamay derazalar ko‘ksini ochib yuboradi, - deydi tanqidchi o‘ziga xoslik bilan va bizning e’tiborimizni she’rning yakuniga qaratadi:

Yoritgancha to yurak ichin


Sabza o‘tlar shabnamga qonar.
Vataniga sig‘inmoq uchun
Yer ostida jangchi uyg‘onar.

Olimning ta’kidlashicha, Xurshid Davron she’rlarida tabiat tasviri ijtimoiy ma’no bilan yo‘g‘riladi. Shoir bahor kezlarida diyor naqadar go‘zal, Vatanni seving deb nasihat qilib o‘tirmaydi. Shubhasiz, bu hol sinchkov munaqqid nigohidan chetda qolmadi. Shoir tabiatning o‘zgalar ilg‘amagan chiroyini chizadi, bu shunday go‘zallikki, hatto unga sig‘inish uchun yer ostida yotgan jangchilar uyg‘onadi. Bu chindan ham juda go‘zal she’r. Xurshid Davronning bunday she’rlari ko‘p. Eng asosiysi, ular o‘ziga xos tiniq va go‘zal.


“Agar Usmon Azim she’rlari uchun qahramon holati va harakatidagi asabiylik, bezovtalik xarakterli bo‘lib ko‘rinsa, Xurshid Davron she’rlari uchun ko‘proq tiniqlik, mayinlik, samimiylik va dilkashlarcha suhbat vujudidan kelib chiquvchi qalb dardlari va sevinchlarini to‘kib solish xosdir”, -deya mulohaza bildiradi munaqqid. Eng asosiysi, bu samimiy sokinlik Xurshid Davron she’rlarida o‘z tengqur do‘stlari kabi davrning, zamondoshning, xalqning qalbida, fikrida tebranib turgan muhim, murakkab va ziddiyatli fikrlarni ifoda etishga to‘sqinlik qilmaydi.
Xurshid Davron she’rlarida topib aytilgan chiroyli obrazlarga Baxtiyor Nazarov ham topib ta’rif bergani o‘quvchi va mutaxassislarni befarq qoldirmaydi. Jumladan, olimning quyidagi ta’rifi uning nozik didli munaaqid ekanidan darak beradi: “Xurshid she’rlarida topib aytilgan chiroyli obrazlar vujudimizga xuddi quyosh nuriday erkin singishib ketadi, ko‘klam shabadasidek entiktiradi, bolalikning shirin xotiralaridek hayajonga soladi. Uning she’rlarida mehmon bo‘lib kelayotgan shamollar ham oddiy emas, rangsiz va hissiz emas, bu shamollar bag‘riga yalpizlar hidini bosib keladi. Bolalikda kim ilk sevgini, bolalikning murg‘ak sevgisini boshdan o‘tkazmagan deysiz? Kim uni topishga ulgurmasdan turib yo‘qotmagan deysiz? Xurshid Davron bu holatlarning dilbar manzaralarini bera oladi: bolalikda bolishga tomgan ko‘zyoshlar uning she’rlarida isirg‘adek yonib turadi, ilk sevgining o‘zi bamisoli kiprikdek uzun. E’tibor bering kiprikdek kalta emas, kiprikdek uzun. Bu sevgi juda tez o‘tib ketadi, lekin qalbdagi muhri chehradagi uzun kiprikdek go‘zal va abadiydir, ardoqlidir. Xurshid Davron bolalikdagi muhabbatim so‘ldi, nobud bo‘ldi, undan ayrildim, hajr o‘tida yonib adoyi tamom bo‘ldim, deb yozmaydi. Uning she’rlarida umid va ishonch, ertangi hayot go‘zalliklaridan bahra olib yashash ustuvorlik qiladi. Uning she’rlarida maysa, o‘t, nur va ayniqsa, oq rang obrazlarining mo‘l uchrashi, ayrim shoirlar asarlarida bo‘lganidek tun ertangi saharga uyqusizlik azobi natijalarini emas, yangi ochilajak kurtaklarni tashlab ketishini seza olgan Baxtiyor Nazarov bu kabi mulohazalari bilan obrazli poetik mushohada yuritadigan chinakam munaqqidlik mahoratini namoyon eta olgan.
Alfons Dodening bir gapi bor. Bulbuldan so‘rabdilar: Qo‘shiqlaring juda ajoyib-u, lekin buncha qisqa bo‘lmasa? Bulbul javob beribdi: qo‘shiqlarim juda ko‘p. lekin ularni kuylab ulgurishim kerak. Baxtiyor Nazarov Xurshid Davron she’rlarini o‘qiganida xuddi shuni yodga oladi.
Lirika hayotning, hayajonning oniy holatlarini kuylashini bilamiz. Lekin shu oniy holatlar o‘zining muayyan sababi va natijalaridan mahrum bo‘lmagandagina asar o‘zining ta’sir kuchini yo‘qotmaydi. Aks holda asardan kutilgan maqsad o‘zini oqlashi qiyin bo‘lib qoladi. Baxtiyor Nazarovning bu kabi fikrlari yuqorida aytib o‘tilgan Xurshid Davron she’riyatiga berilgan baho edi. Munaqqid shoirning “Jiyda gulin istadim…” she’rini tahlil etadi va shunday yozadi:

Biroq o‘tga ko‘milib,


Yig‘lagim kelsa netay?

Asar davomida mittigina boychechak uning qo‘lidan ushlab, yig‘lama deb yupatgani, dalda bergani haqida gap boradi. Nima uchun qahramon o‘tga ko‘milib yig‘lamoqchi? Biroq she’rdan buning sababini bilolmaymiz. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham badiiy asar buni bizga aytishi kerak edi,- deydi Baxtiyor Nazarov.


Baxtiyor Nazarov qahramon tuyg‘ularining yetarlicha ochilmay qolish holatiga Xurshid Davronning “Dunyoning bezavol tongida…” deb boshlanadigan she’rida ham duch keladi. SHe’rda erta ko‘klam tongida yalpizlar ko‘z ochgani, saraton kelgach, ular g‘oyib bo‘lgani tasvirlanadi. Tabiatning bu dilbar onlari juda tez o‘tib ketganidan shoir astoydil qayg‘uradi. SHe’rdagi asosiy gap shundan iborat. To‘g‘ri, bu fikrga biror bir e’tiroz bildirish o‘rinli emasdir, balki. Chunki har qanday nozik didli, hayajonga tez beriluvchi, tabiatning go‘zalligi bilan entikib yashovchi kishida bunday holning ro‘y berishi tabiiydir. Biroq, tabiatning bu holati tufayli, she’rda tasvirlanganidek, shoir yoki lirik qahramon ko‘zlaridan yoshlar tosh bo‘lib to‘kilishi, bo‘g‘ziga tong tiqilib qolishi va boshqalar, nazarimizda, haqiqiy holat bilan uning talqinidagi meyorning buzilishi, tuyg‘u tasvirining zo‘rma-zo‘raki bo‘rttirilishi sifatidagina baholanishi mumkin. Chunki shoir aytayotgan ruhiy holat inson boshiga haddan tashqari katta dard va tashvish tushgandagina ro‘y berishi mumkin. Yalpiz bo‘y ko‘rsatib, tezgina o‘tib ketganligi uchungina bu holatga tushish odamga juda og‘irlik qiladi. Shuning uchun ham bir qarashda anchagina chiroyli bo‘lib ko‘ringan she’r nihoyasiga yetgach, birmuncha sun’iyroq tuyg‘ular asosiga qurilgandek taassurot qoldiradi.
Xurshid Davronning she’rlari uchun ko‘p so‘zlilik, asosiy fikr va maqsadning yuzini to‘sib qo‘yadigan ortiqcha so‘zlarga o‘rin berish, umuman olganda, yot narsa, deya shoirga yuqori baho bergan tanqidchi so‘zining oxirida ham samimiyligini saqlagan holda shunday munosabat bildiradi: “Shoirning o‘ziga va asarlariga talabchanligi o‘zi bilmagan holda birmuncha susaygan o‘rinda ana shu kamchilik ko‘rinish berib qoladi. Uning “Hozir borsam…” deb boshlanadigan she’ridagi ushbu misralarga e’tibor beraylik:

Hozir borsam topamanmi men uyingni,


Uyning ichra ko‘ramanmi gul yuzingni
Va yuzingda topamanmi dildan suygan
Tunday qora, oyday yorug‘ sho‘x ko‘zingni?

Dastavval hech qanday e’tiroz uyg‘otmaydigandek bo‘lib ko‘ringan bu parchaga chuqurroq e’tibor bersak, yuzingni “uying ichra ko‘ramanmi”, ko‘zingni “yuzingdan topamanmi” degan iboralar, jumlalar, ko‘pso‘zlilik ekanligini sezmaslik mumkin emas. Lekin Xurshid Davron dastlabki she’rlarida ko‘ringan bunday kamchiliklardan tez qutula oldi. Yillar o‘tgan sayin uning she’rlarida ibora va jumlagina emas, hatto har bir so‘zga alohida e’tibor bilan qarash kuchaydi. Murg‘ak go‘dakka nisbatan aytilgan “Mitti oyoqchasi oy kabi oppoq”, beva ayolga nisbat berib ishlatilgan “Beva hovlisiga tun oldin kirar”, terimchi qizlarga nisbatan qo‘llangan “quyosh isi anqib turar chehralaridan” kabi satrlarda ham tiniq kartina yaratish, ham chuqur hayotiy ma’no berishga intilish shoir she’rlarining asosiy xususiyatiga aylana bordi”. Yoshlar she’riyatidagi mavzu biqiqligi, mavzu torligi haqida tanqidchilik aytayotgan tanbehlarda jon bor. Nazarimizda, bu tanbehlar beiz ketmadi. O‘ziga talabchan, jamoatchilik fikriga hurmat bilan qarovchi yoshlar bu fikrlardan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqardilar.


Xurshid Davronning “Koshg‘ariy”, “Devon ul lug‘atit-turk ohanglari”, “Shiroq haqida rivoyat”, “Abdulxay so‘zi”, “Qadimiy bitikni varaqlab bir qur…” singari she’rlari ham Baxtiyor Nazarovning e’tiboridan chetda qolmadi. Xurshid Davron o‘tmish haqida she’r yozar ekan, uning maqsadi moziyni ulug‘lash, kechmishga hamdu-sano o‘qish emas, tarixning bugunimiz bilan bog‘liq yog‘dularini, nurlarini badiiy gavdalantirishdan iboratdir. Shuning uchun ham taniqli olima G.A.Pugachenkovaga bag‘ishlangan “Bu devorlar – bizning yelkamiz…” she’ridagi bitik toshlar uzoq avlodlar qalbidan otilib chiqqan armonli va umidli qo‘shiq parchalari; Samoniy maqbarasi – bobolarning ravshan imoni. Shuning uchun bu obidalarni ko‘z qorachig‘idek asramoq kerak. “Koshg‘ariy” she’rining asosini ham o‘tmish bilan bugunning uzilmas rishtalarini kuylash tashkil etadi. Shoir yaxshi biladi: xalq so‘zi o‘lmas ekan, uning o‘zi ham hech qachon o‘lmaydi. Shuning uchun ham Koshg‘ariy mehnatining ahamiyati shoir talqinicha xalq so‘zlarini, xalq tilini asrab-avaylab qolishidagina emas, umuman, shu til mansub bo‘lgan xalqni ham tarix bag‘rida “zabun” qilmay, qutqarib qolinishidir.
Bu she’rning g‘oyasi Xurshid Davronning “Devonul lug‘atit-turk ohanglari”da yanada davom ettiriladi va rivojlantiriladi. Biroq eng asosiysi, asarning yetakchi ruhi, she’rda aytilganidek, moziyni bugunga ulamoqdan iboratdir. SHe’rni o‘qish davomida munaqqid buni chuqur his eta olgan. Jumladan,
Arko‘zlardan hatlab, soylarni ichib
Yatika shu’lasin bolamdek quchib
O‘tloqlar qo‘ynini ohudek kechib,
Yetaman – eshikni asta chertaman,
Koshg‘ariy chiqadi eshikni ochib.
– Xayr! – demas. – Salom, — der,
– Salom, nabiram!

Bu kabi misralarni Baxtiyor Nazarov shunday izohlaydi: “Bu ma’no ayni vaqtda Koshg‘ariy boboning yosh shoirni, hozirgi zamondoshimizni o‘z bolasidek bag‘riga olishini ham ifodalaydi. Uzoq moziydan turib bu olimning yosh avlodga xayr emas, salom deyishida ham katta ramziy ma’no bor. U bugun bilan tarixning yaxlitligiga, bugunning o‘tmishdan uzilib qolmaganiga ishoradir.


Xurshid Davron she’rlarida faqat mazmun rang-barangligi emas, shakliy rang-baranglikka ham intiladi. Uning she’rlaridagi shakl ko‘pincha mazmun mohiyati va fikr shiddatiga mutanosib ravishda o‘zgarib turadi. Lekin u hayotning odmi, oddiy, kundalik tashvishlarini berishda, shunga monand shakldagi soddalikka intilaman deb ba’zan jo‘n prozaizmga yo‘l qo‘yganini sezmay qoladi. Uning “Oila” degan yaxshigina bir she’ri bor. SHe’rda bir oila boshiga tushgan tashvishlarning, turmush urinishlarining o‘ziga xos lavhalari xuddi hayotning o‘zidek ham soddagina, ham ayni vaqtda, chuqur ichki kolliziyalar zamirida aks ettiriladi. Lekin Baxtiyor Nazarov shaklda keragidan ortiq darajada soddalikka intilish bu she’rning ayrim parchalaridagi ta’sir kuchiga ancha putur yetkazishini ta’kidlab o‘tadi:


Hozirgina daladan qaytdim,
Suv taradim g‘o‘zalarimga.
Mana tong otyapti,
Xotinim dalaga ketgan –
Men uni yaxshi ko‘raman…
Bolalarim uxlab yotibdi,
Keyin ular ham ketar dalaga –
Yolg‘iz Nurjon qolar
Uxlay desam Nurjon qo‘ymaydi.
Bari bir kunduz kun uxlay olmayman –
Tashvishlar yelkamdan ezganidan bu.

Bu parchada ma’lum bir maqsad, mazmun yo‘q emas, albatta. Shoir bir oila timsolida paxtakor mehnatining mashaqqatini, paxtakorning mehnatga fidoyi munosabatini ko‘rsatmoqchi: tun bo‘yi mirob ota dalada, tongda uyga qaytsa, xotini dalaga ketgan, g‘o‘za parvarishining bu dolzarb damlarida er-xotin bir-birining diydoriga ham to‘yolmay qoladi, bunday kezlar hatto bolalarning ham asosiy joyi – dala, faqat ikki yashar Nurjongina dalaga chiqmaydi. Daladan tongda qaytgan ota kunduz ham tinchgina uxlolmaydi: g‘o‘za tashvishiga qorishib ketgan turmush tashvishlari unga uyqu bermaydi.


Ko‘rinib turibdiki, she’rning asosiy maqsadi, muallifning poetik niyati yomon emas. Lekin mana shu niyatning o‘quvchi qalbiga, tafakkuriga “jiz” etib tegishiga, uni to‘lqinlantirib, o‘ziga sherik qilishiga she’rdagi jo‘n shakl va prozaik uslub anchagina to‘sqinlik qiladi.
Ba’zan bir obrazli fikr shoirning bir necha she’rlarida takror ishlatiladigan hollarga ham duch kelamiz. Masalan, “Mezon kechdi…” she’ridagi “Hosil to‘la aravasi loylarga botib” misrasi katta o‘zgarishsiz “Kuzni o‘yla” she’rida “g‘ildiragi loyga botib qolgan arava” tarzida, “Kuzni olib o‘tdi dehqonlar” she’rida esa bu fikr mana bunday tarzida yana takrorlanadi:

Kuzni olib o‘tdi dehqonlar


Aravada olmalar bilan.
To‘lib ketdi cheksiz sayhonlar
G‘ildiraklar g‘irchillashidan.

Bu kamchilik Xurshid Davron she’rlari uchun xarakterli bo‘lmasa ham, bu hodisa uning bitiklarida faqat ahyon-ahyondagina ko‘zga tashlansa ham, bari bir bu juz’iy nuqson muallifning har bir obrazga, har bir misraga alohida diqqat-e’tibor bilan qarashni kuchaytirishi lozimligini ko‘rsatadi”, deydi tanqidchi.


Nekrasovning chiroyli bir gapi bor. “Inson yuragining oddiy so‘zlarga ochilmaydigan shunday darchalari bo‘ladiki, uni faqat she’riyatning sehrli tili bilangina ochish mumkin”. “Biz uy qurganda derazamizni doimo quyosh tomonga joylashtiramiz. Bu–uyda yorug‘lik mo‘l bo‘lishi istagi tufayligina emas. Yog‘du to‘la xonadon quyoshning qadriga, quyoshli kunlarning qadriga ko‘proq yetadi deyishadi. Shunga o‘xshab o‘zini tanigandan boshlab inson yuragining derazalari ham she’riyatga mahtal bo‘ladi. Chunki she’riyat yurakni erta zanglashdan asraydi, umrimizni mazmunliroq, hayotni yanada go‘zalroq qiladi, yashamoq va kurashmoqning sehrli sirlarini o‘rgatadi”. Baxtiyor Nazarovning ta’riflashicha, Xurshid Davron she’rlari ham o‘z o‘quvchilari yuragining derazalarini topa oladi. Bunda esa, albatta, tanqidchi va adabiyotshunoslarning, jumladan, Baxtiyor Nazarovning xizmatlari beqiyos.
Yer yuzida dastlabki ota-onaning birinchi farzandi dunyoga kelishi bilan bolalar adabiyoti ham maydonga kelgani inkor qilib bo‘lmas haqiqatdir1. Chunki bolalar adabiyotining asosiy vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash manfaatlariga qaratilgan. Binobarin, bolalar adabiyoti namunasi yosh avlodni ilm-ma’rifat nuridan bahramand bo‘lishga chorlaydimi, kasb o‘rganishga chaqiradimi, eng yaxshi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladimi, bulardan qat’iy nazar, uning bosh vazifasi farzandlarimizni ma’naviy-axloqiy kamolot ruhida tarbiyalashdir. Demak, uning asosiy o‘ziga xosliklaridan biri nafaqat adabiy-estetik, balki ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi bilan ham belgilanadi.
Bugun “Bolalar adabiyotimiz istiqlol davrida nimalarga erishdi?” degan savolga javob izlar ekanmiz, avvalo, o‘tgan yillar davomida bolalar adabiyoti o‘z tabiiy o‘zanlariga qayta boshlaganini qoniqish bilan e’tirof etish joiz. Birgina misol: mustaqillikning ilk yillaridayoq maktablarimizning yangi dasturlariga “Odobnoma” fani kiritildi. Yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalarimizdan Kaykovusning “Qobusnoma”, Shayx Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Alisher Navoiyning “Hayrat-ul abror”, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarlaridan olingan parchalar mustahkam o‘rin egalladi. Bolalar adabiyoti o‘zining ma’rifiy-tarbiyaviy vazifasini bajarishga kirishdi. Bularning barchasi yosh avlodning ma’naviy komil insonlar sifatida shakllanishi, o‘z kindik qoni to‘kilgan tuprog‘i, ona Vatani, o‘z xalqi, o‘z millatining sodiq farzandi bo‘lib yetishishlarida ulkan ma’rifiy ahamiyat kasb etishi shubhasiz edi. Shuni ham alohida qayd etish kerakki, istiqlol davri yangi o‘zbek adabiyotining maydonga kelishiga 80-yillarning ikkinchi yarmidagi adabiyot ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Zero, ayni shu davrda bolalar adabiyoti tom ma’noda haqiqatga tik boqadigan adabiyotga aylandi. Yosh avlodni erksevarlik tuyg‘ulari ruhida tarbiyalashda ilk qadamlarni qo‘ydi. Ana shu nuqtai nazardan, istiqlol davri bolalar adabiyoti o‘sishda, ulg‘ayishda, o‘zligini tanish yo‘lidagi izlanishda davom etmoqda deyishga tamomila haqlimiz.
So‘nggi yillarda badiiy adabiyotni o‘qish susayib ketgani borasida tez-tez so‘z ketmoqda. Bu borada Baxtiyor Nazarov ham o‘z mulohazalarini kuyinchaklik bilan izhor etadi: Vatan tuyg‘usini majburlab singdirilmagani kabi, mutolaaga ham zo‘rlik bilan o‘rgatib bo‘lmaydi. Xo‘sh, unday bo‘lsa nima qilish kerak? Menimcha, maktablarimizda, kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida adabiyot fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘qituvchilar saviyani oshirish kerak. Chunonchi, muallimlar asar syujetini emas, uning badiiy jozibasi haqida gapirib bersin. Agar bolaga biror asarning jozibasini ko‘rsatib bera olsak, ko‘ngliga cho‘g‘ solib qo‘ysak, aytmasak ham uni, albatta, topib o‘qiydi. Aslida badiiy adabiyotni o‘qish susayib ketgani tabiiy jarayon, buning o‘ziga yarasha ijtimoiy sabablari bor. E’tibor bering, yozma adabiyot mavjud bo‘lmagan davrda folklor birlamchi edi. Yozma adabiyot paydo bo‘lishi bilan xalq og‘zaki ijodi namunalari keyingi planga o‘tdi. Televideniye yuzaga kelganidan keyin insoniyat tafakkurida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. So‘nggi yillarda kommunikatsiya tizimidagi inqiloblar, xususan, internetning paydo bo‘lishi bilan adabiyotga munosabat yana o‘zgardi. Ancha yillar bo‘ldi, xorijiy gazetalardan birida o‘qigandim. Pedagogika fanlari doktori 6-sinfda o‘qiydigan farzandiga bir kitob olib kelib beribdi. Ammo ota bolasiga kunda-kunora uni o‘qishni buyursa-da, aytgani kor qilmabdi. Oradan ma’lum muddat o‘tib qarasa, o‘g‘li muk tushib haligi kitobni o‘qiyotganmish. Ota surishtirib bilsa, o‘g‘lining sinfdoshlaridan biri ayni shu asarni maqtagan ekan. Ko‘rib turganingizdek, pedagogika fanlari doktori bo‘lgan otaning nasihatidan tengqur do‘stning tavsiyasi kuchliroq ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Adabiyot o‘lmaydi, chinakam kitob shinavandalari yo‘qolmaydi. Biz yoshlar badiiy adabiyotdan sovib ketdi, deb nolish o‘rniga, badiiy adabiyotni yoshlarga zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali ham yetkazish haqida o‘ylashimiz foydaliroq”.
Maktablarimizda (kollej va oliy o‘quv yurtlarida ham) yozuvchi-shoirlar ijodini chuqur o‘rganish emas, ko‘p sonli ijodkorlarni o‘qitish tendensiyasi kuzatiladi. O‘rta maktabda ellik nafar, kollejda yigirma nafar, oliy o‘quv yurtida o‘ttiz nafar (bu raqam kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkin) yozuvchi-shoirni o‘qitish shartmikin?! Buning o‘rniga ijodkorlar sanog‘ini kamaytirib, klassiklarimizni chuqurroq o‘rganish to‘g‘ri emasmi?! Qodiriy maktablarda 5-6-sinfdan boshlab o‘qitiladi, menimcha, uni boshlang‘ich sinflar dasturga kiritish kerak. Deylik, birinchi sinfda adib asarlaridan hikmatli gaplar, parchalar o‘qitilsin. Keyingi sinflarda ham bolaning yoshi, dunyoqarashiga mos saboqlar berilsin. Toki farzandlarimiz maktabni bitirgunga qadar Abdulla Qodiriy haqida faqat ma’lumot olib qolmay, ular qalbida adib asarlariga muhabbat uyg‘onsin, deydi olim o‘z fikrlarini izchil bayon etib.
O‘zbek bolalar adabiyotining XX asr 60-70-yillarigacha bo‘lgan davrini keyingi davri bilan qiyoslasak, garchi bu davrlar orasida uzviy bog‘liqlik bo‘lsa-da, keyingisi avvalgisidan jiddiy farqlanishini sezmaslik mumkin emas. Buning talay sabablari bor, albatta. Ana shu sabablarning ayrimlari badiiylikka e’tiborning kuchaygani, bolalar adabiyotiga xos xususiyatlarning ijodkorlar tomonidan chuqurroq egallana boshlangani, ayniqsa, yirik janrlarda asarlar yuzaga kelgani, bolalar adabiy tanqidchiligida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani, yangi avlod ijodkorlarining maydonga kelgani bilan izohlanadi.
Safar Barnoyev 70-80- yillar avlodiga mansub yozuvchi edi. U dastlabki to‘plamlari bilanoq bolalar adabiyotiga yangi havolar olib kirishga intildi, deyarli qirq yillik ijodi bilan bolalar she’riyati, hikoyachiligi, qissachiligi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi1. “Uning jussasi bolaligidayoq mehnatda toblanib tarashlandi. Otasi urushga ketgach, ro‘zg‘orni tebratishda onasiga tayanch bo‘ldi. Qo‘ligul onasi Ro‘zigul xolaning yopgan nonlarini uylari yaqinidagi guzarga eltar, qaytishda, albatta, yo‘l yoqasidagi kitob do‘koniga kirib o‘tardi. Turmush urinishlari, bolaligi haqida gapirganda: men to‘g‘ri ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham non qadrini yaxshi bilaman, derdi Safar aka. Ayniqsa, bolaligimda onam yopgan non isi, mazasi, rangi yuragimga, ko‘zimga muhrlanib qolgan” .
Toshkentda Safar aka bilan universitetda birga o‘qidik. Uning yoshi bizdan birmuncha katta bo‘lishiga qaramay, buni sezdirmaslikka harakat qilar, doim o‘zini teng tutar edi. Paxta terimiga chiqqanimizda, terga botib astoydil mehnat qilar, gulxan atrofidagi she’rxonliklarda kamsuqumlik bilan ishtirok etardi. Ko‘pchilik boshlovchi bolalar shoiri singari uning ham Quddus Muhammadiy “Sandal”ida isinib, “Pechka”sidan taft olgani shundoqqina sezilib turardi”2, – deydi Baxtiyor Nazarov bu ijodkor haqida so‘z yuritar ekan. Chindan ham, ongli hayoti adabiyotning ichida kechgan shoirning oilaviy turmushi ham adabiyot bilan bog‘lanib ketgan edi: mehribon ayoli Malika opa bilan dastlab adabiyot to‘garagida tanishgan edilar. Safar aka yozgan asarlarning ilk o‘quvchilari, tanqidchilari ham Malika opa va farzandlari edi. U oilaga, farzandlariga, do‘stlariga nihoyatda sadoqatli edi. O‘zi kirgan davralarni, suhbatlarni gullatardi. Qalbi orzularidek keng, xayollari jahongir edi.
Davradoshlaridan yoshi kattaroq bo‘lgani uchun hazillashib u kishiga ba’zan Safar ota, deb murojaat etardilar. Bahor kunlaridan birida qaysidir boqqa choyxo‘rlikka kirdik, - deya xotirlaydi o‘sha yillarni Baxtiyor Nazarov.- Safar ota, Rauf, Zohir, No‘mon, Ortiqboy3, men... hali choy buyurib ulgurmagan ham edikki, narigi davrada o‘tirganlar tanish chiqib qolishdi va bizni o‘z yonlariga taklif etishdi. Davra kengaydi, suhbat qizidi. Do‘stlarimiz qatorida yozuvchilarni yaqindan tanimaydigan, lekin ijodga ishqibozlar bor ekan. Biz Safar akaga gap orasida bir-ikki bor “Safar ota”, deb murojaat qilganda boyagi yigitlardan biri dast o‘rnidan turib, “Nazir Safarov, o‘zlari bo‘ladilarmi, kechirasiz ustoz, qorong‘u tushib, biroz tanimabman”, deb qolsa bo‘ladimi. “Hechqisi yo‘q? Hechqisi yo‘q” Nazir Safarov deganlari nechta bo‘ladi, bitta bo‘ladi-da”, deb qo‘ydi Safar aka odatiga ko‘ra o‘ng qo‘lini she’r o‘qiyotgandagidek bir-ikki siltab. Boyagi yigit Nazir Safarovning roman, hikoya, ocherklarini juda sevib o‘qishini to‘lqinlanib gapira ketdi va bot-bot Safar akaga murojaat qilib, “qarang-a, sira siz bilan bir dasturxon atrofida o‘tiraman deb o‘ylamagan edim, omadi yurishgan odam ekanman”, deb qo‘yardi peshonasidagi terni artib, astoydil. Safar aka ham salobat bilan bir-ikki bosh silkib suhbatdoshining fikrlarini ma’qullab qo‘yardi. Bundan ta’sirlangan yigitning himmati bilan dasturxon bir-ikki bor yangilandi. Ana shunday, ba’zan chin, ba’zan hazil tarzda muhlislar e’tiborini qozona olgan, chinakam hurmat va e’tiborga munosib bo‘lgan Safar Barnoyevning butun umri adabiyot bilan bog‘liq holda kechdi.
Nashriyotda, jurnallarda, Yozuvchilar uyushmasida barakali faoliyat olib bordi. Xususan, nashriyotda muharrir bo‘lib ishlaganda ko‘pdan-ko‘p do‘stlari, tanish-notanish shoir, yozuvchilarning kitoblari chiqshiga bosh-qosh bo‘ldi.
Istiqlolning dastlabki yillarida Xalq ta’limi vazirligida xizmat qilib, maorif sohasiga mustaqillik ruhini singdirishda jonbozlik ko‘rsatdi. O‘sha paytda amalga oshirilgan ko‘pdan-ko‘p millatparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan ishlarning maktab hayotiga, o‘quvchilar ongi va qalbiga singishida Safar Barnoyevning hissasi bor.
“Gulxan” jurnaliga Safar Barnoyev muharrirlik qilgan yillar ham izsiz va samarasiz ketmadi. Asar va mualliflarga talab kuchaydi, jurnal rang-baranglashdi, o‘quvchilari doirasi kengaydi, bolalar adabiyotiga yangi nomlar “Gulxan yog‘dulari” orqali kirib keldi.
Baxtiyor Nazarov Safar Barnoyev ijodida o‘zbek bolalar adabiyotining rang-barang muammolari, chunonchi, bolalar taqdirida o‘chmas iz qoldirgan urush dahshatlari aks etganiga alohida e’tibor qaratadi. “Chehralar” to‘plamidagi she’rlar va balladalarning, “Afg‘on hikoyalari” turkumidagi asarlarning asosiy qismi ushbu mavzuni badiiy yoritishga bag‘ishlangan.“Qirq yettinchi yil hikoyalari” deb nomlangan turkumga kirgan asarlarida — butun bir avlodning — urush tugagan pallalarda voyaga yetgan, oq-qorani tushuna boshlagan, ko‘ngli bir umr yarim bo‘lib qolgan bolalar avlodining qiyofasi aks etgan. Bu avlod keyinchalik o‘sib-ulg‘aydi, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘ldi. Ular orasidan olimlar-u shoirlar, kosmanavt-u davlat arboblari yetishib chiqdi. Ota diydoriga to‘ymagan bu avlodning bir vakili sifatida Safar Barnoyev “Ota o‘g‘li”, “Dadamning qo‘llari”, “Dadam haqida qo‘shiq” asarlarida o‘sha davr bolalarining armonlarini tasvirlagani ham munaqqid nazaridan chetda qolmadi.
Adibning ijodi, asarlari o‘z vaqtida e’tirof etildi va ayniqsa, Baxtiyor Nazarov tomonidan munosib baholandi. U G‘afur G‘ulom nomidagi mukofot sohibi bo‘ldi, “Ofarin” mukofotiga musharraf bo‘ldi, she’rlari, hikoyalari o‘ndan ortiq tillarga tarjima qilindi. Xususan, urush haqida yozib, ayniqsa, uning dahshatlarini o‘z boshidan o‘tkazgan rus, ukrain, belorus, chex, polyak kitobxonlarini qoyil qoldirish oson emas. Safar Barnoyevning urush mavzuidagi she’r, hikoyalari ana shu xalqlar kitobxonlariga ma’qul kelib, ularning tillariga tarjima qilinib, chop etilgan ekan, bu o‘zbek adibi mahoratining tan olinganidan dalolatdir.
Baxtiyor Nazarov ana shu jonkuyar ijodkor haqida “Qalbi orzulardek keng edi...” nomli maqolasida juda ham go‘zal fikr va mulohazalarni bildirgan. Avvalo, maqolaning nomiga e’tibor qaratsak, bu qadar oddiy va bejirim nomni qaydan topish mumkin. Ijodkor va jurnalistlar odatda asar yoki maqolani yozishdan ham ko‘ra uni nomlash qiyinroq ekanini ta’kidlaydilar. Baxtiyor Nazarovning kitoblari-yu, maqolarining nomlari, sarlavhalari esa juda e’tibor bilan tanlanganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. (Bu borada ishimizning xulosa qismida alohida to‘xtalib o‘tiladi).
Safar Barnoyevning ijodi faqat ushbu mavzudagi asarlar bilangina cheklanmagan, albatta, hayotda o‘zining mustaqil o‘rnini topishga intilayotgan yoshlar, o‘smirlar dunyosiga xos muammolarni yoritish Safar Barnoyev ijodi uchun begona emas edi. Bunga ishonch hosil qilish uchun uning “Tog‘daman”, “Birinchi tabassum”, “Sog‘inch” singari to‘plamlari, “Sinfdoshlar”, “Kiyik bolasi”, “Danak” kabi hikoyalari hamda “Oq laylaklar” singari qissalariga nazar tashlash kifoya. “Kichik hikoyalardan tashkil topgan “Kichkina Xo‘ja Nasriddin” qissasi XX asr so‘nggidagi o‘zbek bolalar adabiyotining go‘zal namunalaridan biridir. Bu asar o‘z vaqtida o‘n ming nusxada nashr etilib, juda tez tarqalib ketgani, yozuvchining muxlislari ko‘pligini, u bolalarning sevimli adibi darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi”, deydi Baxtiyor Nazarov. Tom ma’noda aytish mumkinki, bu qissasi bilan adib o‘zbek bolalar adabiyotiga kichkina Xo‘ja Nasriddin obrazini olib kirdi. Kichkina Xo‘ja Nasriddinning o‘ziga xos sarguzashtlari tasviri orqali ajoyib bir obraz yaratib, o‘zbek bolalar adabiyotining ko‘rkam binosiga mustahkam g‘isht qo‘yib ketdi.Ana shu g‘shtning binoda qay darajada ahamiyatli ekanini seza olgan tanqidchi esa Baxtiyor Nazarov edi.
Olim Safar Barnoyev asarlarini tadqiq etar ekan, shunchaki tahlil etish bilan cheklanib qolmaydi, ularning har biriga munosib baho berishga urinadi. Adabiyotshunoslar orasida kattalar uchun yozgandan ko‘ra bolalar uchun yozish nechog‘li qiyin ekani tez-tez ta’kidlanadi. Xuddi shu kabi tanqidchilar uchun ham kattalar uchun ijod qiluvchilardan ko‘ra, bolalar adabiyoti vakillari asarlarini tahlil etish, ularga taqriz bitish, to‘g‘ri va munosib baholash murakkab va mas’uliyatli vazifa sanaladi. Ana shunday mas’uliyatni uddalab, Safar Barnoyev ijodiga munosib baho bergan munaqqidning faoliyati ham e’zozga loyiq.
Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, 80-yillarning ikkinchi yarmi o‘ziga xos bir davr, ya’ni ijtimoiy-ma’naviy qarashlar o‘zgarishi, yangilanish davri bo‘ldi. Ma’naviyatimizdagi tub o‘zgarishlar esa ijodkor va tanqidchilar oldiga ham ulkan talablarni qo‘ydi. Bir paytlar madh etilgan, ko‘kka ko‘tarilgan ko‘plab mavzularni hayotning o‘zi siqib chiqardi, ortiqcha narsa sifatida bahridan o‘tdi. Inchunin, bu davrda muayyan darajada tozalanish, uyg‘onish fasli ham boshlandi. “Oshkoralik” yillari millat ziyolilari, butun millatimiz o‘zligini qayta idrok etishiga turtki berdi. Xalqimiz fikr erkinligidan foydalanib, o‘zining ming yillik qadriyatlariga, e’tiqodlariga qaytdi. Ana shu jarayonda yoshlar ijodining ham o‘ziga xos kamtarona o‘rni bor. Yosh kitobxon qalbida istiqlol tuyg‘ularining chechak otishiga, haqiqiy tom ma’nodagi ona Vatan-kindik qoni to‘kilgan muqaddas zaminga mehr-muhabbat, uning betakror tabiati – qir-adirlarini, tog‘-u o‘rmonlarini, bog‘-rog‘larini, daryo va ko‘llarini avaylab-asrashga; O‘zbekiston deb atalmish ana shu muqaddas Vatanga, uning nomini olamga tanitgan buyuk farzandlari-mutafakkir olim-u shoirlari, ulug‘ Turkiston yagonaligi uchun kurashgan sohibqiron tojdorlari sha’niga munosib farzand bo‘lish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Baxtiyor Nazarovning ta’kidlashicha, ushbu hayotbaxsh an’analardan yetishib chiqqan bolalar adabiyoti, avvalo, mavzu jihatdan yangilandi. Unga o‘zbek xarakteri, o‘zbek qiyofasi, hayotga yangicha ko‘z bilan qarayotgan tiyrak farzandlar timsoli kirib keldi.

XULOSA

“Ummon bag‘ridagi javohirlar hisobiga yetib bo‘lmaganidek, iste’dodli shaxslarni ham to‘la anglash amri mahol. Vaqt o‘tishi bilan ularning yangi qirralari kashf etilaveradi”,- degan edi Baxtiyor Nazarov jurnalistlardan biri bilan suhbat asnosida. Yorug‘likning qadri olis-olislarni ham charog‘on etganligi, harorat olib borganligi, oftobning umrini uzaytirganligi bilan fayzli. Akademik Baxtiyor Nazarovning ijodiy niyatlari buloqdek jo‘sh urib qaynab chiqayotganga o‘xshaydi”1.


Munaqqid haqli e’tirof etganiday, “Yozuvchi mahoratini belgilaydigan omillar ko‘p. Har bir yozuvchida u yoki bu omillar samaraliroq tarzda ro‘yobga chiqishi tabiiy.” Xuddi shunga o‘xshab, tanqidchilarning ham mahoratini turli rakurslardan kuzatish, ijodiy-estetik kredosini belgilash mumkin. Har qanday holatda ham, akademik bosib o‘tgan katta va ibratli yo‘lga bir qur nazar tashlash, ibratli xulosalar chiqarishga intilmaslik mumkin emas.
Kuzatishlarimiz adabiyotshunos, munaqqid, nazariyotchi va metodolog olimning hayot va ijod yo‘lini davriy tadrij, taraqqiyotiga xos uzviylik negizida tahlil va tadqiq qilishga asoslandi. Biz olimni shakllantirgan, uning diliga umid, orzu-intilishlariga qanot bergan ustoz-murabbiylar, uning poetik didi suv ichgan tiniq buloqlar, shoshqin irmoqlar, jo‘shqin daryolardan tortib, fikriy-hissiy yuksalishiga turtki bo‘lgan omillargacha qamrab olishga harakat qildik.
Muhimi, inson va shaxs sifatidagi Baxtiyor Nazarov bilan muallim, noshir, olim, jamoat arbobi Baxtiyor Nazarovni yaxlitlikda o‘rganish, bu fazilatlarning biri ikkinchisini to‘ldirib, mustahkamlab turishini ilg‘ashga intildik. Uning insoniy go‘zal qiyofasi, olimona sinchkov, nozik didli va chin ma’noda o‘z kasbiga sadoqatli adabiyotshunos va munaqqid, yurtsevar, mehribon hamda bag‘rikeng murabbiy sifatidagi ijodiy-estetik qiyofasini jonlantirishga urindik.
Eng katta e’tibor akademik Baxtiyor Nazarovning ilmiy-ijodiy izlanishlarida mustaqillik yillarida kuzatilgan yangilanishlar, davr intilishlariga hamohanglik, hozirjavoblik, kuyinchaklikka qaratildi. Zotan, mustaqillik davriga kelib, O‘zbekiston tarixi, shuningdek, uning XX asrda bosib o‘tgan yo‘li, shuningdek adabiyot tarixlari ham xolis ilmiy nuqtai nazar asosida qaytadan yozildi. O‘zbek xalqining haqqoniy tarixi yaratildi. Shubhasiz, Baxtiyor Nazarov ham ana shunday mas’uliyatni o‘z ijodiy yo‘sini, iqtidor va salohiyati, ustozlari bilan yaqin hamkorligi negizida amalga oshirishga kamarbasta bo‘lgan olim, fan tashkilotchilaridan biridir. Olimning ko‘p yillik tinimsiz mehnatlari munosib qadr topdi. Birinchi navbatda H.Yoqubov, I.Sulton, M.Qo‘shjonov, S.Mamajonov, O.Sharafiddinov kabi ustozlar e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. U qatag‘onlik davri qurbonlari ijodini o‘rganishga intildi. Oybek, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, Zulfiya, Mirtemir shaxsiyati va ijodiy meroslarini ardoqladi, Shuningdek, Shukrullo, E.Vohidov, A.Oripov, Sh.Xolmirzayev, R.Parfi, O‘.Hoshimov, X.Davron, Muhammad Ali, S.Barnoyev, M.Yusuf va boshqa o‘nlab ijodkorlarga hamdam, hamnafas bo‘ldi.
Oliy ta’lim muassasalarini darsliklarning yangi avlodi bilan ta’minlash ishlariga astoydil bosh qo‘shdi. Til va adabiyot instituti misolida kuzatilganida ham, B.Nazarov yurtimizda adabiyotshunoslik va tilshunoslik ilmi rivojiga bosh-qosh, o‘nlab fidoyi olimlarga yelkadosh bo‘ldi. Olim zamonaviy va mumtoz adabiyotimiz hamda sharqu g‘arb adabiyotlari muammolarini o‘zbek adabiyotining bugungi dolzarb nazariy masalalari, milliy mentalitetimizning “hazm” qilish darajasi bilan mustahkam aloqadorlikda o‘rgandi. O‘zbek tili va adabiyoti, milliy tariximiz va madaniyatimizning, qadriyatlarimizning mintaqalar hamda qit’alar osha keng targ‘ib qilinishiga sezilarli ulush qo‘shdi.



Yüklə 199 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin