71. Embrional kurtaklar, to’qimalar va o’q a’zolarning hosil bo’lishi. Embrional taraqqiyotning 17-kunlarida homila o’q organlarining shakllanish davri boshlanadi. Ektodermadan nerv plastinkasi ajrala borib, avval ikki tomoni yostiqchasimon, qalinlashgan nerv tarnovchasiga aylanadi. Bo’lg’usi ganglioz plastinkani hosil qiluvchi hujayralar tutgan yostiqchalar bir-biriga yaqinlashishi va nerv tarnovchasining ektodermasiga botib kirishi tufayli nerv nayi hosil bo’ladi va ektodermadan ajraladi. Yuqori qismi yana ektoderma bilan o’rab olinadi. Ektoderma ostiga ko’chgan nerv yostiqchalari nerv nayining ikki yonidagi ganglioz plastinkalarga aylanadi. Odamda xordal o’simta ham provizor organ bo’lib, qayta so’rilishga uchraydi va uning o’rniga mezenxima o’sib kiradi. Tananing kranial qismida prexordal plastinkaning kurtagi paydo bo’lsa, nerv plastinkasining yuzasida bo’ylama egatning paydo bo’lishi nerv to’qimasi takomilining boshlanishidan darak beradi. Mezoderma homilaning butun tanasi bo’ylab yagona plast-shaklida joylashadi. Homilaning provizor organlardan ajralish davrida ichak nayi, ya’ni ichak entodermasi hosil bo’la boshlaydi. Bu jarayon rivojlanishning 20-kunida yaqqol ko’rinadi. Tana buklamasi dastlab homilaning ikki uchidan boshlanadi. Buklama chuqurlasha borib, bo’lg’usi ichak entodermasini sariqlik qopchasi entodermasidan ajratadi. CHuqurlashish natijasida buklama homila tanasiga botib kiradi. Uning qirralari yaqinlashadi, birikadi va shu tariqa nay hosil bo’ladi. Buklamaning nayga aylanish jarayoni homilaning oldingi va orqa qismlaridan boshlanib, medial qismga tarqaladi. Lekin homila o’rtasida nay hosil bo’lishi to’liq yuz bermaydi, u erda nay bo’shlig’ini sariqlik qopchasi bo’shlig’i bilan hosil bo’lgan teshik tutashtirib turadi. Homiladorlikning 2-oyida bolani hamma organlari rivojlanishi uchun asos vujudga keladi va umumiy tarzda bosh, tana, qo’l va oyoqlar shakllanadi.
72. Neyrulyatsiya, homila varaqalari gistogenezi va differentsirovkasi. Embrion taraqqiyotining to’rtinchi xaftasida neyrulyatsiya jarayoni sodir bo’ladi. Uning natijasida MNS va PNSning hujayralari hosil bo’ladi. Ektodermadan nerv nayi hosil bo’lishi uning ostida yotgan homilaning o’q a’zosi bo’lmish notoxord signali ta’sirida ro’y beradi. Ektodermaning o’rta-dorzal qismida epitelial nerv plastinkasi shakllanadi. Nerv plastinkasi ikki chetlari buralib bir-biri tomon o’sishi natijasida nerv tarnovchasi shakllanadi. Nerv tarnovcha chekkalari o’zaro tutashib nerv nayini hosil qiladi. Nerv nayi hosil bo’lishdan oldin tarnovcha chetlaridan mezenxima hujayralari to’dasi ajralib chiqib ektoderma va nerv nayi orasiga joylashadi. Shu tariqa nerv qirrasi shakllanadi. Nerv nayini qoplab turgan ektodermadan esa terining epidermis qavati rivojlanadi. Nerv naychaning kranial qismidan bosh, kaudal qismidan esa orqa miya hosil bo’ladi. Nerv naychasi va epidermis orasida joylashgan nerv qirrasi hujayralari darhol lateral tomonga ko’cha boshlaydi. So’ngra ulardan sezuvchi nerv gangliylari va PNSsining boshqa barcha hujayralari hosil bo’ladi.