2-bob. Tovar-moddiy zaxiralarni tan olish 8.Tovar-moddiy zaxiralar aktivsifatida tan olinadi, agar:
tashkilotga aktiv bilan bog‘liq kelgusidagi iqtisodiy naf kelishiga ishonch mavjud bo‘lsa;
aktiv qiymatini ishonchli baholash mumkin bo‘lsa;
ularga bo‘lgan mulk huquqi o‘tsa.
9. Tovar-moddiy zaxiralarga bo‘lgan mulk huquqi, ular bilan bog‘liq tavakkalchilik va mukofotlarning o‘tish payti mahsulot yetkazib berish (oldi-sotdi) shartlari kelishiladigan mahsulot yetkazib berish (oldi-sotdi) shartnomasi asosida belgilanadi.
10. Mulk huquqi tashkilotga tegishli bo‘lmagan, biroq shartnoma shartlariga muvofiq uning ixtiyorida bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar balansdan tashqari schetlarda shartnomada nazarda tutilgan baho bo‘yicha aks ettiriladi.
11. Tovar-moddiy zaxiralar tashkilotning buxgalteriya balansiga quyidagilar natijasida kiritilishi lozim:
Mahsulot yetkazib berish (oldi-sotdi) shartnomasi bo‘yicha xarid qilish;
Ta’sischilardan tashkilotning ustav kapitaliga ulush sifatida kelib tushishi;
Ta’sischilar tarkibidan chiqishda yoki tugatilayotgan tashkilotning mol-mulki uning ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanayotganda tashkilotning ilgari boshqa tashkilotning ustav kapitaliga kiritilgan ta’sis Ulushi qaytarilishidan kelib tushishi;
Bepul kelib tushish (hadya shartnomasi bo‘yicha);
Ayirboshlash;
Uzoq muddatli aktivlar tarkibidan o‘tkazish;
Ortiqcha (hisobga olinmagan) tovar-moddiy zaxiralarni aniqlash;
Ilgari berilgan tovar qarzining qaytarilishi yoki tovar qarzini olish;
Tashkilotning o‘zida tayyorlanishi;
Hisobot davri oxirida tugallanmagan ishlab chiqarish sifatida hisobga olinadigan ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish;
Tovar-moddiy zaxiralarga bo‘lgan mulk huquqi olinishiga olib keladigan boshqa operatsiyalar va hodisalar.
12. Tovar-moddiy zaxiralarni baholash quyidagi ikkita qiymatlardan eng pasti bo‘yicha amalga oshiriladi:
Balans tuzilayotgan sanadagi tannarx (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi);
Balans tuzilayotgan sanadagi realizatsiya qilishning sof qiymati.
13. Buxgalteriya hisobida tovar-moddiy zaxiralarning tegishli tarzda tan olingan tannarxi qonunchilik hujjatlari va mazkur Standart bilan belgilangan hollardan boshqa holatlarda o‘zgartirilmaydi.