3. Bozor iqtisodiyotida moliyaning mohiyati va vazifalari Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri pul bo‘lib, u odamlarni harakatga keltiruvchi asosiy omil sifatida xizmat qiladi. Pul aslida o‘zi ham tovar bo‘lib, odamlarni mehnat qilishga, bilim olishga, o‘z malakasini muttasil oshira borishga, tadbirkorlik va biznes bilan shug‘ullanishga va hokazolarga undaydi.
4 (1-rasm)
Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul o‘ta muhim iqtisodiy vosita sifatida namoyon bo'ladi. U tufayli ishlab chiqarishning takrorlanishi amalga oshadi, iqtisodiy o'sishga erishiladi. Pul shaklidagi mablag'lar bozorda boshqa resurslarga aylanadi, tovarlar sotilib, yana pulga aylantiriladi. Pul mablag'larini hosil qilish, ulami jamlash, taqsimlash va ishlatish jarayonida yuzaga keluvchi iqtisodiy munosabatlarni moliyaviy munosabatlar deb yuritiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida barcha iqtisodiy jarayonlarning amalga oshirilishi pul mablag‘larining harakatlanishi bilan bog‘lanib ketgan. Shuning uchun moliyaviy munosabatlar jamiyat iqtisodiy hayotida markaziy o'rinni egallaydi. Har qanday ijtimoiy faoliyat pul mablag‘larini talab qiladi. Ishlab chiqarish qayerda bo'lmasin, baribir, moliyani yuzaga keltiradi. Mahsulotlar va xizmatlar faqat taqsimlangandan so‘ng iste’mol etilishi mumkin. Ular qiymat shaklida taqsimlanganda, dastlab turli maqsadlarga mo'ljallangan pul resurslari hosil bo‘ladi, ular tovarlarga ayirboshlanib, shundan keyin iste'mol qondiriladi. Masalan, qiymat shaklidagi mahsulot taqsimlanganda, uni yaratish uchun sarflangan mehnat qurollari qiymatini ifodalovchi qismi amortizatsiya fondi shakliga kiradi. Bu o‘z navbatida moliyaviy resursga aylanadi, yig'ilib boradi, unga yangi mashina va mexanizmlar sotib olinib, eskirganlari orniga tiklanadi. Ma’lumki, umumjamiyat ehtiyojlari davlat yo‘li bilan qondiriladi. Bular jumlasiga atrof-muhitni himoya qilish, mudofaa, milliy xavfsizlik, ijtimoiy tartibni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va boshqalar kiradi. Mazkur ehtiyojlarning qondirilishi davlatning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq. Ammo bundan moliyaning zarurligi davlatning mavjudligidan kelib chiqadi, moliyaviy munosabatlarni faqat davlat yaratadi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Davlat moliyani yaratuvchi emas, balki moliya munosabatlarining ishtirokchisidir.
Moliyaviy resurslarni tashkil etishda va ishlatishda ishtirok etuvchilar moliyaviy munosabatlarning subyektlari hisoblanadi. Bular jumlasiga davlat idoralari, korxonalar, firmalar, tashkilotlar, turli muassasalar, oilalar va ayrim shaxslar kiradi. Ular moliyaviy munosabatlarda umumdavlat ehtiyojlari hamda korxona va firmalami rivojlantirish ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishtirok etadilar. Moliyaviy munosabatlarning obyekti esa pul mablag‘laridan iboratdir.
Jamiyat taraqqiyotida moliyaviy munosabatlarning o‘rni beqiyosdir, zero, ularni inson organizmini doimiy ravishda qon bilan ta'minlab turuvchi qon-tomir tizimiga o‘xshatish mumkin. Iqtisodiyotni rivojlantirishda moliyaviy munosabatlaming roli ular tomonidan bajariladigan quyidagi funksiyalar (vazifalar) orqali namoyon bo‘ladi.