1. Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar]



Yüklə 73,99 Kb.
səhifə2/3
tarix27.05.2022
ölçüsü73,99 Kb.
#59824
1   2   3
140 23.02.2018

KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb ataladi) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy prinsiplari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, oila, mahalla, ta’lim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, o‘zaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi.
2. Mazkur Konsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga oid yaxlit ta’lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas qismi sifatida qaralib, O‘zbekiston Respublikasini 2017 — 2021-yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari asosida milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, bugungi O‘zbekiston hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
3. Ona-Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga ilk bolalik davridan boshlab singdirib borish orqali O‘zbekistonning haqiqiy vatanparvar fuqarolarini tarbiyalash Konsepsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
4. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — bu millati, tili va kasbidan qat’i nazar, yoshlarda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, ularni o‘z fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini bajarishga, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir shaxslar etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan davlat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarining ko‘p bosqichli, tizimli, maqsadli va muvofiqlashtirilgan faoliyatidir.
2-bob. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning maqsadi yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador bo‘lgan davlat xizmati turlarida faollik ko‘rsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli bo‘lish, ularda o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iborat.
6. Quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish;
qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish;
milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash;
yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy-texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalash;
O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo‘lish — bu bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish.
3-bob. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi va uning asosiy prinsiplari
7. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi uzluksiz jarayon bo‘lib, u bir-biriga bog‘liq siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasidan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Qurolli Kuchlarning umumharbiy nizomlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari muntazam ravishda tizimli va ilmiy asosda tashkil etiladi.
10. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi quyidagilardan iborat:
ta’lim-tarbiya jarayonida ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatga molik qadriyatlarni, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari;
ommaviy va harbiy-vatanparvarlik ishlarini amalga oshiradigan davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek boshqa tashkilotlar.
11. Quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
ilmiylik;
tarixiylik;
aniqlik va tezkorlik;
muntazamlilik;
faollik;
ta’lim va tarbiya ishlarining uyg‘unligi;
tarbiya jarayonining izchilligi;
harbiy-vatanparvarlik tarbiyasida erishilgan ijobiy natija va yutuqlarga tayanish.
4-bob. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning usul va shakllari
12. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash usullari yoshlarda zarur hayotiy bilim, ko‘nikma, mahorat va mustahkam irodani, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan, ularning ongi, ruhiyati va faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan omillardan iborat.
Quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning usullari hisoblanadi:
ishontirish;
mashq qildirish va mustaqil ishlash;
kuzatish;
rag‘batlantirish;
o‘rnak ko‘rsatish va shaxsiy namuna.
13. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash turli shakllarda, jumladan, ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob kechalari, kitobxonlik, o‘yinlar, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tarzida va boshqa shakllarda tashkil etiladi. Ular ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rang-barangligini ta’minlaydi, pirovard natijada jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bunda quyidagi shakllar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi:
ma’ruza o‘qish, savol-javob kechalari, yakka va jamoaviy suhbatlar;
boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchi va faxriylar, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida, turli musobaqa va tanlovlarda g‘olib bo‘lishgan shaxslar bilan uchrashuvlar;
ilmiy-nazariy va amaliy konferensiyalar, seminar-treninglar, muayyan mavzuga bag‘ishlangan kechalar, bahs-munozaralar, viktorinalar, davra suhbatlari;
to‘plangan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish;
jamoatchilik fikri va harbiy jamoalardagi ma’naviy-ruhiy muhitni o‘rganish;
teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar, film va multfilmlar, badiiy va musiqiy asarlar, askar qo‘shiqlari, ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar va elektron o‘yinlar va boshqa texnik vositalardan foydalanish;
urush va mehnat faxriylari, jangovar harakatlar ishtirokchilari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etish;
harbiy xizmatga chaqiriluvchilar kuni, mardlik saboqlarini o‘tkazish va ekskursiyalar uyushtirish.
5-bob. Harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning bosqichlari va yo‘nalishlari
14. Davlat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini tashkil etish, uning natijalari monitoringini yuritishni ta’minlaydigan asosiy institut hisoblanadi. Davlat yosh avlodning tarbiya jarayonini oilada, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarida, harbiy xizmat davomida, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, turli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari doirasida tashkil etadi.
15. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari quyidagi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) birinchi bosqich (3 — 7 yoshdagilar) atrofdagi olam, Vatan haqida dastlabki tasavvurlar paydo bo‘ladigan bosqich hisoblanib, unda oila va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga turli she’rlar, kuy va qo‘shiqlar o‘rgatish, multfilm va turli o‘yinlar namoyish etish, rasmlar chizish orqali dunyoni anglash, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) bilan tanishish asosida ularda ona-yurtga muhabbatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichda quyidagilarga asosiy e’tibor qaratiladi:
(15-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 320-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/320/0482-son)
harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida dastlabki tasavvurlarni shakllantirish maqsadida ertak va hikoyalar aytib berish;
ona-Vatanga muhabbat, Vatan himoyasi muqaddas burch ekani bilan bog‘liq mavzulardagi she’r va qo‘shiqlarni yod oldirish;
bolalarning tasavvurini kengaytirishga doir rasmlar chizdirish va jismoniy qobiliyatini mustahkamlash uchun turli musobaqa va tanlovlar tashkil etish, shu orqali ularni ma’naviy rag‘batlantirish;
harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi multfilmlar namoyish etish va turli o‘yinlar o‘tkazish;
harbiy muzeylar va harbiy-vatanparvarlik mavzusi bilan bog‘liq madaniyat va istirohat bog‘lariga ekskursiyalar uyushtirish;
b) ikkinchi bosqichda (7 — 16 yoshdagilar) o‘quvchilarning Vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, ona-yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak mas’uliyat bilan bajarish, ularda Qurolli Kuchlarimizga bo‘lgan ijobiy fikrlarni yanada kengaytirish, harbiy xizmat nufuzini ko‘tarish, yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirish kabi ezgu ishlarga da’vat etiladi. Bu bosqichda:
zamonamiz qahramonlari haqidagi maqolalar, badiiy adabiyotlarni mutolaa qilish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, mavzuli kechalar va qo‘shiq tanlovlari tashkil etish, spektakllardan lavhalar namoyish qilish;
o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Vatanimni ko‘z qorachig‘idek asrayman”, “Yurt taqdiri — mening taqdirim” mavzularida insholar tanlovini tashkil etish;
sog‘lomlashtirish oromgohlarida “Temurbekning izdoshlari”, “O‘zbekiston farzandlari botir bo‘lur” kabi mavzularda sport musobaqalari va tadbirlar tashkil etish;
harbiy-vatanparvarlik mavzusida badiiy va hujjatli filmlar, multfilmlar namoyish etish va ularning muhokamasini o‘tkazish;
darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarga buyuk sarkardalarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni kiritish, ularning jasorati, fidoyiligi va qahramonliklari to‘g‘risida yorqin misollar asosida hikoya qilib berish;
Temurbeklar maktablari, oliy harbiy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning maxsus guruhlari va harbiy qismlarga ekskursiyalar tashkil etish;
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular erishgan yutuq va natijalarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Temurbek vorislari” harbiy-sport o‘yinlarini bosqichma-bosqich tashkil etishga alohida ahamiyat berish;
v) uchinchi bosqich (16 — 18 yoshdagilar) yoshlarda Vatanga va uning himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan tayyorlikni ta’minlashga yo‘naltiriladi. Mazkur bosqichda yuqoridagi vazifalarga qo‘shimcha ravishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratiladi:
yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, harbiy xizmatga nisbatan ularning mustaqil fikri va ijobiy qarashlarini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirib borish;
o‘quvchi yoshlarning nazariy va amaliy bilim va ko‘nikmalarini boyitish maqsadida mudofaa ishlari bo‘limlari va harbiy qismlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli sermazmun va qiziqarli tadbirlar tashkil etish;
milliy armiyamiz uchun jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmatning ahamiyati, Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berib borish;
g) to‘rtinchi bosqich (18 — 30 yoshdagilar) yoshlarning jismoniy va ma’naviy qobiliyati, yetakchilik ko‘nikmalari va intellektual salohiyati, umumiy va professional malakasini oshirish, ularni o‘z ustida muntazam ishlash, sog‘lom hayot kechirishga undash va shunga erishishni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish talab etiladi:
yosh avlodni har tomonlama yetuk, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak, ota-ona va Vataniga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashning ahamiyati to‘g‘risidagi tasavvur va bilimlarni yanada boyitish;
Oldingi tahrirga qarang.
Vatan himoyasiga doimo tayyor bo‘lish va Qurolli Kuchlar safida xizmat burchini o‘tayotgan yoshlar bilan faxrlanish, konstitutsion burch va Vatanga qasamyodga sodiqlik tuyg‘ularini shakllantirish;
(15-bandning “g” kichik bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
harbiy xizmat sharoitlariga moslashish va harbiy ixtisosliklarni puxta egallash, har qanday qiyinchilikka tayyor turish, matonat va jasorat fazilatlarini mustahkamlash, qurol-aslaha, harbiy texnika, davlat va harbiy mulkni asrab-avaylash ko‘nikmalarini rivojlantirish;
jangovar tayyorgarlik va harbiy mahoratni muntazam oshirib borish, harbiy jamoada qaror topgan o‘zaro yordam va do‘stona munosabatlarni qadrlash kabi fazilatlarni shakllantirish;
yoshlarning o‘z tanlagan kasbini puxta egallashi va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun yaqindan ko‘maklashish;
kitobxonlikni keng targ‘ib etish, jamiyatda yuksak ma’naviyatni qaror toptirishda badiiy asarlarning roli va ahamiyatini yoshlar ongiga singdirish;
milliy mafkuramizga zid bo‘lgan yot g‘oyalarga qarshi tanqidiy qarash va mafkuraviy immunitetni, o‘ziga ishonch, hushyorlik va ogohlik tuyg‘ularini mustahkamlash;
yoshlarda faol hayotiy pozitsiya va o‘zining mustaqil fikr-mulohazalarini aniq bayon eta olish, mas’uliyatni his etish, qat’iy tartib va intizomga rioya qilish fazilatlarini shakllantirish, ularni qat’iyatli bo‘lishga o‘rgatish.
6-bob. Harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligi va mezonlari
16. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samaradorligi ushbu jarayonning barkamol avlod tarbiyasiga, yoshlarning vatanparvarlik darajasiga qay darajada ijobiy ta’sir etgani bilan belgilanadi.
17. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasidagi samaradorlik darajasini aniqlashning muhim sharti yoshlarda vatanparvarlik, harbiy burch, jangovar an’analarga sodiqlik kabi xislatlarning real holatda yanada rivojlanishi va takomillashuviga ijobiy ta’sir etadigan omillarni muntazam ravishda hisobga olib, tahlil etib borishdan iborat.
18. Harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim mezonlaridan biri o‘sib kelayotgan yosh avlod oldiga jamiyat tomonidan qo‘yilgan talablar bu borada olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ma’no-mazmuni, shakl va usullari bilan qay darajada mutanosib ekani bilan belgilanadi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
19. Mazkur Konsepsiya yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, Vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
20. Konsepsiyaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, milliy armiyamiz saflarini zamonaviy bilim va professional malakaga, mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi 140-son qaroriga
2-ILOVA
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha
ChORA-TADBIRLAR DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.


Yüklə 73,99 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin