4-rasm. Biogeotsenozning tuzilmali-funktsional sxemasi EKOTIZIMDA MAHSULDORLIK Jamoaning hayot faoliyati natijasida organik moddalar toʻplanadi va sarf boʻlib turadi. Demak, har bir ekotizim maʼlum darajada mahsuldorlikka ega.
Ekotizimning asosiy yoki birlamchi mahsuldorligi yashil oʻsimliklar tomonidan fotosintez jarayoni natijasida vaqt birligida toʻplangan mahsulot hisoblanadi. Masalan, fotosintez natijasida oʻrmondagi oʻsimliklar 1 ga maydonda 5 t organik modda hosil qilsa, bu umumiy yoki yalpi birlamchi mahsuldorlik deb qaraladi. Ammo oʻsimlikning hayoti uchun ham hosil boʻlgan moddalar sarf boʻladi.
Ekotizimda toʻplangan barcha mahsulot (nafas olishga sarf boʻlgandan tashqari) jamoaning haqiqiy birlamchi mahsuldorligini tashkil etadi. Haqiqiy birlamchi mahsuldorlikni hosil qiluvchi organik moddalar geterotrof organizmlar uchun oʻzlashtirilishi mumkin. Konsumentlar ham haqiqiy birlamchi mahsulot hisobiga organik modda toʻplaydi. Ular hosil qilgan mahsuldorlik ikkilamchi hisoblanadi.