Mashg'ulotning samaraliligi tarbiyachining tayyorgarlik darajasiga bog'liqdir. Tarbiyachi mashg'ulot mavzusini va ahamiyatini belgilab, mavzu bo'yicha tabiatshunoslik bilimlarini to'ldirishi, so'ng mashg'ulot vazifalarini dastur asosida ishlab chiqishi lozim.
Bunda tarbiyachi «Uchinchi ming yillikning bolasi» dastur vazifalariga, bolaning qobiliyat darajasiga hamda tevarak atrofdagi tabiiy muhitga tayanadi. Mazkur mashg'ulot mazmunini tanlashda uning ish tizimidagi o'rni (mashg'ulotda boshlang'ich bilimlarni shakllantirish jarayoni sodir bo'lyaptimi, yoki ular boyitilib bir tizimga solinyaptimi, bilimlarni qo'llash mashq qilinyaptimi va shu kabilar) ni aniqlash lozim. Bu o'rinda tarbiyachi darsning maqsadi va mazmuniga qarab turli metodlarni qo'llaydi.
Tarbiyachi qanaqa metod va uslublar tanlamasin ulardan kompleks, bir –birini to'ldirgan holda foydalanishi, bu asosiy maqsad-o'rganilayotgan tabiat jismlari va hodisalarning bolalar tomonidan qabul qilib olinishini yaxshilashga hamda tabiat haqidagi tushunchalarning to'g'ri shakllanishiga xizmat qilishi kerak.
Mashg'ulotda hal etiladigan tarbiyaviy vazifalar tabiatga ijobiy, ehtiyotkorona, g'amxo'rona, estetik munosabatlarni shakllantirishga yo'llanadi. Mashg'ulotga tayyorlanish hamda uni o'tkazishda uning tuzilishini to'g'ri aniqlash muhimdir. Metodni tanlash ta'limiy vazifalar xarakteri, tabiiy obyektning xususiyatlari hamda bolalarning yoshiga bog'liqdir. Masalan, yovvoyi hayvonlar haqidagi bilimni shakllantirishni yaxshisi diafilm, kinofilmlar ko'rsatish orqali, tabiat burchagidagi hayvonlar va o'simliklar bilan tanishishni esa ularni bevosita kuzatish orqali amalga oshirgan ma'qul. Kichik yoshdagi bolalar mashg'ulotlarida kuzatish, o'yin metodlaridan foydalaniladi. Og'zaki metoddan, asosan, maktabgacha katta yoshdagi bolalar bilan o'tkaziladigan mashg'ulotlarda foydalaniladi.
Tanlangan metod dastur vazifasining to'liq bajarilishini va bolalarning faol aqliy faoliyatini ta'minlashi lozim.
Mashg'ulotlarda qo'llaniladigan o'qitish metodlarining xilma xilligi tarbiyachidan puxta sharoit yaratishni talab qiladi: hayvonlar, xona o'simliklari, rasmlarni ko'rish uchun bolalar yarim doira qilib o'tqaziladi. Bu bolalarning mashg'ulotda faol ishtirok etishlariga imkon beradi. Agar mashg'ulotda tarqatma materiallardan foydalanilsa, ya'ni har bir bolaning qo'lida kuzatish obyekt bo'lsa, bolalarning o'z stollari atrofida o'tirganlari ma'qul. Ba'zan guruh xonasida mehnat malakalarini tarbiyalashga bag'ishlangan mashg'ulotlar o'tkaziladi. Bunday holatda bolalarni to'rtburchak shaklida joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Shunda bolalar tarbiyachi ko'rsatadigan ish usullarini yaxshiroq ko'rishga ega bo'ladilar.
Tarbiyachi mashg'ulot o'tkazishdan oldin bir qancha ko'rgazmali qurollar, ya`ni jonli va jonsiz tabiat jismlari (gerbariylar yil fasllari, tabiat manzaralari tasvirlangan kalendarlar, toshlar foydali hasharotlar, o'simliklar va ularning qismlari, mayda hayvon va boshqalar) ni tayyorlab qo'yadi. Chunki ko'rgazmali qurol bolalarga o'rganilayotgan narsani bir necha sezgi a'zolari bilan qabul qilib olish imkoniyatini beradi, ya'ni ular narsani ko'ribgina qolmasdan, uning xususiyatini (masalan, tirnab ko'rish, bolg'acha bilan urib ko'rish orqali narsaning mo'rtligini, egish bilan qayishqoqligini, egiluvchanligini va hokazo) sinaydilar.
Mashg'ulot so'ngida tarbiyachi bolalarning malaka va ko'nikmalarini, ularning mashg'ulotga munosabatlarini, qiziqishlarini pedagogic jihatdan baholaydi. Baholarning differensiyalashuv bolalarning yoshiga bog'liq bo'ladi.
Ma'lumki, tabiat bilan tanishtirish jarayonida tarbiyachi xilma-xil: og'zaki, ko'rgazmali va amaliy metodlarni qo'llaydi. U o'simlik va hayvonlarni, ularning yashash sharoitlarini namoyish qiladi. Bu narsalarni oddiy mashg'ulotlarda ko'rsatib bo'lmaydi. Shuning uchun tabiat bilan tanishtirish metodikasida mashg'ulotlarni to'ldiruvchi maxsus shakllar qo'llaniladi.
Ekskursiya bolalarni tabiat bilan tanishtiruvchi mashg'ulotlar turidan biridir. U tabiat bilan tanishtirish metodlarining ko'rgazmali metodiga kiradi. Ekskursiya vaqtida bola tabiat hodisalarining mavsumiy o'zgarishlarini tabiiy sharoitda kuzatishi, tabiatning insonning hayot va talablariga muvofiq o'zgarayotganini hamda atrofimizdagi jonli va jonsiz tabiatda yuz berayotgan hodisa va jarayonlar to'g'risida bilimlar to'plashga imkon beradi.
Ekskursiya mashg'ulotlarining afzalligi yana shundaki, unda bolalar o'simlik va hayvonlarni ular yashaydigan muhitda ko'rish, hamda tabiatda mavjud bo'lgan o'zaro aloqalar haqida dastlabki dunyoqarash, tasavvurlarini, olamni materialistic tushunishni shakllantirish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Tarbiyachi rahbarligida o'rmon, dala, daryo va ko'l qirg'oqlariga uyushtirilgan ekskursiya bolalarning diqqatini jalb qiladi, tabiat burchagida olib boriladigan keyingi kuzatishlarga xilma-xil material to'plashga sharoit yaratadi. Ekskursiyalarda bolalarda kuzatuvchanlik, tabiatni o'rganishga qiziqish o'sadi. Ular narsalarni sinchiklab kuzatish va uning xarakterli xususiyatlarini qayd qilishga odatlanadilar.
Tabiatning go'zalligi bolalarda estetik hissiyotlarning o'sishiga yordam beradi. Shu asosda ona tabiatga muhabbat, unga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish shakllanadi.
Ekskursiyalar mazmuniga ko'ra shartli tarzda ikki turga bo'linadi: tabiatga uyushtiriladigan ekskursiya-bog', o'rmon, daryo, o'tloq, shuningdek, hayvonotbog'i, botanika bog'iga (bular turli mavsumda o'tkaziladi) ekskursiyalar hamda qishloq xo'jalik ekskursiyasi-dala, parrandachilik fabrikasi, bog', ekinzor va shu kabilarga kattalarning mehnati bilan tanishish maqsadida uyushtiriladigan ekskursiyalar.
Ekskursiya mashg'ulot turi sifatida o'rta, katta hamda tayyorlov guruhlarida o'tkaziladi.
Har bir ekskursiya uchun barcha bolalar egallashlari shart bo'lgan dastur mazmuni belgilanadi.