Qishloq xo‘jalik ekskursiyasi. Qishloq xo‘jalik ekskursiyalari xilma-xildir: dala (yer haydash, ekish, hosil to‘plash), o‘tloq (mol boqish, hashak o‘rish) bog‘, ekinzor, mevazor, ferma, botanika bog‘i, issiqxona, parrandachilik fermasi va shu kabi ekskursiyalardir. Ekskursiya insonning tabiatga ta’sirini, ya’ni o‘simliklarni o‘stirishni va hayvonlarni boqishni ko‘rgazmali tarzda ko‘rsatish imkonini beradi. Bu yerda bolalar asosiy mehnat jarayonlarining bir nechtasi bilan tanishadilar.Ekskursiyalarning o‘ziga xosligi shundaki, bola inson faoliyatini ham, u ta’sir etayotgan tabiatni ham kuzatishi mumkin.Qishloq xo‘jalik obyektiga uyushtiriladigan ekskursiya suhbat bilan boshlanadi. Qishloq xo‘jalik ekskursiyalariga tayyorlanishda tarbiyachi kuzatish obyekti bilan oldin o‘zi tanishadi, ekskursiya o‘tkazish uchun ruxsat oladi, ekskursiya vaqti, bolalarning mehnatda qatnashishlari haqida kelishib oladi va bolalarning ma’lum ishda band bo‘lgan kattalar bilan bo‘ladigan suhbatining mazmunini belgilaydi. Ekskursiya yakunida mazkur obyekt ishi haqidagi taassurotlar umumlashtiriladi.
Ekskursiya bolalarni tabiat bilan tanishtiruvchi mashg‘ulotlar turidan biridir. U tabiat bilan tanishtirish metodlarining ko‘rgazmali metodiga kiradi. Ekskursiya vaqtida bola tabiat hodisalarining mavsumiy o‘zgarishlarini tabiiy sharoitda kuzatishi, tabiatning insonning hayot va talablariga muvofiq o‘zgarayotganini hamda atrofimizdagi jonli va jonsiz tabiatda yuz berayotgan hodisa va jarayonlar to‘g‘risida bilimlar to‘plashga imkon beradi. Ekskursiya mashg‘ulotlarining afzalligi yana shundaki, unda bolalar o‘simlik va hayvonlarni ular yashaydigan muhitda ko‘rish hamda tabiatda mavjud bo‘lgan o‘zaro aloqalar haqida dastlabki dunyoqarash, tasavvurlarini, olamni materialistik tushunishni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar Ekskursiyada olingan bilimlar mashg‘ulotlarda, o‘yinlarda, tabiat burchagida o‘tkaziladigan kuzatishlarda kengaytiriladi va mustahkamlanadi. Ekskursiya yakunida to‘plangan materiallarni tabiat burchagiga joylashtirish (masalan, o‘simliklarni vazalarga, gultuvaklarga solish, jonivorlarni akvarium, terrarium, sadaklarga joylashtirish), o‘simlik va hayvonlarni kuzatuv ostiga olish zarur. Ekskursiyadan 2-3 kun o‘tgach, tarqatma material, rasm solish, loy va plastilindan narsalar yasaladi, tabiiy materiallardan foydalanib didaktik o‘yinlar, mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Badiiy adabiyotlar o‘qiladi, bolalarning ekskursiyadan olgan taassurotlari haqidagi hikoyalari tinglanadi.Mashg‘ulot yakunida umumlashtiruvchi suhbat o‘tkaziladi.Tabiatshunoslik ekskursiyalari ma’lum tizimga muvofiq o‘tkaziladi. Ularni tabiatda bo‘ladigan mavsumiy o‘zgarishlarga qarab ayni bir obyektning o‘ziga yilning turli fasllarida uyushtirish maqsadga muvofiqdir. Masalan, bahor mavsumida maktabgacha katta yoshdagi bolalar bilan vazifalarni asta-sekin murakkablashtirgan holda istirohat bog‘iga 3 marta ekskursiya uyushtirish lozim.Bu ekskursiyadan maqsad - bolalarni bahorgi o‘zgarishlar bilan tanishtirish, ularni ko‘rish hamda tabiatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning sababini tushunish ko‘nikmalarini o‘stirishdir. Qishloq xo‘jaligi ekskursiyalarini kattalar mehnatining ayrim turlari bilan tanishtirish maqsadida epizodik tarzda o‘tkazish lozim. Ekskursiyani uyushtirish guruhdagi mashg‘ulotni uyushtirishga qaraganda qiyinroqdir, shuning uchun uning muvaffaqiyatli o‘tishi tarbiyachi va bolalarning puxta tayyorlanishlariga bog‘liq bo‘ladi