35- Buxgalteriya hisobining shakllari Korxona va tashkilotlarda hisob ishlarini to‘g‘ri tashkil qilishda hisob shakllarini to‘g‘ri tanlash alohida ahamiyatlidir. Hisob shakllari tuzilishiga qarab qo‘lda to‘ldiriladigan va texnika vositalaridan foydalanib tashkil qilinadigan shakllarga bo‘linadi. Buxgalteriya hisobi shakllaridan foydalanishda korxonaning ishlab chiqarish holati, uning katta-kichikligi alohida o‘rganilib, hisobning ixcham, sodda shaklini tanlash maqsadga muvofiqdir. Buxgalteriya hisobi shakllarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarishning rivojlanishi, hisob ishlarining soddalashtirilgan va texnika vositalariga moslashgan shakllarini ishlab chiqarishdan iboratdir. Italiyalik matematik olim Luka Pacholi tomonidan 1494- yilda chop etilgan „ Schotlar va yozuvlar to‘g‘risidagi traktat“ kitobining yaratilishini buxgalteriya hisobi schotlari va ikki yoqlama yozuv asosida buxgalteriya hisobini yuritishning boshlanish davri deb atash mumkin. Тarixiy taraqqiyotning rivojlanishi, ishlab chiqarish va savdoning o‘sib borishi o‘z navbatida buxgalteriya hisobi rivojining yangi shakllarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq qilishga olib keldi. Buxgalteriya hisobining shakllanish davridan boshlab hozirgi davrgacha uning shakllari yangi, ijobiy o‘zgarishlarga uchradi. Buxgalteriya hisobining shakllanish davrida mulk egasi o‘z mulkining to‘liqligini ta’minlash hamda olingan daromadini aniqlash maqsadida hisobni o‘zi yuritgan bo‘lsa, ishlab chiqarishning rivoji uchun alohida hisobchi shaxsni talab qila boshladi. O‘sha davrlarda hisob registrlari kishilardan iborat bo‘lib, mulkdor tomonidan yozib borilgan, unda schotlar mulk nomi bilan atalgan. Misol uchun, «Un» schoti, «shakar» schoti, «Ivanov» schoti va boshqalar. Ishlab chiqarishning rivojlanishi o‘z navbatida xo‘jalik operatsiyalarining ko‘payishiga, ularni umumlashtirish hamda umumlashtirilgan xo‘jalik operatsiyalarining mas’uliyatlarini jurnallarda aks ettirish imkonini berdi. XIX asrning oxiri — XX asrning boshlarida ishlab chiqarishni yiriklashtirish bilan savdoni rivojlantirishga erishildi, bu jarayonda hisob ishlarida yaratilgan kitoblar o‘z o‘rnini registrlar bilan almashtirishni taqozo qila boshladi. Hozirda xalq xo‘jaligi tarmoqlarida buxgalteriya hisobining asosan memorial-order, jurnal-order shakllari keng qo‘llanilmoqda. Hisobning qaysi shaklidan qanday tartibda foydalanish, birinchidan, tashkilotning tuzilishi, xo‘jalik faoliyati va mavjud hisob registrlari bilan bevosita bog‘liqdir. Buxgalteriya hisobining rivojlanishi va shakllarini takomillashtirish bevosita ularning xo‘jalik faoliyatidan, boshqarishning yaxshilanishida hisobni rivojlantirish, ilg‘or usullarni ishlab chiqish, uni xalq xo‘jaligi tarmoqlarida tezroq joriy qilishga bo‘lgan talabdan kelib chiqadi. Birinchi bor 1925—30- yillarda sobiq Ittifoqda buxgalteriya hisobining kartochka-order shakli ishlab chiqildi va korxona, tashkilotlarda keng ishlatildi. «Bundan keyin korxonalarda 1927- yilda birinchi bor qo‘llanilgan buxgalteriya hisobining shakli» kartochka-kopiroval «shakl»dir (kopir-uchot). Hisobning memorial-order shakli, asosan, bir turli xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olishda ishlatiladi. Bu formada yozuvlar sintetik hisoblar bo‘yicha maxsus kitoblarda, analitik hisob ko‘rsatmalar esa maxsus kartochkalarda olib boriladi, ya’ni memorial-order shaklida kitob-kartochka registrlari birgalikda yuritiladi. Amalga oshiriladigan bir turli xo‘jalik operatsiyalari guruhlash vedomostlarida umumlashtiriladi va ularga taalluqli hujjatlar biriktirilib qo‘yiladi. Buxgalteriya hisobining memorial-order shaklida hujjatlarni rasmiylashtirish qayta ishlash tartibi hamda sintetik va analitik registrlarga yozishlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi. Memorial-orderlarning hamma xo‘jalik operatsiyalariga boshlang‘ich asosida yoki guruhlangan va jamlangan vedomostlarga muvofiq provodkalar beriladi. Buxgalteriya hisob shakllarida korxona va muassasalarida amalga oshirilgan har xil xo‘jalik operatsiyalari o‘z vaqtida izchillik bilan hisob registrlarida ma’lum belgilangan tartibda olib borilishi ta’minlanadi. 1928—1930- yillarda buxgalteriya hisobining memorial-order shakli yuzaga keldi. Bu shaklning mohiyati shundaki, unda dastlabki hujjatlar asosida memorialorderlar tuzilib, ularda xo‘jalik operatsiyalarining korrespondensiyalanuvchi schotlar ko‘rsatiladi.