39- Buxgalteriya hisobi shakllari Korxona va tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatidan kutilayotgan asosiy maqsad, sifatli mahsulot ishlab chiqarish, uni sotish, raqobatbardoshlik hisoblanadi. Sifatli mahsulot ishlab chiqarish, bu o‘z mahsulotining xaridorgirligini ta’minlash, baho, xarajatlarni tanlashda namoyon bo‘ladi. Buxgalteriya hisoboti yordamida yuqoridagi fazilatlar mahsulot tannarxi degan tushunchada o‘z ifodasini topadi. Mahsulotni sotish jarayoni qanchalik tezlashib borsa, korxonaning moliyaviy holati yaxshilanib, tegishli mablag‘larga bo‘lgan talabi ham xarajatlar hisobiga amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisoboti shakllarida korxonaning moliyaviy holati, moddiy-texnika bazasi, mehnat unumdorligi o‘z ifodasini topadi. Buxgalteriya hisobotiga ilova qilinadigan shakllar, asosan, korxona mablag‘larining joylanishi va ularning tashkil, topish manbalari bo‘yicha joylanishini ko‘rsatadi. Hisobot shakllari yordamida, birinchidan, balans moddalarining o‘zaro bog‘liqligi ta’minlansa, ikkinchidan, korxona faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar o‘rganiladi. Korxona, tashkilotlar mablag‘larining joylashishi, holati xo‘jalik faoliyatlari davomida o‘zgarib boradi. Bu o‘zgarishlarni ma’lum sanalarda tuzilgan korxonaning buxgalteriya balanslarida qurish va unga qarab korxona iqtisodiy qudratiga baho berish mumkin. Buxgalteriya balansi ikki tomondan iborat bo‘lib, uning chap tomoni aktiv, o‘ng tomoni esa passiv deb ataladi. Buxgalteriya balansida keyingi yillarda bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi, bu o‘zgarishlar buxgalteriya hisobi va hisobotining xalqaro standartlar asosida qayta qurilganligidandir O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1997-yil 15-yanvardagi 5-sonli buyrug‘iga asosan, tasdiqlangan buxgalteriya balansi aktiv va passiv tomonlari bo‘yicha ikki bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, har bir bo‘lim tegishli moddalarni o‘z ichiga oladi. Buxgalteriya balansi aktiv va passiv tomonlarida ko‘rsatilgan bo‘limlar:
1. Uzoq muddatli aktivlar.
2. Oborot aktivlari.
Balans summasi
1. Uzoq mablag‘larning manbalari.
2. Majburiyatlar.
Balans summasi. Buxgalteriya balansi aktiv va passiv tomonlarining har bir bo‘limi turlicha mablag‘ va manbalarni o‘z ichiga oladi va pul o‘lchov birligida ko‘rsatiladi. Misol uchun: buxgalteriya balansi aktiv tomonining birinchi bo‘limidagi moddalarni ko‘rib chiqaylik. Birinchi bo‘limda asosiy vositalar (boshlang‘ich qiymatda), asosiy vositalarning eskirishi va ularning qoldiq qiymati, nomoddiy aktiv, kapital qo‘yilmalar, sho‘ba korxonalariga berilgan qarzlar, uzoq muddatli investitsiyalar va boshqa aktivlar o‘z ifodasini topgan. Buxgalteriya balansini tuzish uchun asosiy ma’lumotlar bevosita schotlardan olinadi. Hisobot davrining oxirida har bir schotning oxirgi, ya’ni hisobot davri bo‘yicha qoldig‘i aniqlanadi va shu qoldiq buxgalteriya balansining tegishli moddalarida o‘z ifodasini topadi. Fikrimizning dalili sifatida quyidagi misolni ko‘rib chiqamiz va balans moddalarida aks ettirishni isbotlaymiz. 1. Hisobot davrining boshiga „ Asosiy vositalar“ schotining qoldig‘i 1.01.20...yil holatiga — 150000 so‘m. 2. Asosiy vositalarning eskirishi schotning 1.01.20... yil qoldig‘i 40000 — so‘m. 3. Yanvar oyida 30000 so‘mlik asosiy vosita dalolatnomaga asosan qabul qilindi.