2-§. Matematika o`qitish metodikasining boshqa fanlar bilan aloqasi.
Matematika o`qitish metodikasi pedagogika institutida o`rganiladigan boshqa predmetlar bilan uzviy aloqalarga ega.
1. Eng avvalo shuni ta'kidlash kerakki, o`zining bazaviy fani bo`lmish-matematika fani bilan uzviy ravishda bog`langan. Maktab matematika kursining mazmunini tanlashga matematika fanining rivojlanish darajasi har doim ta'sir ko`rsatib keladi: u yoki bu davrda matematikaning qanday g`oyalari yetakchi bo`lishiga qarab material mazmuni tanlanadi va kiritiladigan tushunchalarning talqini beriladi. Masalani XVIII asrda matematikada natural son deyilganda birlar tizimi tushunilardi, boshlang`ich arifmetika o`qitishda birinchi o`nlik sonlarining har birini birlardan tuzishga doir mashqlarga katta ahamiyat berilgan.
Hozirgi zamon matematikasi natural son tushunchasini asoslashda tizimlar nazariyasiga tayanadi. Chekli to`plamlar elementlari orasida o`zaro bir qiymatli moslik o`rnatish o`zaro ekvivalent to`plamlar sinflarini ajratish imkonini beradi, shu bilan birga bu sinflarning har birini xarakterlovchi umumiy narsa - natural sonlarni ajratish imkonini beradi. Natural son mohiyatini bunday tushunish, o`qitish amaliyotiga narsalarning taqqoslanayotgan tizimlari elementlari orasida o`zaro bir qiymatli moslik o`rnatishga doir mashqlarni kiritishga olib keladi.
1 sinf uchun mo`ljallangan hozirgi zamon matematika darsligining dastlabki sahifalarida bu o`quvchilar uchun berilgan bunday topshiriqlarga duch kelamiz: «Rasmda nechta yuk mashinasi bo`lsa, bir qatorda shuncha kattakni o`ra, rasmda nechta avtobus bo’lsa, ikkinchi qatorda shuncha katakni o’rab chiq..». Bunday topshiriqlarni bajarish bolalarni ko`rsatilgan to`plamlar elementlari orasida o`zaro bir qiymatli moslik o`rnatishga undaydi, bu esa natural son tushunchasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
2. Matematika o`qitish metodikasi umumiy matematika metodikasi bilan bog`liq. Umumiy matematika metodikasi tomonidan belgilangan qonuniyatlar kichik yoshdagi o`quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda qo`llaniladi.
3. Boshlang’ich sinf matematika o`qitish metodikasi pedagogika fani bilan uzviy bog`liq bo`lib, uning orasidagi qonuniyatlariga tayanadi. Matematika o`qitish metodikasi bilan Pedagogika orasida ikki tomonlama bog`lanish mavjud. Bir tomondan matematika metodikasi pedagogikaning umumiy nazariyasiga tayanadi va shu asosida shakllanadi, bu hol matematika o`qitish masalalarini hal qilishda metodik yaqinlashishning bir butunligini ta'minlaydi.
Ikkinchi tomondan, pedagogika umumiy qonuniyatlarini shakllantirishda xususiy metodikalar tomonidan erishilgan ma'lumotlarga tayanadi, bu uning hayotiyligi va konkretiligini ta'minlaydi.
Demak, pedagogika metodikalarning konkreti materialidan «oziqlanadi», undan pedagogik umumlashtirishlarda foydalaniladi va o`z navbatida u metodikalarni ishlab chiqishda yo`llanma bo`lib xizmat qiladi.
4. Matematika metodikasi pedagogika psixologiya va yosh psixologiyasi bilan bog`liq. Tarbiya va ta'limning ko`pgina masalalarini hal qilishda o`qituvchi bu bilimlardan foydalanishi kerak. Yosh psixologiyasi ta'lim ta'sirida kishi ma'naviy qiyofasining shakllanish qonuniyatlarini, turli yoshdagi bolalarning psixologik xususiyatlarini, shuningdek bolalarning bilimlarni o`zlashtirishlarining psixologik qonuniyatlarini, ularning mustaqilliklari va ijodlarining rivojlanishini, o`quvchilar shaxsining kamol topish qonuniyatlarini o`rganadi. Bu esa o`quv – tarbiya ishini tashkil etishda katta ahamiyatga ega.
5. Bundan tashqari, boshlang`ich matematika metodikasi ta'limning boshqa metodikalari (ona tili, tabiatshunoslik, mehnat, rasm..) bilan ko`p tomonlama umumiyliklarga ega. Predmetlararo bog`lanishni to`g`ri amalga oshirish uchun o`qituvchi buni hisobga olishi juda muhimdir.
Boshlang`ich ta'limning turli o`quv predmetlariga oid darsalarda o`quvchilar tevarak atrofdagi voqea va hodisalar, ularning xossalariga oid aniq tasavvurlar oladilar.
Matematikaning farqlantiruvchi xususiyati shundan iboratki, matematika ob’ektiv borliqni o`rganish bilan bir vaqtda o`rganilayotgan voqea va predmetlarning aniq mazmunidan, moddiy dunyoning eng umumiy tomonlariga tegishli bo`lmagan, uning miqdoriy tomonlariga hamda fazoviy shakl va munosabatlariga tegishli bo`lmagan hamma narsaga nisbatan abstraktsiyalanadi. Matematikaning buyuk kuchi shundadir, ya'ni tushunchalarning abstraktligi va umumiyligidadir, boshqa o`quv fanlari bilan bir tomonlama ko`plab bog`lanishlar, munosabatlar o`rnatish imkoniyatlari ana shundadir.
Bunday bog`lanishlarni o`rnatishda umumiy faktlarni, ya'ni son haqidagi, arifmetik amallar, geometrik figuralar, miqdorlar, shakllar haqidagi tasavvurlar va elementar tushunchalar: har xil malaka va ko`nikmalar; faoliyat turlari; o`qitishning forma va metodlarini asos qilib olish mumkin.
Matematika metodikasi tarixan ilg`or o`qituvchilarning tajribalarini umumlashtirish natijasida shakllanadi. Matematika o`qitishning yangi metodlari ilmiy tadqiqotlarning natijasidir.
Dostları ilə paylaş: |