Analiz bilish usullaridan biri sifatida o‘rganilayotgan hodisani (butunni ) aqliy jihatdan tarkibiy qismlarga ajratishning ko‘p bosqichli jarayoniga asoslangan
Analiz bilish usullaridan biri sifatida o‘rganilayotgan hodisani (butunni ) aqliy jihatdan tarkibiy qismlarga ajratishning ko‘p bosqichli jarayoniga asoslangan. Tarkibiy qismlarning har biri alohida o‘rganiladi. Masalan, mahsulot tannarxini uni tashkil etuvchi elementlar (xomashyo, materiallar, energiya, ish haqi va shu kabilar) bo‘yicha analiz qilish. O‘z navbatida sintez - bilishning shunday usuli, uning yordamida tarkibiy qismlarni bir butunga birlashtirish mumkin. Masalan, mahsulot tannarxi barcha elementlar summasi sifatida aniqlanadi. Demak, aslida olganda analiz va sintez- bu bir jarayonning ikki tarafi hisoblanadi, shuning uchun ular iqtisodiyot fanida birgalikda qo‘llaniladi. Analiz va sintez usuli yordamida iqtisodiy jarayonlar va hodisalar o‘rtasida sabab-oqibat aloqalari o‘rnatiladi va ularning qonuniyatlari ochib beriladi.
Induksiya usuli yakka dalillarni o‘rganishdan umumiy takliflar va xulosalarga o‘tishni ta’minlaydigan xususiydan umumiylikkacha bo‘lgan natijalarga asoslanadi. Induktiv usul birinchi faktlarni tahlil etish va undan so‘ng unga asoslanib gipotezani ilgari surishni nazarda tutadi. Masalan, 2019 yilda oziq-ovqat sanoatining rivojlanishini aks ettiruvchi materiallar va ko‘rsatkichlar tahlil etilib, umumlashtiriladi, so‘ngra ushbu tarmoq tahlil qilingan davrda samarali rivojlanganligi to‘g‘risida faraz ilgari suriladi.
O‘z navbatida deduksiya usuli aksincha umumiy xulosalardan xususiylarga o‘tishga imkon beruvchi umumiylikdan xususiylikkacha bo‘lgan natijalarga asoslanadi. Deduktiv usul gipotezani (farazni) ilgari surish, keyin uni faktlar bilan asoslashni nazarda tutadi. Bu yerda avval 2019 yilda oziq- ovqat sanoati samarali rivojlangan degan faraz ilgari surilib, keyin esa u tahlil natijasida asoslab beriladi.
Iqtisodiyot fanida bilish usullari sirasida tarixiy va mantiqiy usul alohida o‘rin tutadi. Ushbu usullar analiz va sintez, induksiya va deduksiya kabi usullar kabi birgalikda qo‘llanadi va bir biriga qarama-qarshi qo‘yilmaydi. Tarixiy usul iqtisodiy hodisalar va jarayonlarni, iqtisodiy g‘oyalar va konsepsiyalarni ular paydo bo‘lgan, rivojlangan va almashgan ketma- ketlikda o‘rganishga imkon beradi.Tarixiy usul mantiqiy usul bilan chambarchas bog‘liq. Mantiqiy usul yordamida iqtisodiy hodisalar va jarayonlarning o‘zaro bog‘lanishi, ularning umumiyligi va farqlari, kelib chiqish sabablari va oqibatlari aniqlab olinadi.Mantiqiy va tarixiy usullarning birligi prinsipi shundaki, iqtisodiy hodisalarni nazariy tahlil qilish ushbu hodisalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishining haqiqiy tarixiy jarayonini aks ettirishi kerak. Nazariya tarixga, amaliyotga mos kelishi kerak, ularning mohiyatini tasodifiy, hodisa va faktlarsiz ochib berish uchun albatta.