Iqtisodiy resurslar bu tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladiga omillardir. Bu iqtisodiy resurslarga berilgan umumiy ta’rifdir. Resurslar bu odamlarning ehtiyojlarini qondirish uchun mavjud bo‘lgan moddiy va nomoddiy imkoniyatlardir.
Resurslarni turkumlashda turli yondashuvlar mavjud. Iqtisodiy fanda mumtoz maktab namoyondalari resurslar mehnat, yer, kapitaldan iborat deb hisoblaganlar. Marjinlistik nazariya resurslar tarkibiga yer, mehnat, kapital va tadbirkorlik qobiliyatini kiritadi. Postindustrial jamiyat iqtisodiyot nazariyasida resurslar tarkibiga qo‘shimcha ravishda axborot va ekologik omillar kiritilgan.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan yer tushunchasiga ishlab chiqarish jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan tabiiy resurslar, ya’ni ekiladigan yerlar, o‘rmonlar, meneral va foydali qazilmalar, suv resurslari kiradi. Mehnat predmeti (ashyosi) - bu mehnat jarayonida inson ta’sir qiladigan tabiatning mahsuli. Inson ta’sir etgan, ammo keyinchalik qayta ishlashga mo‘ljallangan mehnat predmeti xomashyo deb ataladi.Masalan, kondagi ruda qatlami(mehnat predmeti), kondan ruda qazib olindi (xomashyo) va metall ishlab chiqarishda foydalanildi. Har qanday mehnat predmeti ham xomashyo emas, garchi har qanday xomashyo mehnat predmetidir. (masalan, shaxtadagi ko‘mir qatlami mehnat predmeti hisoblanadi, ammo xomashyo emas, chunki unga inson ta’sir etmagan, ya’ni qazib olmagan.) Inson mehnat qurollari yordamida mehnat ashyosiga ta’sir etib, o‘ziga zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Masalan, metalldan (mehnat ashyosi), stanok (mehnat quroli) yordamida detal ishlab chiqariladi. Mehnat ashyolari va mehnat qurollari birgalikda ishlab chiqarish vositalarini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish vositalari barcha moddiy resurslarni o‘z ichiga olgan umumlashtirilgan atamadir.
Insonlar tomonidan yaratilgan foyda keltiradigan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan ishlab chiqarish vositalari va pul jamg‘armalariga kapital deyiladi. Kapital - bu ishchi kuchi tomonidan mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan barcha narsalar, xususan mashinalar, uskunalar, asboblar, binolar va shu kabilar, ya’ni inson tomonidan yaratilgan ishlab chiqarish vositalaridir. Ishlab chiqarish vositalari mehnat predmetlarini (xomashyo) mahsulot ishlab chiqarish jarayonida o‘zgartirish uchun ishlatiladi. Jismoniy shakldagi ishlab chiqarish vositalari real kapital deb ataladi. Real kapital iqtisodiy resurs, ishlab chiqarish omilidir. Pul kapitali – bu faqatgina real kapitalni sotib olish uchun zarur bo‘lgan pul miqdori.
Ishlab chiqarish jarayonida qo‘llaniladigan insonlarning jismoniy aqliy qobiliyatini ko‘rsatish uchun mehnat tushunchasi qo‘llaniladi. Mehnat- bu inson tomonidan o‘zining jismoniy, aqliy va ma’naviy energiyasini sarflash jarayonidir. Insonlarni mehnat qila olish qobiliyati esa ish kuchi deyiladi.Mehnat - bu inson resurslari, ya’ni jamiyatda mavjud bo‘lgan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan ishchi kuchi. Ishchi kuchi (mehnat) ishlab chiqarish omili sifatida odamlarning mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ma’lum malaka, bilimlar, ko‘nikmalar va tajribaga ega bo‘lishlarini nazarda tutadi. Ishchi kuchi har qanday iqtisodiy tizimning asosiy rusursi hisoblanadi. "Mehnat" atamasi tor ma’noda ishchi kuchi ma’nosida qo‘llaniladi. Keng ma’noda esa mehnat insonlarni o‘ziga zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ongli, maqsadga muvofiq harakati yoki ishchi kuchidan foydalanish jarayonini anglatadi.