Iste’molchining tanlovi - iste’molchining ma’lum tovar yoki xizmatlarni sotib olish to‘g‘risidagi qarori yoki uni iste’mol qilish usuli. Iste’molchilar tanlovi nazariyasi me‘yoriy (marjinal) naflilik nazariyasiga asoslanadi. G‘arb iqtisodchilarining fikriga ko‘ra iste’molchilarning iste’mol bozoridagi xatti-harakatlari ular uchun u yoki bu mahsulot (xizmat) ning nafliligiga bog‘liq.
Iste’molchilarning xatti harakati - bu turli xil tovar va xizmatlarga bo‘lgan iste’mol talabini shakllantirish jarayoni. Yalpi talabni alohida xaridorlarning xatti-harakatlari shakllantiradi, tovar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmini va bozorlarda ularning taklifini belgilaydi.
Iste’molchilarning afzalliklari, ularning daromadlari (byudjetlari) va tovarlar (xizmatlar) narxlari iste’molchilarning xatti-harakatlarini belgilovchi omillardir.
Iste’molchilarning afzal ko‘rishi - bu iste’molchi tomonidan iste’mol tovarlari va xizmatlarining ma’lum assortimentini ularning nafliligi bo‘yicha taqqoslash asosida baholash jarayoni. Bunda har bir iste’molchi bozorda oqilona xatti-harakat qiladi deb hisoblanadi. Bu har bir iste’molchi individual afzalliklari shkalasiga (o‘lchoviga) ega ekanligini anglatadi. Iste’molchi unga rioya qilish bilan, shuningdek, o‘zining cheklangan daromadlarini (byudjetini) hisobga olgan holda, maksimal darajada qoniqish darajasiga (naflilik) erishishga intiladi. Iste’molchilarning afzal ko‘rishi-alohida iste’molchilarning aniq ne’matlarni tanlashiga ta’sir etuvchi omillardan biridir.
Iste’molchi xarid qilish maqsadida ne’matlarni tanlashda mavjud imkoniyatlari doirasida eng ko‘p naflilikga erishishdan kelib chiqadi. O‘z navbatida naflilik inson ehtiyojlarini qondirish mezoni hisoblanadi.
Xaridor sotib oladigan ne’matlarni tanlashda afzal ko‘rishdan foydalanadi, biroq ularni iste’molni qondirishda xaridor byudjeti miqdori bilan cheklangan bo‘ladi. Bunday sharoitda xaridor nima qiladi, qaysi tanlov unga maksimal naflilikni ta’minlab beradi?
Quyidagi aksiomalar iste’molchi tanlovi nazariyasining zaminlari bo‘lib hisoblanadi.