Naflilikning ordinalistik (tartibli) nazariyasi mezoni iste’molchining ne’matga nisbatan o‘zlarining afzal ko‘rishlarini (xohishlarini) tartibga solishlarini nazarda tutadi. Iste’molchi qoniqish darajasiga qarab tovarlar to‘plamini tanlashni tizimlashtiradi. Masalan, tovarlarning 1- to‘plami unga eng katta qoniqish baxsh etadi, 2 - to‘plam - kamroq qoniqish, 3 - to‘plam - undan ham kam qoniqish va h.k. Binobarin, bunday tizimlashtirish iste’molchilarning tovarlar to‘plamiga (majmuasiga) nisbatan afzal ko‘rishlari to‘g‘risida tasavvur beradi. Biroq, bu tovarlar to‘plamidan qoniqishdagi farqlar haqida tasavvur bermaydi. Boshqacha qilib aytganda, amaliy nuqtayi nazardan, iste’molchi qaysi to‘plamni boshqasidan afzal ko‘rishini ayta oladi, lekin bir to‘plam boshqasidan qanchalik yaxshi ekanligini aniqlay olmaydi. Grafik ko‘rinishda iste’molchining afzal ko‘rishi tizimi befarqlik egri chiziqlari yordamida aks ettiriladi.
5.3 Naflilikni maksimallashtirish qoidasi. Befarqlik egri chizig‘i. Befarqlik kartasi
Iste’molchi tovarlarning turli to‘plamini xarid qilishda doimo naflilikni maksimaltirish qoidasiga asoslanadi. Bu qoidaning mazmuni quydagicha: iste’molchining daromadi shunday taqsimlanishi kerakki, har bir tovar yoki xizmatga sarflangan oxirgi pul birligi teng me’yoriy naf keltirsin, narxga bo‘lingan har bir tovar yoki xizmatning me’yoriy nafliligi barcha mahsulotlar uchun bir xil bo‘lishi kerak.
Naflilikni maksimallashtirish qoidasini quyidagicha ifoda etish mumkin:
A mahsulot MU/ A mahsulot narxi = B mahsulot MU/ B mahsulot narxi
Bu yerda: MU- me’yoriy naflilik
Naflilikni maksimaltirish qoidasi ushbu nisbatlarning teng bo‘lishi va daromad to‘liq sarflanishini talab etadi. Masalan, iste’molchi 12 dollarga ega. Bunda oltita A tovarning (1,5 dollar) va uch birlik B tovarning (1 dollar) kombinatsiyasi me’yoriy naflilikni maksimal darajaga ko‘tarish talablariga javob beradi. Natijada iste’molchining 12 dollarlik daromadi to‘liq sarflanadi. Bu qoida iste’molchining muvozanatlashgan holatini ifodalaydi. Iste’molchi o‘zining didi va ruhiyatiga ko‘ra turli xil tovarlar to‘plamini ma’qul ko‘rishi mumkin. Bunda u tovarlarning ma’lum bir to‘plamini boshqa biriga taqqoslab ko‘radi. Iste’molchi tanlovini tushuntirishda befarqlik egri chizig‘i muhim rol o‘ynaydi.
Iste’molchi tanlovini tushuntirishda befarqlik egri chizig‘i muhim rol o‘ynaydi. Befarqlik egri chizig‘i - har biri bir xil naf yoki qoniqish keltiradigan ikkita tovarning muqobil to‘plamlarini ifodalaydigan egri chiziq (5.3-rasm). Befarqlik egri chizig‘ida joylashgan tovarlar to‘plamini tanlashda iste’molchi uchun farq mavjud bo‘lmaydi. Befarqlik egri chizig‘i pasayib boruvchi ko‘rinishda bo‘ladi. Befarqlik egri chizig‘ining pasayib borishi shu bilan izohlanadiki, tanlanishi lozim bo‘lgan har ikkala tovar ham iste’molchi uchun nafli hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bir tovarlar to‘plami (masalan, A) dan boshqa bir tovarlar to‘plami (masalan, V ga) tomon harakat qilib, iste’molchi naflilik miqdorini oshiradi. Biroq, ayni paytda xuddi shuncha miqdordagi naflilikka ega bo‘lgan A tovardan voz kechadi. Qisqasi, V tovar qanchalik ko‘p bo‘lsa, A tovar shunchalik oz bo‘ladi, chunki A va V tovarlar o‘rtasida teskari aloqa mavjud. O‘zgaruvchilari o‘rtasida teskari aloqa mavjud bo‘lganhar qanday egri chiziq esa pasayib boruvchi ko‘rinishda bo‘ladi.
Befarqlik egri chiziqlari byudjet chiziqlari bilan birgalikda iste’molchining ikkita tovarni sotib olayotganda muvozanatini aniqlashda va talabga qarab ushbu ikki tovarning nisbiy narxlarida o‘zgarishlarning oqibatlarini tahlil qilishda ishlatiladi.
Dostları ilə paylaş: |