Pozitiv va normativ usullar. Pozitiv usul bu iqtisodiy voqelikni "qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rib chiqadi». Masalan, “tovar narxining oshishi unga bo‘lgan talabni pasaytiradi” , ushbu fikrda normativ, ya’ni baholovchi mulohazalar yo‘q, faqat fakt qayd qilinmoqda. Bu adolatlimi, yaxshimi yoki yomonmi, bu to‘g‘risida gapirilayotgani yo‘q. Normativ usul esa iqtisodiy voqelikning amalda «qanday bo‘lishi kerak»ligini va buning uchun nima qilish zarurligi xususida tavsiya berishdir. Bu usulda endi hodisaga baho beriladi: adolatlimi yoki yo‘qmi yaxshimi yoki yomon. Masalan, «bozor tizimida daromadlarning notekis taqsimlanishi adolatli emas". Bu fikrda bozor tizimida daromadlarning taqsimlanishga baho berilmoqda, u adolatli emas, deyilmoqda.
Demak normativ va pozitiv yondashuvlar o‘rtasidagi farq shundaki, pozitiv yondashuvni qo‘llaydigan tadqiqotchi iqtisodiy voqelikni "qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rib chiqadi», normativ yondashuvda «qanday bo‘lishi kerak»ligi nuqtayi nazaridan yndashadi. Shuning uchun, bunday tadqiqotlarda real iqtisodiyotni ideal daraja (norma)gacha ko‘tarish bo‘yicha tavsiyalar katta o‘rin egallaydi.
Iqtisodiy - matematik modellashtirish usulimatematik apparatga asoslanadi hamda ma’lum sharoitlar va iqtisodiy tizim elementlarining xulq-atvor mantig‘iga asoslanib, o‘rganilayotgan jarayonlarning miqdoriy tomonlarini va ularning sifat jihatdan yangilanishini, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zgarish sabablarini va umuman rivojlanishini bashorat qilishga va mumkin bo‘lgan natijani baholashga imkon beradi. Modellar shakli og‘zaki, grafik yoki matematik bo‘lishi mumkin.
1.5. Iqtisodiy kategoriya va qonunlar, ularning tasnifi Yuqorida zikr etilgan uslublardan foydalanish iqtisodiy tushunchalar – kategoriyalarni aniqlashga imkon beradi.
Iqtisodiy kategoriyalar - jamiyatning iqtisodiy hayot sharoitini umumlashtirib aks ettiruvchi mantiqiy tushunchalar bo‘lib, ular real iqtisodiy voqelikning in’ikosi ifodasidir. Nazariy kategoriyalar ilmiy fikrlash mahsulidir. Masalan, kundalik hayotda bozor deganda ko‘pchilik yig‘ilib savdo qiladigan joy tushuniladi. Iqtisodiyot fanida esa bozor deganda joy emas, pul yordamida ayirboshlash, ya’ni kishilar o‘rtasidagi oldi-sotdi munosabatlari tushuniladi.
Iqtisodiy kategoriyalar obyektiv xarakterga ega, ular konkret ishlab chiqarish munosabatlarni aks ettiradi va tarixiy tavsifga ega. Iqtisodiy kategoriyalar bir tarafdan ijtimoiy ishlab chiqarish munosabatlarini anglash natijasidir, ikkinchi tarafdan esa uning vositasidir.
Iqtisodiyot nazariyasida iqtisodiy kategoriyalar ikki guruhga bo‘linadi: