TORTMA ANALIZNI BAJARISHNING ASOSIY BOSQICHLARI 1. Moddani analizga tayyorlash. Analiz o`tkazishda ko`pincha bir jinsli bo`lmagan modda massasining ximiyaviy tarkibini aniqlash zarur bo`ladi. Bunda moddani analizga tayyorlash o`rtacha namuna olishdan iborat bo`ladi. O`rtacha namuna olish usuli ko`pgina omillarga moddaning agregat holatiga, uning tuzilishiga, qanday joylangani va tashilganiga hamda uning katta-kichikligiga bog`liq. O`rtacha namuna analiz qilinadigan moddaning turli joylaridan tashkil topadi va u tekshiriladigan modda tarkibini aks ettirishi lozim.
O`rtacha namuna olish usullaridan biri kvadratlash usulidir. Bu usulga muvofiq analiz qilinadigan moddaning yirik bo`laklari yong`oq kattaligida maydalanadi va bir varaq qog`ozga kvadrat shaklida bir tekis qatlam qilib yoyiladi. So`ngra bu kvadrat diagonallar bo`yicha to`rt qismga bo`linadi, ikkita qarama qarshi sektordagi modda tashlab yuboriladi, qolgan ikkitasi bir-biriga qo`shiladi. Kvadratlash operatsiyasi namuna og`irligi taxminan 25g qolguncha bir necha marta takrorlanadi. So`ngra analiz qilinayotgan modda chinni yoki agat xovonchada maydalanadi va byuksga solinadi Shundan so’ng hosil qilingan bir jinsli aralashma analiz uchun tortib olinadi.
2. Tortim olish. Tortim– analiz qilinadigan moddaning o`rtacha namunasidan analitik tarozida aniq qilib tortib olingan modda miqdoridir.
Tortim juda kichik miqdorda bo`lsa, ish jarayonida ozroq qismi yo`qolishi, analizda yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan xatolar, tarozining aniq o`lchamasligi tufayli xatoning miqdori ko`payib ketadi. Agar tortim juda ko`p miqdorda olinganda shunchalik ko`p cho`kma olinadiki, u holda cho`kmani yetarli darajada toza yuvish mumkin bo`lmay qoladi. Tortimning miqdori taxminan qilinadigan cho`kmaga bog`liq. Cho`kma hajmdor bo`lsa, uni fil’trda joylashtirishga imkon bo`lsin uchun oz tortim olish lozim. Cho`kma og’irligi 0,1-0,3ga atrofida bo`lishi kerak. Agar cho`kma krisstal modda bo`lsa, uning og`irligi 0,5g ga yaqin bo`lishi kerak.