3-rasm. Pnevmatik kuch kallagi: 1 – patron, 2 – kallakni mahkamlash uchun flanes; 3 – planetar reduktor; 4 – kallak tanasi; 5 - pnevmodvigatel
Burovchi moment rotordan ikki pog’onali planetar reduktor va revers mexanizmi orqali shpindelga uzatiladi. Reduktorning har bir pog’onasi ichki tishli yetaklovchi tishli g’ildirakka va ikkita satellitli yetaklagichga ega. Yetaklagichning rezbali uchida revers mexanizmida yetaklovchi bo’lgan, ichki tishli aylanuvchi tishli g’ildirak o’rnatilgan. Qo’zg’almas tananing o’qlariga o’rnatilgan parazit g’ildiraklar shpindelda erkin aylanuvchi markaziy g’ildirak bilan ilashadi.
4-rasm. Pnevmatik kuch kallagi – shpilkaburagich: 1 – markaziy o’q; 2 – satellitlar o’qi; 3 – satellitlar; 4 – tishli g’ildirak; 5 – revers mexanizmi; 6 – patron; 7 – shpindel; 8 – markaziy g’ildirak; 9 – qo’zg’almas tana; 10 – yetaklagich; 11 – reduktor; 12 - rotor
O’qiy yuklanish ta’sirida shpindel orqaga siljigan holda reduktor chiquvchi vali (yetaklagich) ning mushtchalari bilan birikadi va shpilkani burash uchun o’ng tomonga aylanish oladi. Bosish tugaganida u prujina ta’sirida oldinga siljiydi va revers mexanizmining tishli g’ildiragi bilan ilashuvga kirgan holda chap tomonga tezkor aylanma harakat oladi va patron shpilkadan buralib chiqadi.
Rezbali birikmalarni yig’ish jarayonini mexanizatsiyalashning keng tarqalgan vositasi bo’lib, bir shpindelli qo’l rezbaburash mashinalari (gaykaburagichlar, vintburagichlar, shpilkaburagichlar, muftaburagichlar va b.) xizmat qiladi. Qo’l mashinalari pnevmatik rotatsion va elektrik yuqori chastotali dvigatellar, shuningdek, bir fazali normal chastotali kollektorli dvigatellar bilan ishlab chiqariladi.
Zarbali-aylanma impulslar yordamida rezbali birikmalarni yig’ishda asosan qo’l mashinalari ko’rinishida tayyorlangan, zarbali gaykaburagichlar qo’llaniladi. Zarbali gaykaburagichlarning ishlashida reaktiv momentning yo’qligi ularni katta o’lchamli birikmalarni yig’ish uchun qo’llashga imkon beradi. Zarbali gaykaburagichlar yuqori samaradorlikka ega va ular 50 Nm dan katta tortish momentlari uchun qo’llaniladi.
Aylanma harakatli gaykaburagichlar bilan solishtirganda zarbali gaykaburagichlarda kichikroq quvvatli dvigatellar qo’llaniladi, bu esa yengil va portativ mashinalarni tayyorlashga imkon beradi. Shu bilan birga zarbali gaykaburagichlarga kichikroq umrboqiylik va orttirilgan darajadagi vibratsiya va shovqin xos bo’ladi.
Plastik deformatsiyalar ta’sirida birikmalar hosil qilish uchun presslash va parchinlash presslari qo’llaniladi.
Pressni tanlash 1,5-2 zahira koeffitsiyenti bilan presslashning hisobiy kuchiga, yig’iluvchi mahsulotlar o’lchamlariga va tejamkorlikka asosan amalga oshiriladi. Zahira koeffitsiyentining katta qiymatlari katta bo’lmagan quvvatli presslar uchun, kichik qiymatlari esa – quvvatli presslar uchun qo’llaniladi.
Presslar maxsuslashish darajasi bo’yicha universal va maxsus presslarga, yuritma tipi bo’yicha esa – qo’l pressi va yuritmali press deb bo’linadi. Qo’l presslarida kuch yuritmasi sifatida reykali, ekssentrikli va vintli mexanizmlar, yuritmali presslarda esa – pnevmatik, pnevmogidravlik, gidravlik, mexanik va elektromexanik yuritmalar qo’llaniladi.
Verstak tipidagi bir ustunli universal reykali presslar hosil qiluvchi kuch 30 kN ga, pol tipli ikki ustunli vintli presslarda esa – 50 kN ga yetadi.
Katta bo’lmagan o’lchamli mahsulotlarni yig’ishda to’g’ri yoki richagli ta’sirga ega pnevmatik presslar keng qo’llaniladi. To’g’ri ta’sirli pnevmatik presslarda kuch silindri staninaning yuqori flanesiga o’rnatiladi va shpilkalar bilan mahkamlanadi. Shtokda kattaroq kuch hosil qilish zarur bo’lganida qo’sh silindr qo’llaniladi. Bunday sxemalar bo’yicha 30, 60, 100 kN kuchga ega presslar ishlab chiqilgan.
Presslash uchun katta kuchlar zarur bo’lganida gidravlik presslar qo’llaniladi.
Yirik seriyali va yalpi ishlab chiqarishda maxsus vazifali presslar qo’llaniladi.
Oqimli-yalpi va oqimli-yirik seriyali ishlab chiqarishlarning yig’ish sexlarida mahsulotlarni operatsiyalararo tashish uchun turlicha tipdagi konveyerlar va transportyorlar keng qo’llaniladi.
Osma konveyerlar uch turda bo’ladi: yuk tashuvchi, itaruvchi va yuk yetaklovchi. Osma konveyerlarni joylashtirish uchun qo’shimcha ishlab chiqarish maydoni talab etilmaydi, ularning katta uzunligi esa ushbu konveyerlarni nafaqat operatsiyalararo transport sifatida, balki yuklarni sexlararo, binolararo tashish uchun ham qo’llash imkonini beradi.
Karetkalarning yuk ko’tarish qobiliyati 250, 500 va 800 kg ni tashkil qiladi, bu esa to’rtta karetkaga osgan holda massasi 2000 kg gacha bo’lgan yig’iluvchi obyektlarni siljitishga imkon beradi.
Osma itaruvchi konveyerlar yuk tashuvchi konveyerlardan yuk
karetkasining tortuvchi zanjirga bevosita bog’lanmaganligi va alohida (pastki) yo’l bo’ylab harakatlanishi bilan farq qiladi. Yuk aravachalari tortuvchi zanjir bilan bog’langan, itargichlar orqali harakatga keltiriladi. Itargichlar va tortuvchi zanjirning tayanch roliklari yuqori yo’l bo’ylab harakatlanadi.
Shuning hisobiga strelkali o’tkazgichlar yordamida yuk karetkasini konveyerning bir uchastkasidan boshqasiga va aksincha avtomatik o’tkazish, konveyerning alohida uchastkalarini to’plagichlar (osma omborlar) sifatida qo’llash, shuningdek, tushirish va ko’tarish seksiyalari yordamida aravachalarni bir balandlikdan boshqasiga uzatishni ta’minlash mumkin bo’ladi.
Strelkali o’tkazgichlar yuk strelkalarga yaqin kelganida yakuniy ajratkichlarga ta’sir qiluvchi, yuk aravachalarida joylashgan adres tashuvchilar yordamida, shuningdek markaziy boshqaruvli EHM yordamida boshqariladi.
Osma yuk yetaklovchi konveyerlar yig’iluvchi mahsulotlarni osma konveyerdagi qamragich yoki itargich yordamida poldagi aravachada tashish uchun qo’llaniladi. Oxirgi holda avtomatik adreslash imkoni ta’minlanadi.
Lentali konveyerlar yalpi ishlab chiqarishda yengil va mayda mahsulotlarni yig’ish uchun qo’llaniladi. Ko’taruvchi organ bo’lib, silliq yog’och yoki metall to’shama ustida sirpanuvchi, 200-1000 mm kenglikdagi rezinalangan tekstil lentasi xizmat qiladi. Lentaning ishchi bo’lmagan qismi roliklarga tayanadi. Lentali konveyerlarning tezligi – 6-30 m/min ni tashkil qiladi.
Plastinali konveyerlar maxsus bazalash talab qilinmaydigan mahsulotlarni yig’ishda qo’llaniladi. Ularning yuritma zanjirlari orasidagi ko’taruvchi qismi metall plastinalar bilan qoplangan. Plastinali konveyerlar kengligi 400-1600 mm bo’lgani holda uzunligi 200 m ga yetadi, ularning tezligi 1-5 m/min. Plastinali konveyerlar mayda va nisbatan og’ir
mahsulotlarni yig’ish uchun qo’llaniladi. Plastinali konveyerlar vertikal yopiq konturli qilib tayyorlanadi; bunda ularning ishchi qismi pol sathida (avtomobillarni umumiy yig’ishda) yoki undan yuqorida (mayda va o’rta mahsulotlarni yig’ishda) joylashadi, ishchi bo’lmagan qismi esa – pol sathidan pastdagi transheyada joylashadi.
Rolikli konveyerlar (rolganglar) yig’ish va mexanika sexlarida operatsiyalararo tashish uchun qo’llaniladi. Ularni ko’pincha omborto’plagich sifatida ham qo’llaydilar. Rolganglar yuritmali va yuritmasiz bo’lishi mumkin. Rolganglar konstruksiyalarida to’g’ri va aylanma seksiyalar nazarda tutilishi mumkin. Mahsulotlarni burish uchun, shuningdek, mahsulotlarni konveyerning bir uchastkasidan boshqasiga uzatish uchun burish stollari qo’llaniladi. Texnologik oqimlarning shoxalagan joylarida boshqarish avtomatlashtirilishi mumkin bo’lgan strelkalar o’rnatiladi.
Yuk yetaklovchi pol konveyerlari uzluksiz yoki davriy harakatlanuvchi bo’lishi mumkin. Ular o’z yurish qismiga ega yoki tashish aravachalariga joylashtirilgan, yirik mahsulotlarni yig’ish uchun qo’llaniladi. Mahsulot yoki aravachalar qamragichlar yordamida pol sathidan pastdagi transheyada joylashgan, zanjirli transportyorga bog’lanadi. Yuk yetaklovchi konveyerlar to’gri chiziqli yoki yopiq konturli bo’lishi mumkin. Yopiq konturli konveyerlar tashish aravachalaridagi mahsulotlarni yig’ish uchun afzal hisoblanadi, chunki to’g’ri chiziqli konveyerda yig’ishda aravachalarni qaytarish uchun parallel yo’lni nazarda tutish lozim bo’ladi.