Elektr separatsiyaga ta’sir etuvchi omillar. Elektr separatsiya boyitiluvchi mahsulotning xossalari, separatorlarning tuzilishi va ishlash printsipi, mahsulotni separatsiyaga tayyorlash usuli, jarayon borishining texnologik tartibi kabi bir qator omillarga bog’liq [2].
Zarrachalarning elektr o’tkazuvchanligi elektr separatsiya samaradorligiga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatuvchi erga ulangan elektrodda elektrsizlanish tezligini va qoldiq kattaligini belgilaydi.
Minerallarning elektr o’tkazuvchanligidagi farq qancha katta bo’lsa, ularning separator ishchi maydonida harakatlanish traektoriyasi shuncha sezilarli farq qiladi va buning natijasida minerallarni ajratish osonlashadi. Yaxshi elektr o’tkazuvchanlikka ega zarrachalar erga ulangan elektrodda tez elektrsizlanadi va uncha katta bo’lmagan qoldiq zaryadga ega bo’lib, mexanik kuchlar ta’sirida barabandan u bilan to’qnashgan zahoti uziladi.
Zarrachalarning yomon elektr o’tkazuvchanligi elektr tortishish kuchlari hisobiga zarrachalarni baraban yuzasida ushlab turishga imkon beruvchi kattalikdagi qoldiq zaryadni saqlab qolishni ta’minlaydi. Zarrachalarning elektr o’tkazuvchanligi qancha kichik bo’lsa, ular barabanda shuncha uzoqroq ushlanib turadi va yuqori elektr o’tkazuvchi zarrachalar zonasidan shuncha uzoqda bo’ladi.
Zarrachalarning o’lchami ularning tojli elektrsizlantirish maydonida oladigan zaryadini belgilaydi. Biroq zarrachaning o’lchami ortishi bilan uni yuzasidan uzuvchi markazdan qochuvchi kuch ham ortadi. Zarrachalar o’lchamidagi farq katta bo’lganda ularni aniq ajratish qiyinlashadi. Yirik tok o’tkazmaydigan zarracha mayda tok o’tkazadigan zarracha bilan bir vaqtda barabandan uzilishi va, aksincha, juda kichik o’tkazuvchi zarrachalar o’tkazmaydigan fraktsiyaga tushib qolishi mumkin. Shunday qilib, elektr separatsiyada yuqori texnologik ko’rsatkichlarga erishish uchun mahsulotlarni boyitishdan avval klassifikatsiyalanadi.
Agar boyitilayotgan mahsulotda changsimon zarrachalar sezilarli miqdorda bo’lsa, minerallarning elektr separatsiyasi keskin yomonlashadi. Shuning uchun jarayonni o’tkazishdan oldin mahsulot changsizlantirilishi kerak.