I davr – XVIII asr oxiri - XX asr boshlari; II davr – XX asrning 20-60- yillari; III davr – XX asrning 70-90-yillarini o‘z ichiga oladi. XX asrning 90- yillaridan boshlab sobiq sho‘ro davlati hududida tashkil topgan mustaqil davlatlar ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, o‘z navbatida, modernizatsiyalashuv jarayonining to‘rtinchi davri boshlanganligidan dalolat beradi. Dunyoning oltidan bir qismini tashkil qilgan ushbu hududda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, fikrimizga asos bo‘la oladi. Modernizatsiyalashgan jamiyat deganda, yuqori texnologik ishlab chiqarishga, jamiyat a’zolari fuqarolik, siyosiy va ijtimoiy huquqlarga ega bo‘lgan jamiyat tushuniladi37.
O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan modernizatsiyalashuv global xarakter kasb eta boshladi. Hozirga kelib, globallashuv jarayoni ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar uchun modernizatsiyalashuvning yagona va universal asosiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Modernizatsiyalashgan jamiyat - jamiyat hayotining iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy (ayniqsa, ta’lim sohasi bilan) jihatdan o‘zaro uzviy aloqadorligi hamda uyg‘unligini nazarda tutadi.
Iqtisodiy modernizatsialashuv - iqtisodiy ishlab chiqarish jarayonining intensiv ravishda takomillashuvini bildiradi. U mehnatning differensiallashuvi, ishlab chiqarishning energetik jihatdan takomillashuvi, fanning ishlab chiqarishga aylanishi va ishlab chiqarishni ratsional boshqarishning yuksak darajada rivojlanganligi bilan xarakterlanadi.
Siyosiy modernizatsiyalashuv - o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy institutlarning fuqarolik jamiyati institutlari sifatida tashkil topishi bilan farqlanadi. Fuqarolar ular orqali hokimiyat tarkibida va mamlakatda qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini tayyorlashda faol ishtirok etadilar.
Ijtimoiy modernizatsiyalashuv - ochiq jamiyat shakllanishini o‘z ichiga oladi. Bunda jamiyat ijtimoiy hayotining barcha sohalarida fuqarolik jamiyati institutlarining roli tobora ortib boradi. Har bir fuqaro ularning faol ishtirokchisiga aylanadi.