3. Ilmiy tavsiflash va tasniflash, ilmiy talqin qilish turlari. Ilmiy bilim olish o’rganilishi maqsad qilingan ob’ektni ilmiy tomondan tavsiflash, tasniflash va ilmiy talqin qilish orqali amalga oshiriladi. Ilmiy tavsiflash tafakkur hosilasining alohida turi bo’lib, noma’lumlikni ma’lumlik orqali tushuntirishdir. Ilmiy tavsifda ikki tur xususiyatlar ajratiladi: birinchisi, bu tavsiflanayotgan ob’ektlar, hodisalarning umumiy sinfiga oid, ya’ni bu ob’ekt qanday turga mansubligini ko’rsatib beruvchi xususiyatlarni aniqlash, ikkinchisi esa xuddi shu turga kirgan ob’ektlardan tavsiflanayotgan ob’ektni farqlash imkoniyatini beruvchi xususiyatlarni topishdir. Tadqiq qilinayotgan ob’ektning umumiy yoki farqli xususiyatlariga ko’ra muayyan guruhlarga ajratib o’rganilishi ilmiy tasnif, ya’ni klassifikatsiya deb ataladi. Tasnif arab tilidan olingan so’z bo’lib, guruhlash, sinflarga ajratish ma’nosini bildiradi. Demak, ilmiy bilish ijodiy jarayon bo’lib, u, birinchi navbatda, o’rganishni, tadqiq etishni taqozo etadi. Ilmiy tadqiqotning keyingi bosqichi olingan bilimlarni talqin qilish – interpretatsiya qilish bo’lib, tadkikotning original, betakror ijodiy ish ekani asosan talqinda aks etadi. Tanlangan mavzu, qo’llanilgan usullar, aniqlangan farazlar, tadqiqot ishi bo’yicha o’tkazilgan eksperiment tajriba-sinov ishlari ham talqin orqali baholanadi. SHuning uchun, talqin tadqiqotchining uslubi, ijod mahsulini taqdim eta olish mahorati ifodasi hamdir. Ilmiy talqinning quyidagi ko’rinishlari mavjud:
- ijodiy talqin;
- ilmiy talqin;
- kompilyativ talqin;
- dogmatik talqin;
- ratsional va irratsional talqin;
- badiiy talqin;
- erkin talqin va boshkalar.
Ijodiy talqin ob’ektni shunchaki izohlash emas, balki uni zamonaviy ilmiy qarashlarga bog’lab o’rganish, ular sintezidan o’tkazishdir. Bunda tadqiqotchining mustaqil fikri, o’z yechimi va xulosalari tadqiqot ishining asosiy nuqtasidir. Ijodiy talqin ijodkor bilan hamkorlikda ijod qilish bo’lib, u matnni, asarni kengroq, chuqurroq tahlil qilishda qo’llanadi va ijod usuli hisoblanadi. Ijodiy tanqid ham ilmiy talqinning bir turi, ammo unda matn, asarning nafaqat ijobiy tomonlari, balki kamchiliklari ham yoritib berilishi kerak bo’ladi.