1.2. Buxgalteriya hisobining maktablari Italiya maktabining asoschilari4 XV – XVII asrlarda Italiya maktabi ustuvorlik qilgan. Ularning yorqin namoyondalaridan biri Frantsiskanlik monax, matematika professori Luka Pacholi.
L.Pacholining traktatida savdo operatsiyalarini hisobga olish uchun ikkiyoqlama yozuv usuli va buxgalteriya balansini qo‘llash bayon qilingan.
Luka Pacholi (1445-1517) – buyuk matematik, digrafik hisob tizimining asoschisi, «Schyotlar va yozuvlar haqidagi asar» (1494)ning muallifidir. Ushbu kitobda hisobchilikning vazifalari, savdogar va buxgalterga qo‘yiladigan talablar, ikki yoqlama buxgalteriya (digrafik paradigma) g‘oyasining asoslari bayon etilgan, buxgalteriya balansi tushunchasi shakllantirilib, u inventar modifikatsiyasi sifatida tushunilgan buxgalteriya hisobining asosiy amal(protsedura)lari rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan.
L.Pacholi o‘zining asarida hisobning maqsadini shakllantirib, ularning asosiylari deb quyidagilarni hisoblagan: faoliyatning ahvoli to‘g‘risida axborotlarga ega bo‘lish va amalga oshirilgan bitimlarning moliyaviy natijalarini aniqlash.
L.Pacholining “Schyotlar va yozuvlari to‘g‘risidagi traktati” o‘sha davrda buxgalteriya hisobi haqidagi mavjud barcha bilimlarni o‘z ichiga olgan va ushbu bilimlar boshqa mamlakatlarga tarqala boshlagan hamda nazariy fikrlarning yanada rivojlanishiga yordam bergan.
L.Pacholi tomonidan bayon qilingan ikki yoqlama yozuv bo‘yicha hisob tizimi barcha mamlakatlarda hozirgi vaqtgacha amal qilmoqda. Uning g‘oyasi “berish” va “ega bo‘lish” tamoyiliga nisbatan bosh daftar “Kassa” va “Kapital” tamoyili bo‘yicha tuzilishidan iborat. Boshqacha aytganda, bitta xo‘jalik operatsiyasi (bitta summaning o‘zi) bir vaqtning o‘zida ikkita schyotda aks ettiriladi. Bir tomondan xo‘jalik mablag‘lari qaerga yo‘naltirilganligi (ishlatilganligi), ikkinchi tomondan – ushbu mablag‘lar qaerdan olinganligi (kimniki ekanligi) ko‘rsatiladi. Bu buxgalteriya hisobining xo‘jalik operatsiyalarini ikki yoqlama yozuv metodi bo‘yicha aks ettirish tizimining asosini tashkil etadi.
Italiyada buxgalteriya schyotlarining turkumlanishi boshqa olimlar tomonidan ham amalga oshirilgan. Jumladan, L.Feori schyotlarni to‘rtta guruhga bo‘lishni taklif etgan: kapital schyotlari, nominal (operatsion) schyotlar, savdo (material) schyotlari va hisob-kitob schyotlari.
P.Skali schyotlarni uch guruhga bo‘lishni asoslagan: xususiy (kapital, foyda va zararlar) schyotlari, mulk schyotlari va korrespondentlar (debitorlar va kreditorlar) schyotlari.
A.Petro murakkab provodka tushunchasini kiritgan bo‘lib, bunda bir necha schyotlar debetlanadi va bitta schyot kreditlanadi va aksincha, bir schyot debetlanadi va bir necha schyotlar esa kreditlanadi.
Buxgalteriya hisobining rivojlanishiga quyidagi italiyalik olimlar ham ulkan hissa qo‘shgan.
Nikolo d’Anastisio mablag‘lar harakatlanishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlaydigan tizimni yaratgan.
Italiyalik nazariyotchi va yurist Franchesko Villa: davr boshidan xo‘jalik mablag‘lari harakati ustidan nazorat o‘rnatish va barcha daromad va xarajatlarni ro‘yxatga olishda hisobning maqsadini aniqlagan.
Shuningdek, xo‘jalik faoliyati faktlarini mantiqan yozishga doir ta’limot asoschisi va schyotlar turkumlanishi bo‘yicha yangi g‘oyalarni ilgari surgan mualliflardan biri Djuzeppe Cherboni.
Djuzeppe Cherboni (1827-1917) – italiyalik buxgalter, logismografiya – hisobshunoslikning original shaklini o‘zida mujassamlashtirgan buxgalteriya hisobining to‘liq yuridik qomusini kashf etgan. U barcha schyotlarni to‘rtta guruhga (mulkdorlar, ma’muriyatchilar, agentlar va korrespondentlar schyotlariga) bo‘lgan va ularning murakkab tabaqalanishini keltirgan. Buning natijasida hisobni sintetik va analitik turlarga bo‘lish mazmunini yo‘qotgan va xo‘jalik operatsiyalari haqidagi ta’limot birinchi o‘ringa chiqarilgan. Barcha operatsiyalar permutatsiya va (yoki) modifikatsiya sifatida bayon qilingan.
Fabio Besta - hisobni alohida korxona mablag‘larini harakatga keltiruvchi iqtisodiy nazorat haqidagi fan sifatida ta’riflagan.
Emanuel Pizani (1845-1915) – italiyalik buxgalter, statmografiya – ma’muriyat hisobchilik ma’lumotlariga tayangan holda qanday qilib eng kam mablag‘lar hisobiga eng ko‘p iqtisodiy natijaga erisha olishi to‘g‘risida ta’limot, boshqacha qilib aytganda statmografiya (aktivlarni maqbullashtirish haqidagi fan)ni ixtiro etgan. Pizani ta’limotiga muvofiq balans aktivi va passivi o‘rtasidagi farq foydani tashkil etib, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotdagi daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farqqa teng bo‘lishi lozim; balans korxona xo‘jalik faoliyatining statikasini, hisobot esa dinamikasini tashkil etadi. Pizani digrafik hisob usullarini xalq xo‘jaligi darajasida tadbiq etish zarur deb hisoblagan.
Juzeppi Rossi (1845-1921) – italiyalik buxgalter, hisob axborotlari bir odamdan ikkinchisiga hujjatlari orqali o‘tadi, deb hisoblagan. Umumlashtiruvchi hujjat hisobot bo‘lib, u boshqaruv funktsiyalarining uchta - iqtisodiy (aktiv), yuridik (passiv) va ma’muriy (moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot) turini birlashtirgan holda korxonaning xo‘jalik holatini aks ettiradi.
J.Rossi – xo‘jalik faoliyatidagi faktlarni matritsalarda aks ettiradigan shaxmat shaklidagi hisobchilikning muallifi. Xo‘jalik faktlarini matritsalarda aks ettirish tahlil qilish maqsadida chiziqli algebradan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratadi.
Djino Dzappa (1879-1960) italiyalik buxgalter, hisobshunoslikni korxonani boshqarish haqidagi fan sifatida talqin qilgan. Debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar korxonaning tashqi dunyo bilan aloqasi ekanligini, ayni paytda boshqa schyotlar kabi korxona ichidagi munosabatlarning mohiyatini ochib berishini ko‘rsatgan. U balansning mohiyati, uning moddalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ko‘rsatishga olib kelishini, balansning o‘zi esa moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirilgan oborotlar oqibati deb hisoblagan. Bunda u korxona daromadlari ayon, xarajatlari esa shubhali deb e’tirof etgan. U firma kapitalining qiymati uning daromadiga bog‘liq deb hisoblagan. (D.Dzappa. La determinatione del reddito nelle imprese commerciali – Rome, 1929).
Shunday qilib, buxgalteriya hisobi rivojlanishining birinchi pog‘onasi Italiyada bosib o‘tilgan. Aynan o‘sha davrda buxgalteriya hisobining ko‘plab atamalari vujudga kelgan. Jumladan, eski lotin (italyan)chadan kelib chiqqan: “Debet – u qarzdor”; “Credit – u ishonadi”; “Saldo – hisob-kitob, qoldiq”; “Accept – to‘lovga rozilik” kabi so‘zlar hozirgi kunda ham ishlatilmoqda.
Italiya maktabi tomonidan buxgalteriya hisobi metodining asosiy elementlari: schyotlar va ikkiyoqlama yozuv shakllantirilib, buxgalteriya hisobining keyinchalik fan sifatida rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.