4. Koʻp turli jamoalardagi organizmlarning oʻzaro munosabatlarini oʻrganish usullari. Bu usullar ekosistemaning muhim qismi hisoblanadi. Ular yordamida tabiatda yoki laboratoriyada organizmlarning trofik munosabatlarini aniqlash mumkin. Masalan, radioaktiv izotoplar yordamida bir organizmdan ikkinchi organizmga qancha miqdorda organik moddalar va energiya (yaʼni oʻsimliklardan oʻtxoʻr hayvonlarga, oʻtxoʻr hayvonlardan yirtqichlarga) oʻtganligini aniqlash mumkin.
5. Matematik modellashtirish usullari. Bu usul bilan atmosferaning ifloslanishi, daryolarning oʻz-oʻzini tozalash holatlarini aniqlash oson, biroq ekologik sistemalarni modellashtirish biroz qiyinroqdir.
Ekologiyaning qishloq xoʻjaligidava inson hayotidagi ahamiyati
Ekologiyani oʻrganishning ikki aspekti (tomoni) bor. Birinchisi, tabiiy muhitni faqat bilish uchun (undan foydalanish uchun emas) oʻrganish. Ikkinchisi, tashqi muhit toʻgʻrisidagi toʻplangan ekologik bilimlarni tashqi muhit bilan bogʻlangan u yoki bu muammolarni yechishga qaratish va ularni yechish. Ekologiyaning bu ikki aspekti bir vaqtning oʻzida taraqqiy etib borgan. Tabiat hodisalarini tushuntirishda fizika va kimyo fanlarining qonuniyatlaridan foydalanib kelinmoqda. Masalan, choʻl zonasidagi ekinlarni sugʻorish jarayonini kuzatsak, bunda tuproqdagi tuzlar tuproqning yuqorigi qatlamlaridan yuvilib ketmaydi, aksincha kuchli bugʻlanish natijasida suv yuqoriga koʻtarilib, tuzlar tuproqning yuza qatlamida toʻplanib qoladi, demak, kimyo va fizika fanining umumiy qonunlariga asoslanib aytish mumkinki, irrigatsiya notoʻgʻri tashkil qilingan koʻpchilik vaqtlarda choʻl zonasi tuproqlarni soʻzsiz shoʻrlantirishga olib kelishi mumkin.
Populyasiyalar ekologiyasini matematik usullar bilan oʻrganish shuni koʻrsatadiki, yirtqichlar individlari koʻpayib ketganda populyatsiyadagi individlar soni qisqarib ketadi. Shuning uchun u yoki bu yovvoyi hayvonlar ustidan ov qilinganda eng intensiv ov qilish u yoki bu yovvoyi hayvon populyatsiyasi individlar soni eng past darajada qoldirish va bu qoldirilgan individlarning intensiv koʻpayishi uchun ozuqa yetarli darajada saqlanib qolishi lozim.
Intensiv ov qilishni tartibga solib turish lozim. Ov qilinadigan xoʻjaliklarda, ularning samaradorligini oshirib turish uchun ov qilish muddatlari, ov qilishning kunlik meʼyorini, qurol ishlatish va hattoki litsenziya qiymatlarini ham tartibga solib turish lozim.
Koʻpincha ekologiyaga maslahat tariqasida kamdan-kam murojaat qilishadilar. Vaholanki, koʻpchilik xoʻjalik va boshqa ishlar ekologiyasiz hal boʻlishi qiyin. Masalan, seleksionerlar bir necha yillar seleksion ishlar olib borishlari natijasida har xil kasalliklarga va zararkunandalarga chidamli navlarni yetishtirishga harakat qiladilar. Biroq ular seleksion ishlar bilan bir qatorda hayoliga keltirmasdan shu yangi yaratilayotgan navlarga moslashgan hasharotlar, viruslar va zamburugʻlarning yangi liniyalarini ham tanlab boradilar. Natijada yaratilgan "ideal" nav kasallanadigan boʻlib qoladi.
Sugʻorish va gerbisidlarni ishlatish oʻsimlikning hosildorligini, zararkunandalarga chidamlilik xususiyatlarini oshirishi mumkin, xuddi shunday boʻladi ham. Biroq shu tadbirlarga ajratilgan kimyoviy moddalar va irrigatsiya ishlari uchun ketgan xarajatlar oʻzini qoplamasligi ham mumkin. Masalan, qachonlardir Kosta-Rikada gʻoʻzani introduksiya qilib oʻstira boshladilar. Birinchi vaqtlarda bu davlatda paxtachilik gullab yashnadi. Lekin, bu yerda ham boshqa davlatlardagidek paxtaga hasharotlar bora-bora koʻproq zarar keltira boshladi. Avval kamroq miqdorda ishlatilgan kimyoviy moddalar hasharotlarni zararsizlantirgan boʻlsada, keyinchalik hasharotlar bu xil kimyoviy moddalarga moslasha boshladilar va ularga qarshi kuchli va koʻp miqdorda ishlatilgan moddalar ishlatila boshlandi. Shundan keyin, pestisidlarga ketgan xarajat paxtadan keladigan daromaddan oshib ketdi va bu Kosta-Rikada paxta yetishtirishga chek qoʻydi. Tabiiy jamoalarning yemirilishiga sababchi boʻlgan insonning salbiy taʼsirini quyidagi misolda ham koʻrish mumkin. Kaliforniyaning chiroyli oromgoh manzaralarida Klir-Leyk koʻli boʻlib uzunligi 30 km ga teng. Qachonlardir bu koʻl baliq ovlaydigan, suv chanasi suzadigan va odamlar dam oladigan oromgoh boʻlgan. Bu davrda odamlar uchun tashvish soluvchi kichik ikki qanotli pashshalar paydo boʻlgan. Ular odamlarni chaqmagan, faqat sham, chiroq yoqqanlarida, yorugʻlik atrofida toʻplanib yurgan. Ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar ham bu pashshaga qarshi kurashishning samarador usuli yoʻq edi. Faqat DDD va DDT olingandan soʻng 1949 yilda koʻl shu pestisidlar (0,02 %) bilan qayta ishlandi. Natijada keyingi 2-3 yil mobaynida pashshalar deyarli yoʻqoldi. Koʻl atrofida turning juda kamdan-kam individlari qolgan edi. Biroq 1951 yildan soʻng pashshalar soni yana koʻpaya boshladi va 1954 yilda koʻl DDD bilan qaytadan ishlandi va natijada pashshalar yana kamaydi. Biroz vaqt oʻtgandan keyin, suvda suzib yuruvchi qushlar pestisidlardan zararlanib oʻla boshladi. Bunga koʻpchilik eʼtibor ham berishmadi. DDD bilan qayta ishlangandan soʻng, pashshalar populyatsiyasi birinchi ishlovdan ham koʻproq tiklana boshlandi va 1957 yilda qilingan uchinchi qayta ishlash samarasi juda kam boʻldi. Shundan keyin pashshalar DDD ga nisbatan moslashib, chidamli boʻlib qolganliklari toʻgʻrisida olimlarda tushuncha paydo boʻla boshladi. Suvda suzib yuruvchi qushlar oʻlimi koʻpayib ketdi va oʻlgan qushlarni ekspertiza qilganda bu pestisidlarning taʼsiri ekanligi maʼlum boʻldi. Bu tadbir DDD ga chidamli pashshalar liniyalarini hosil qilishga, suvda suzib yuruvchi qushlar populyatsiyasining qisqarishiga va suvdagi baliqlar hayotiga xavf tugʻdirishiga olib keldi. Bu tadbir tarafdorlari pashshalar populyatsiyasining zaharli pestisidlarga nisbatan chidamli boʻlib qolishlik xususiyatini, DDD qoldiqlarining hayvon organizmida toʻplanib, ozuqa zanjiri orqali bir oʻljadan ikkinchisiga oʻtib ketish holatlarini eʼtiborga olishmagan boʻlsalar ajab emas.
Shu sababli hayotni, shu jumladan inson hayotini saqlab qolish uchun muhim boʻlgan ekologiyaning asosiy prinsiplarini aniqlash va ularni joriy qilish bizning vazifamizdir.
Muhokama savollari
Ekologiya fani nimani oʻrgatadi va u qachon paydo boʻlgan?
Ekologiyaning rivojlanishida qanday bosqichlar mavjud boʻlgan?
Ekologiyaning qanday boʻlimlarini bilasiz va ularning vazifalarini ayting.
Ekologiya obektini oʻrganishning qanday usullari mavjud?
Ekologiyaning qishloq xoʻjaligida va inson hayotidagi ahamiyatini yoritib bering.