1-MAVZU: Psixodiagnostika va eksperimental psixologiya faniga kirish
R e j a :
Psixodiagnostika va eksperimental psixologiya predmeti.
Psixodiagnostika va eksperimental psixologiya fanining vazifalari.
Tayanch tushunchalar:eksperimental psixologiya, eksperiment (tajriba,),psixologik laboratoriya, Vil’gel’m Vundt,psixodiagnostika.
O’zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishganiga o’n besh to’ldi. Mustaqillik xalq xo’jaligi hamda fan va madaniyat sohasining rivojlanishiga keng yo’l ochib berdi. Ayniqsa, u maorifni rivojlanishiga, birinchi navbatda, oliy ta’limning yuksalishiga keng imkoniyatlar ko’lamini ochdi. Natijada mamlakatimizda ta’limni isloh qilishga, mutaxassislar tayyorlashni jahon andozalariga yaqinlashtirishga kirishildi.
O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning qabul qilinishi ta’limning isloh qilinishi uchun huquqiy asos bo’ldi. Oliy o’quv yurtlarida yuqori malakali xodimlarni yetishtirish jarayonida psixologiyaning roli va o’rni beqiyosdir. Chunki psixologiya jamiyatning harakatlantiruvchi kuchi bo’lgan insonni shakllantirishda alohida o’rin kasb etadi. Binobarin, tayyorlanayotgan mutaxassislar psixologik bilimlarni chuqur va puxta o’zlashtirgan taqdirdagina, yosh avlodni har tomonlama kamolga erishgan kishilar qilib tarbiyalay olishlari mumkin. Psixodiagnostika psixologiya fanining yo’nalishlaridan biri bo’lib, uning yordamida inson psixikasining o’ziga xos xususiyatlari haqidagi to’liq ma’lumotlar to’plash imkoniga ega bo’lish mumkin. Zamonaviy psixodiagnostika hozirgi kunda kishining individual-psixofiziologik va individual-psixologik xususiyatlarini aniqlash, o’rganish borasidagi metodlarni yaratuvchi fandir. Shuningdek, psixodiagnostika psixologik amaliyotning ham alohida sohasi sanalib, psixologning undagi vazifasi shaxsdagi psixik, psixofiziologik xususiyatlarining individual ko’rinishlarini aniqlashdan iborat bo’ladi. Shu bois, mazkur soha psixologiyaning muhim yo’nalishi sifatida umumpsixologik tadqiqotlar bilan amaliyotni bog’lovchi xalqa bo’lib xizmat qiladi.
Psixologik diagnostika zamonga xos tarzda yangi bilimlar bilan jadal rivojlanib borayotgan, jamiyat uchun kerak bo’lgan ilmiy fanning amaliy sohasidir. Professional ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlarning o’z faoliyatlarida psixologik diagnostikaning metod va usullaridan samarali foydalanishlari lozimligi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biridir. Chunki psixodiagnostika yordamida shaxsning aqliy imkoniyatlari, shaxsiy xususiyatlari, undagi ijtimoiy-psixologik ta’sir omillarini o’rganish orqali, har qanday faoliyat jarayonini to’g’ri rejalashtirish, uchraydigan kamchiliklarni tuzatish, psixologik-pedagogik profilaktika ishlarini olib borish imkoniyatini yaratish mumkin.
Psixodiagnostika so’zini asl mohiyati “psixologik tashxis qo’yish” yoki kishining mavjud psixologik holati va xususiyati haqida qaror qabul qilishni anglatadi. Psixodiagnostika – amaliy jihatdan deyarli psixologning barcha faoliyat doiralarida, ya’ni psixologik-pedagogik tadqiqotlarda muallif yoki ishtirokchi sifatida qatnashayotganda, psixologik maslahat hamda psixologik korreksion ishlarni amalga oshirayotgan jarayonda qo’llanadi. Ammo ko’pincha amaliy psixologning ishlarida psixodiagnostika – faoliyatning alohida mustaqil turi sifatida namoyon bo’ladi. Uning maqsadi psixologik tashxis qo’yish, ya’ni kishini mavjud psixologik holatini baholash orqali ifodalanadi. Psixodiagnostikaning nazariy asoslari psixologiya fanining turli jabhalari, jumladan, umumiy, differensial, tibbiy, yosh davrlari psixologiyasi kabi sohalarga asoslanadi. Uning metodik usullariga esa, individual-psixologik xususiyatlar-ni o’rganish, olingan natijalarni qayta ishlash va tahlil qilishning aniq yo’lyo’riqlari kiradi.
Psixodiagnostika sohasidagi nazariy metodik ishlarning yo’nalishlari avvalambor psixologik amaliyot talablari asosida belgilanadi. Ushbu talablarga muvofiq usullarning maxsus kompleksi shakllanadi. Psixodiagnostik faoliyat jarayonini metodikalar aprobasiyasi, talablar yo’riqnomasini ishlab chiqish, tadqiqotlarni o’tkazishdagi qonun-qoidalarni yaratish, natijalar tahlilining usullarini shakllantirish hamda ma’lum metodlarning imkoniyat va cheklanishlarini muhokama qilish tashkil etadi. Diagnostik faoliyat o’z maqsadiga ko’ra tashxis (diagnoz) yo’nalishishining turli ko’rinishlariga egadir. Qo’yilgan tashxis o’rganilayotgan xususiyatlarni shakllantirishga yoki korreksion ishlarni tashkil etishga qaratilgan amaliy tavsiyalar orqali ifodalanadi.
Dostları ilə paylaş: |