Qobiliyatlar borasidagi psixologik nazariyalar G’arbiy Yevropalik olimlar psixologiyadagi irsiyat nazariyasiga qarshi chiqadilar. Masalan, shveysariyalik psixolog V. Boven qalbaki doktrina deb tarbiyaviy tadbirlardan voz kechish jinoyat bo’lur edi, deb ta'kidlaydi.
Ingliz bioximigi S.Gouz kishi qobiliyatining rivojlanishi uchun to’siqlar biologiyaga qaraganda ijtimoiy sharoitda ko’proqdir, deb uqtiradi.
Ingliz psixologi, D.Kidjin ham aynan shunday xulosaga kelib, tarbiyaning kishi intellektual rivojlanishiga hal qiluvchi ta'siri haqida fikr yuritiladi.
Ikkinchi konsepsiyaning vakillari qobiliyatni butunlay hayot va tarbiyaning ijtimoiy sharoiti belgilaydi deb uqtiradilar. Masalan, Gelvesiy o’z vaqtida tarbiya yordamida geniyni yaratsa bo’ladi, degan edi. Rus olimi A.N. Leont'ev ham o’zining funksional organlar nazariyasi bilan bu nazariyaga A.Uxtomskiy asos solgan bo’lib, shunga o’xshash konsepsiyani yoqlaydi.
Masalan, tabiiy qobiliyatni muhitga bog’liq deb hisoblaydi. Modomiki, ishchilarning bolalari ulg’ayadigan og’ir ijtimoiy muhitdagi kishilarning madaniy va intellektual rivojlanish darajasi past ekan. Mutlaqo tabiiyki, bu bolalar ham o’z ota-onalarining rivojlanishi darajasidan o’tib keta olmaydilar deydi u.
Ko’zga ko’ringan rus psixologi S.L.Rubinshteyn, A.N.Leontevning konsepsiyasiga norozilik bildirdi. Uning fikricha tug’ma iste'dod nishonalari bu reallikdir, uni rivojlantirish lozim.
Hayotiy kuzatishlar va maxsus tekshirishlar qobiliyatning tabiiy zaminini inkor qilib bo’lmasligini ko’rsatadi. Bir qator maxsus faoliyatlar borki, ular uchun tabiiy zamin xususan muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun zehn nishonalari bo’lgan kishi noqulay sharoitda ham zehn nishonalari bo’lmagan, lekin qulay hayotiy sharoitdagi kishiga nisbatan yuksak qobiliyat ko’rsata oladi. Va aksincha, masalan, bir oilada va bir maktabda rivojlanayotgan aka-ukalar yoki opa-singillar yaxshi yoki yomonligidan qat'iy nazar, bir xil ijtimoiy sharoitda bo’lganlarida ularning qobiliyati va rivojlanishi paytida ba'zan keskin farqlar kuzatiladi.
Qobiliyatning uchinchi konsepsiyasining tarafdorlari ancha to’g’ri pozisiyada turadilar. Ya'ni qobiliyat qulay ijtimoiy sharoit mavjud bo’lganda faoliyat jarayonida shakllanadi. Bu oxirgi konsepsiyada hayot o’zining butun xilma xilligi bilan aks ettiriladi va maxsus tadqiqotlar bilan tasdiqlanadi.
Bolada juda erta seziladigan psixologik xususiyatlar zehn yoki dastlabki tabiiy xususiyatlardir. Shuni aytib o’tish lozimki, B.M.Teplov haqli ravishda aytgandek, psixologik xususiyat har taraflama ahamiyatga ega bo’lib, ular xarakterning ham, qobiliyatning ham tabiiy asosini tashkil qiladi. Umumiy tipdagi xususiyatlar kuchda va tonusda ifodalanadigan faollik, vazminlik, in'ikos va harakat jarayonlarining sezgirlik darajasi, shubhasiz qobiliyatning tashkil topishiga ta'sir qiladi.
Badiiy tipning xarakterli belgisi shundaki, ular birinchidan, voqelikni yaxlit, to’la va jonli tarzda idrok etadilar, qolbuki mutafakkirlar uni bo’lib-bo’lib qabul qiladilar va shuning bilan go’yo uni jonsizlantiradilar.
Ikkinchidan, badiiy tip vakillarida tasavvur abstrakt fikrlashdan ustun bo’ladi. Fantaziya - deydi I.P.Pavlov - bu badiiy qobiliyat bo’lib birinchi signal tizimiga tegishlidir. Fikrlovchi tipda esa aql nazariy bo’lib, u so’z bilan bog’liqdir.
Uchinchidan, badiiy tip yuksak emosionallik bilan ajralib turadi, chunki birinchi signal tizimi I.P.Pavlov tili bilan aytganda asosiy emosional fondni tashkil qiluvchi miya qobiqi bilan yaqin bog’liqdir. badiiy tip hayajonli, muqarrar, emosional tipdir degan edi I.P.Pavlov va aksincha, mutafakkir tipda emosional fon va birinchi signal tizimi zaif bo’lsada, lekin u sog’lom va soddadil odam bo’ladi.
Ko’pchilik olimlar vunderkindlar jismonan zaif deb biladilar. Lekin bu xulosa noto’g’ri. Vunderkindlarning hammasi aqlan va jismonan soppa soq. Buni isbotlash uchun 20-yillarda amerikalik psixologlar tomonidan tadqiqotlar o’tkazilgan. Bu tadqiqotga A.Termen boshchilik qilgan. Ular tadqiqot uchun 15000 o’quvchilarni o’g’il bola va qizlarni saralab oldilar. Ular umumiy aqlan rivojlangan, o’ziga xos xususiyatli 6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar edi. Saralash jarayoni test natijalari va o’qituvchilarning tavsifnomasi asosida o’tkaziladi. So’ng bu o’quvchilar 10 yil mobaynida tadqiq etiladilar. Bu o’quvchilar boshqalarga nisbatan sog’liqlarining farqi yo’q, ular ham kasal bo’ladilar, asablari charchaydi. Lekin baribir ular boshqalarga nisbatan sog’lom, har tomonlama rivojlangan yetti muchali sog’ bolalardir.
Rus psixologi A.G.Kovalev o’z tadqiqotlarida qobiliyatning tabiati va tashxis qilish yo’llarini tekshirishga muvaffaq bo’lgan. Muallifning ta'riflashicha, qobiliyat deganda birorta xususiyatning o’zi emas, balki inson shaxsining faoliyat talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori ko’rsatkichlarga erishishni ta'minlay oladigan xususiyatlar ansambli yoki sintezini tushunish kerak. Uning ta'kidlashicha, qobiliyatning tuzilishida tayanch va yetakchi xususiyatlarni va nihoyat, muayyan fonni yoki yordamchi xususiyatlarni farq qilish kerak. Hamma qobiliyatlar uchun asosiy tayanch xususiyati-kuzatuvchanlik ko’ra bilish ko’nikmasidir. Uning yetakchi xususiyati ijodiy tasavvur qilishdir. A.G.Kovalyov yordamchi xususiyatlar qatoriga xotirani kiritadi, u faoliyat talablariga muvofiq ravishda o’ziga xos ko’nikishga ega, emosional ya'ni his-tuyg’uga beriluvchanlik xususiyati shaxsning faolligini oshiradi.
Mamlakatimiz psixologi M.G.Davletshin texnikaviy qobiliyat ustida tadqiqot ishlari olib borgan yetakchi mutaxassis hisoblanadi. Muallif texnikaviy qobiliyat deganda shaxsning individual psixik xususiyatlaridan tuzilgan shunday o’ziga xos birikmalarni tushunadiki, u shaxsning texnikaviy faoliyatga yaroqlilik darajasini va u bilan muvaffaqiyatli ravishda shug’ullana olishini aniqlaydi.
M.G.Davletshin ham an'anaviy yo’ldan borib, texnikaviy qobiliyatlarni ikkita o’sha nomdagi tipga ajratadi hamda yetakchi tayanch xususiyatlarini o’zgarishsiz qoldiradi. Lekin boshqalardan farqli o’laroq, bunda yetakchi xususiyatlar rivojlangan texnikaviy fikrlash va fazoviy tasavvurdan iboratdir. Uning talqinicha, texnikaviy iste'dodli shaxs bo’lish uchun unda a) amaliy jihatdan
fahmli; b) texnik moslamalarni tahlil qila olish qobiliyati; v) narsalarni montaj qilib qismlardan butun hosil qila olish qobiliyati bo’lishi shart.
M.G.Davletshin texnikaviy iste'dod ko’rsatkichlarini an'anaviy baholashni tan olgan holda (ko’z bilan chamalash, fazoviy tasavvur, texnikaviy tahlil, konstruksiyalash qobiliyati) o’zining original yondashuvini ishlab chiqqan. Texnikaviy qobiliyat darajasini tashxis qilish uchun tekshirishlarda ishlab chiqilgan eksperimental masalalarning to’qqizta seriyasidan foydalanadi.
Keyingi yillar ichida o’zbekiston psixologiyasida ham qobiliyat va iste'dod masalalari bo’yicha bir qancha psixologlar ish olib bormoqdalar. Bu sohada B.R.Qodirov, B.S.Sodiqov, E.G’.G’oziev, V.A.Tokareva, Z.Nishonovalarning tadqiqot ishlari ma'lum bo’lib, qobiliyat, iste'dod tushunchalariga o’z ta'riflarini berganlar.
B.R.Qodirovning fikricha: "Ma'lum bir faoliyatga qiziqmay turib qobiliyat haqida gapirib bo’lmaydi. Va o’z navbatida har qanday qobiliyatli bola hali iste'dodli degani emas. Ko’p qirrali va rivojlangan qobiliyatlar iste'dodli bola shaxsining moddiy asosini tashkil etadi, xolos. Aksincha, iste'dodli bola qobiliyatsiz bo’lishi mumkin emas. Bu fikrlardan ko’rinib turibdiki, iste'dodli bola sof fikrli, har xil qobiliyatga va umuman aqliy rivojlanishga tayyor turgan hozirjavob, nodir shaxsiy xususiyatlarga to’la boladir.