1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
4. Yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlaridan asrashning dolzarb masalalari. Internet fan-texnika taraqqiyoti natijasi, madaniyat evolyusiyasining hosilasi hisoblanadi. Hozirgi kuna hayotini internetsiz tasavvur qilish juda mushkul. Ayniqsa, yoshlar hayotida global tarmoqning o‘rni tobora oshib bormoqda. Internet dunyoning turli nuqtalarida yashovchi odamlarning o‘zaro muloqotini hamda axborot almashinuvini mukammal darajada osonlashtirdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internetdan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan.
O‘zbekistonda ham Internet tizimi rivojlanib, undan foydalanuvchilar safi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda. So‘nggi o‘n yilda global tarmoqdan foydalanuvchilar o‘n barobarga oshgan. Tarmoq orqali axborot izlash, qabul qilish, uzatishning juda qulay va ommabopligi undan foydalanuvchilar sonining tobora ortib borishini ta’minlamoqda. Internet yoshlar ongi va hissiyotlariga, tafakkur tarziga, xulq-atvorlariga ta’sir ko‘rsatishda katta imkoniyatlarga ega. Internetning rivoji yoshlarga g‘oyaviy ta’sir o‘tkazishning miqyosi va ko‘lamining keskin darajada o‘sishiga olib keldi.
Globallashuvning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘lgani kabi, internet tarmog‘i ham shunday xususiyatlarga ega ekanini unutmaslik zarur. Albatta, global tarmoq – ulkan resurs. Biroq, bu resursdan kim va qanday maqsadlarda foydalanishi ham juda jiddiy masalalar sirasiga kiradi. Xususan, ma’lumotlarda keltirilishicha, bugungi kunga kelib, internet tarmog‘ida ma’naviy-axloqiy tubanlikni targ‘ib etuvchi sahifalarning soni bir necha yuz millionni tashkil etgan.
Ushbu fakt va raqamlar internet sanoati rivojlanib borayotgan davrda kishilarning axborotlarga nisbatan juda ehtiyotkorlik, ogohlik va ziyraklik bilan munosabatda bo‘lishlarini taqozo etadi. Boshqacha aytganda, kishilarimizda, ayniqsa, yoshlarda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Diniy-ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Masalan, bugungi kunda bir necha yirik terrorchi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan 17-35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Bunda psixologik ta’sir samaradorligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoq a’zolarining sahifalari, qo‘yilayotgan rasmlar, sharh va izohlar hamda olib borilayotgan suhbat mavzularini puxta o‘rganadi va Shu asosda «nishon»ga olingan shaxsga mavzuga oid materiallar internetning Facebook, Odnoklassniki, VKontakte, Telegram, Twitter, WhatsApp kabi keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (yozma xabar, matn, fotosurat, stiker rasmlar, audio-video rolik) jo‘natiladi va o‘zaro aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi «fatvo»larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Chunki dunyo aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlar katta kuch hisoblanadi. Ularning endi shakllanib kelayotgan ongiga nimani singdirilsa, o‘sha toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanadi. Shuning uchun ham radikal oqimlar aynan yoshlarni tuzog‘iga ilintirishga harakat qiladi. Ulardagi ishonuvchanlik, kuch-g‘ayrat, qiziqqonlik ularning maqsadini amalga oshirishda qo‘l keladi.
Ayni paytda, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan dastur ichida «WhatsApp», «Telegram» tarmoqlari etakchi o‘rinni egallaydi. Ilm-fanning yutug‘i bo‘lmish bu yangiliklar insonlarning uzog‘ini Yaqin, mushkulini oson qilayotgani Shubhasiz. Shu bilan birga, bu kashfiyotlar dunyo yangiliklaridan bir zumda voqif bo‘lish va ma’lumotlarni oson tarqatish imkonini ham beradi. Biroq, mazkur tarmoqlarda millatlar va dinlar o‘rtasida adovatni keltirib chiqaruvchi, nizoli vaziyatlarga sabab bo‘luvchi, Shuningdek, insonlar orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan ig‘vo, fitna-fasod xabarlarning keng tarqatilayotgani ko‘pchilikni tashvishga solishi tabiiyil Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida urfga aylangan mazkur muloqot tizimidan diniy-ekstremistik oqim a’zolari ham unumli foydalanmoqda. Chunki internet orqali aloqa bog‘lashning osonligi, foydalanuvchilar sonining ko‘pligi, aloqaning anonimligi, tashqaridan boshqarish va tahrir qilish cheklanganligi, axborotlar qisqa muddatda keng makonda tez tarqalishi, faoliyat sarf-xarajatlarining bir necha barobar kamligi terrorchi guruhlar uchun o‘z tarafdorlari sonini ko‘paytirishning qulay jihatlaridan biri hisoblanadi.
Ming afsuski, bunday manfur kuchlar asosan ilm va ma’rifatdan yiroq, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmagan kishilarni, asosan yoshlarni jalb etishga intilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali «jihod», «takfir», «shahidlik», «hijrat» tushunchalarini noto‘g‘ri talqin etgan holda o‘z Vatanlarini tark etishga urinmoqda. Shuningdek, ayrim kimsalar tomonidan maqsadli ravishda islom mohiyatiga zid bo‘lgan turli xil asossiz axborotlar, manbasi aniq bo‘lmagan diniy tusdagi xabarlar yoki kishilarni vahimaga soluvchi foto va videolavhalar keng targ‘ib etilmoqda. Bunda ba’zi yoshlarning axborot vositalari orqali tarqatilayotgan milliy va diniy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan xabarlar, aniq manbasi ko‘rsatilmagan, asossiz axborot va ma’lumotlarga ishonib qolishayotgani, mulohaza qilmasdan ko‘r-ko‘rona qabul qilayotgani undan ham keskin oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Yosh avlodda bu jihatlar shu darajada shakllangan va qaror topgan bo‘lishi lozimki, ular vertual makonda umummilliy manfaatga xizmat qiladigan, uning taraqqiyotiga yordam beradigan axborotni tanlay olsin. Axborot iste’moli madaniyatiga ega yoshlar, salbiy va noxolis axborotlar ta’siriga tushib qolmaydi, Chunki ularda bunday axborotlarga nisbatan mustahkam mafkuraviy immunitet shakllanadi.
«Kimki axborotga ega bo‘lsa, u, dunyoga egalik qiladi», degan fikr bugungi kunda barcha tomonidan e’tirof etilgan. Shunday ekan, bugungi kunda yoshlarda axborot olami imkoniyatlaridan oqilona foydalanish malakasini shakllantirish hayotiy-amaliy ahamiyatga ega.
Internetda buzg‘unchiliklarni targ‘ib qiluvchi veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqdagi guruhlar soni kun sayin ko‘paymoqda. Turli yolg‘on ma’lumotlar ko‘paygan bir vaqtda to‘g‘ri va haqqoniy axborotni ajratish yo‘llarini bilish lozim. Jumladan, bunday sharoitda ajdodlar tutgan yo‘lni tanlash kerak. Imom Buxoriy hazratlari hadislarning sahih, zaif va to‘qimalarini ajratishda juda mohir bo‘lganlari sir emas.
Rivoyat qilinishicha, Imom Buxoriy bir hadisning roviysi, ya’ni rivoyat qiluvchisini qidirib topadilar. Lekin roviy bir hayvonni quruq qo‘l bilan aldab, qo‘raga olib kirayotganini ko‘rib, suhbatlashmasdan qaytadilar va undan hadis rivoyat qilmaylar.
Demak, har bir olingan ma’lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o‘sha ma’lumotga qarab ish tutish islom mohiyatiga ko‘ra, shayton yo‘liga kirish hamda yolg‘onchi bo‘lib qolish bilan barobar bo‘ladi. Chunki bunda xabar tarqatayotgan kishining g‘arazli maqsadini amalga oshirishiga zamin yaratib qo‘yiladi.
Yoshlarni turli xildagi yot g‘oyalardan asrashda quyidagilarga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.