Yoshlarni falsafiy bilimlar bilan qurollantirish zaruriyati.
Falsafiy refleksiya va u bilan mushtarak bo‘lgan harakatlarning mazkur yo‘nalishi XX asrda hatto butun bir yo‘nalish – amaliy falsafa vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.Bunda falsafa siyosiy, ijtimoiy va boshqa qarorlar qabul qilishga muqarrar tarzda va bevosita ta’sir ko‘rsatadi, deb aytish mumkin emas, ammo bu holni butunlay istisno etish ham o‘rinli bo‘lmaydi. Biroq shu narsa aniqki, falsafa odamlar dunyoqarashini shakllantirish orqali ularning xulq-atvorini, yuqorida zikr etilgan qarorlarni ishlab chiqish jarayonida ularning yondashuvlarini ham ko‘p jihatdan belgilaydi, faylasuflarning o‘zlari esa ba’zan odamlar hayotini butunlay o‘zgartiruvchi muhim, g‘oyalar tashabbusi bilan chiqadilar.
Faylasuflar jamiyatdagi ma’naviyat va axloqning holati uchun ham sezilarli darajada javobgardirlar, zero ular nafaqat ijtimoiy me’yorlar va tamoyillarni rivojlantiradilar, ulardan dars beradilar yoki kitoblar, maqolalar orqali ijtimoiy ongni ular bilan oshno etadilar, balki aksariyat hollarda keng jamoatchilik fikrini uyg‘otadigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy muammolar, madaniyat va ma’naviyat masalalariga doir muhokama va munozaralar tashkil etadilar.
Falsafaning ijodiy xarakteriinsonnning o‘z qobiliyatini dunyoni bilishga va uni o‘zlashtirishga yo‘naltirishida namoyon bo‘ladi. Falsafa jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan holda, ayni vaqtda fan bilan doim yaqin aloqada ish ko‘radi. U yoki bu fan qanday muayyan muammolarni hal qilishidan qat’iy nazar, ular bilan bog‘liq jarayonlar va hodisalarga, ya’ni butun vaziyatga, shu jumladan oxir-oqibatda olingan natijalarga nisbatan falsafiy yondashuv doimo zaruriy shart hisoblanadi. Muayyan fan predmetiga va uning oldida turgan muammolarga nisbatan bunday keng bilimning boshqa sohalarida erishilgan eng so‘nggi yutuqlarni ham aks ettiradigan yaxlit yondashuvsiz fundamental kashfiyotlar qilish ham, umuman fanning rivojlanishiga erishish ham mumkin emas.