XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ilg‘or falsafiy, ijtimoiy-siyosiy fikrlar. Turkistonning XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi hayoti murakkab ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy vaziyatiga to‘g‘ri keladi. XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya tomonidan Turkistonning istilo qilinishi natijasida o‘lka hayotida ayanchli va keskin o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishga bo‘lgan ehtiyojiga, unga nisbatan jadal mustamlakachilik siyosatini yurgazishiga harbiy-siyosiy maqsadi va iqtisodiy ahvoli sabab bo‘ldi. Rossiyaning o‘sha davrdagi rivojlanayotgan yengil sanoati uchun paxta, pilla, qorako‘l va boshqa xom ashyolar zarur edi. Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo istilosiga g‘oyaviy tayyorgarlik XVIII asr boshlarida Pyotr I tomonidan boshlangan bo‘lsa, huddi shu davrdan boshlab Turkistonda ham istilo uchun tabiiy sharoit etila boshladi. XVIII-XIX asrlarda avj olgan mahalliy oqimlarning o‘zaro urush va janjallari, Turkistonning uchta mustaqil xonlikka bo‘linishi, ularning orasidagi o‘zaro ziddiyatlar, urushlarning avj olishi diniy mutaassiblikning rivojlanishiga olib keldi. Bu holat jamiyatda din peshvolarini muayyan mavqega ega bo‘lib, har qanday fan va madaniyat yangiliklariga musulmon axloqiy normalari, islom dini nomidan ko‘r-ko‘rona qarshilik ko‘rsatib, diniy aqidaparastlikni avj oldirishga sabab bo‘ldi. Natijada Turkiston xalqlarining iqtisodiy va madaniy hayoti tanazzulga yuz tutdi.
Turkiston hududidagi Chor istilosiga qarshi harakatlar milliy istibdodga, chorizm istilosiga qarshi xalq qo‘zg‘alonlarining turli xildagi ko‘rinishi edi. Tarixiy ma’lumotlarda 1905 yilga qadar Turkistonda to‘rt mingga yaqin milliy ozodlik harakatlari bo‘lib o‘tgani qayd etilgan30. Ushbu harakatlar zamirida, aksariyat hollarda, mahalliy aholidan ko‘chirib kelinayotgan xalqlarga er-suvni olib berishga qarshi isyon yotar edi: «General Kuropatkin xokimiyat o‘z ehtiyojlari uchun qancha xohlasa, shuncha darajada Yer va suvni ishlatishi mumkinligiga ishonar edi. Shuning uchun ham mustamlakani mustahkamlash uchun etnik tozalashdan foydalanish va Rossiyadan yangi emmigratsiyani tashkil etish lozim bo‘ldi»2. To‘rt mingga yaqin ozodlik harakatlari mahalliy kayfiyatdagi istibdodga nisbatan isyon, ozodlikka intilish aynan ana shu davrlardanoq istilochilar tomonidan qatag‘on qilingan. Bir necha misollarni keltirish mumkin: 1) Dukchi Eshon qo‘zg‘olonida chor askarlaridan 22 nafari o‘ldirilgan, 16 nafari yarador bo‘lgan, buning evaziga Mingtepa, Tojik, Qashg‘ar qishloqlari uch kun to‘pga tutilgan, chor askarlari tomonidan O‘qchi qishlog‘idagi aksariyat erkaklar otib o‘ldirilgan. Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni bo‘yicha ochilgan jinoiy ishda 400 dan ortiq odam jinoiy javobgarlikka tortilib, mol mulki musodara etilgan31; 2) 1881 yil 12 yanvarida Ko‘ktepada 22,5 mingdan ziyod begunoh turkman, qozoq, o‘zbek, qirg‘iz general Skobelev guruhi tomonidan vahshiyona chopib tashlanadilar32; 3) 1864 yil o‘ris zulmiga qarshi Ettisuvdagi dunganlar qo‘zg‘olon ko‘tardilar, lekin ular qirib tashlandi, hammayoq qonga botirildi33. Ushbu qo‘zg‘olonlar haqida rus mualliflarining o‘zi shunday ta’kidlaydi: «Istilo davridagi xalq ozodlik harakatlari oldida turgan asosiy inqilobiy vazifa mustaqillikni boy bermaslik edi»34.
O‘zbek xalqining millat bo‘lib shakllanishi, mustaqil davlat g‘oyasi, milliy o‘zlikni anglash, xalq tafakkurini tubdan o‘zgartirish masalalarini birinchi bo‘lib jadidlar ko‘tardilar.
Ushbu harakatning aynan milliy kontekstda namoyon bo‘lishining o‘zi inqilobiy hodisa edi, chunki, jadidchilik vujudga kelgan davrga qadar Markaziy Osiyo hududida mahalliy xalqlar identifikatsiyasi milliy emas, hududiy nuqtai nazardan amalga oshirilgan. Jadidchilikning vujudga kelishi Turkistonning XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi murakkab ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy vaziyatiga to‘g‘ri keladi.
Istilo siyosati oqibatida turkistonliklarni ezish va ijtimoiy hayotning oyoq osti qilinishi ularning milliy ongining kuchayishiga olib keldi. Istilo siyosatiga qaramaqarshi o‘laroq millatparvarlik siyosati maydonga chiqdi. Natijada chor Rossiyasi davrida turkiy, islomiy madaniyatni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan milliy harakat kun sayin kuchayib borayotgan rus madaniyati ta’siriga qarshilik ko‘rsatishni maqsad qilib qo‘ygan Turkiston jadidchilik harakatiga aylandi;
XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi tabiiy ijtimoiy jarayon va hodisalar tufayli jadidchilik zaruriy oqim sifatida vujudga keldi. va bu yirik ijtimoiy siyosiy oqim o‘z navbatida milliy o‘zlikni anglashdek, tafakkur tarzini hosil qildi. Bu tafakkur tarzining ilmiy-nazariy, falsafiy ifodasi jadidchilik rahnamolari va vakillari ijodida aks etdi; Turkistondagi jadidchilik harakati rus hukmdorligi yoki madaniyatini qabul qilish uchun emas, balki rus bosqinchilariga qarshi kurashda milliy ruhni yangilash, mamlakatni zamonaviylashtirish va G‘arb mamlakatlaridagi kabi mustaqil davlat barpo etish, millatni saqlab qolish uchun yuzaga kelgan milliy demokratik harakat edi. Bu harakatning vujudga kelishida tashqi siyosiy omillar ham katta ta’sir ko‘rsatgan. To‘g‘rirog‘i, jadidchilikning o‘zi XIX asr oxiri, XX asr boshlarida butun Sharq dunyosida qo‘zg‘alayotgan demokratik oqimning bir qismi edi. Tarixdan ayonki, dunyo bu davrga kelib Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQSH, Italiya, Yaponiya, Ispaniya, Portugaliya va Rossiya kabi davlatlar tomonidan bo‘lib olingach, kapitalistlarning jahon monopolistik ittifoqi vujudga kelgan va mustamlaka xalqlari ikki tomonlama zulm natijasida g‘oyat og‘ir, nochor ahvolda qolgan edilar. Oqibatda mustamlakadagi xalqlarning ziyolilari orasida asta-sekin qaram xalqlarni qashshoqlikdan qutqarish uchun milliy ozodlik harakatlari uyg‘ona boshladi. Bir qancha Sharq mamlakatlarida Jamoliddin al-Afg‘oniy (1839-1897), Muhammad Abdo ( 1848-1905) kabi jamoat arboblari rahbarligida G‘arb mustamlakachilariga qarshi harakat avj olib, asta-sekin jadidchilik-taraqqiyparvarlik g‘oyalarining tarqalishiga zamin yaratib berdi. «Jamoliddin al-Afg‘oniy ta’limoti o‘z mohiyatiga ko‘ra juda qarama-qarshi bo‘lsa-da, nafaqat Misrda, balki Sharq mamlakatlarining musulmonlari tomonidan ham qizg‘in qabul qilindi va XIX asr oxirlarida musulmon ziyolilari dunyoqarashining shakllanishida katta ta’sir ko‘rsatdi»35. Jamoliddin al-Afg‘oniy va Muhammad Abdo o‘zlarining diniy islohotchilik, ma’rifatparvarlik va ijtimoiy-siyosiy faoliyatlarida musulmonlarni ilg‘or siyosiy hayotga, mustamlakachilarga qarshi birlashishga chaqirdilar.
Jahon tajribasidan xulosa chiqarib, Sharq xalqlarining istibdodga qarshi shakllangan turkparastlik va islomparastlik ko‘rinishidagi qarshilik oqimlaridan g‘oyaviy quvvat olib, milliy yo‘nalishda rivojlangan jadidchilikning kelib chiqishida ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy omillar mavjud. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon kabi jadidlar ilmiy merosida ma’rifatparvarlik ta’limoti etakchi o‘rin tutadi. Turkistonda ma’rifatparvarlik g‘oyasini rivojlantirishning o‘ziga xos tomoni, u istilo siyosati oqibatida vujudga kelgan millatparvarlik harakati bilan chambatchas bog‘liq. Huddi shu xususiyat bilan jadidchilik XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan islomparastlik va turkparastlik harakatlaridan mohiyatan farq qiladi. Islomparastlik va turkparastlik harakatlari maqsad nuqtai nazaridan umumiy islom dunyosi yoki umumiy turk dunyosi birligi g‘oyasini ilgari surgan, o‘z tabiatida osiyosentrizm g‘oyasini ifodalar edi. Jadidchilik mafkurasi taraqqiyot yo‘lini, ma’rifatparvarlik yo‘lini aynan milliy identifikatsiya orqali, umuminsoniy taraqqiyotga millat nuqtai-nazaridan rivojlanish orqali erishishni tashviqot qilgani uchun ham yuqorida nomi qayd etilgan ta’limotlarga nisbatan taraqqiyparvar edi. Har bir vujudga kelgan ta’limot o‘ziga o‘xshash, o‘zidan avvalgi kelgan ta’limotlarning eng yaxshi tomonlarini olib mukammallashishi nuqtai nazaridan ham jadidchilik taraqqiyparvarlikni namoyon etgan. Shuning uchun millatparvarlik va ma’rifatparvarlik ta’limotlari Turkiston ziyolilari ijodlari va faoliyatlarida bir-birining tarkibiy qismiga aylandi.