Dunyoqarashning tuzilishi - dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etish bo‘lib, bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini subektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishida namoyon bo‘ladi. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, yani borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir.
Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish barcha tirik mavjudodlarga xos bo‘lsa xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat insongaga xos xususiyatdir.
Dunyoqarashda bilish, qadriyatlarga munosabat va xulq-atvorni belgilash funksiyalari mujassamlashadi.
Dunyoqarashning bilish funksiyasi insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi.
Dunyoqarashning qadriyatlarga munosabat funksiyasi – insonnning hayotni va o‘zini oliy qadriyat deb hisoblagan holga shakllanadi. Zero, o‘z qadrini bilmagan inson o‘zgalar qadrini bilmaydi va hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi.
Dunyoqarashning xulq atvorni belgilash funksiyasi – insonda o‘z-o‘zini tarbiyalash, manaviy madaniyatini takomillashtirish va faqat o‘zining manaviy dunyosiga munosib muhit tanlash malakalarini shakllantiradi..
Shu bois, muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi.
Dunyoqarashning intellektual, emotsional va ruhiy asoslari uzviy bog‘liq bo‘lib, ular har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qiladi. Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi.
Dunyoqarashga subektning yoshi, jismoniy va ruhiy holati, fel-atvori xususiyatlari, odatlari va e’tiqodlari, shuningdek milliy madaniyat tipi, etnos xususiyatlari va ijtimoiy-madaniy omillar o‘z tasirini ko‘rsatadi. Dunyo haqidagi tasavvurda obektiv va subektiv tomonlarni ajratish ham o‘rinli bo‘ladi.
Dunyoqarashning shakllanishi jarayonida subektning e’tiqodlari, qilmishlari va harakatlari majmui vujudga keladi. Dunyoqarashda inson va insoniyat o‘zligini namoyon etadi. Dunyoqarash inson xulq-atvori, uning barcha harakatlari va qilmishlari uchun fikrlash maydoni sifatida amal qiladi. Dunyoqarashning mental mezoni sifatida ongda ishonch va e’tiqod maydonga chiqadi. Dunyoqarash umumiy va shaxsiy ahamiyatga molik mo‘ljal tarzida namoyon bo‘lishi mumkin.
Dunyoqarashda hayotga oid, mifologik, diniy, badiiy, siyosiy, ilmiy qarashlar o‘rin oladi.
Dunyoqarash amaliy va nazariy darajalarda amal qiladi. Dunyoqarashning amaliy darajasi stixiyali tarzda shakllanadi va unda dunyoning manzarasi hayot haqidagi tipik tasavvurlar to‘plami namoyon bo‘ladi. Bu to‘plam kundalik hayotda ayniqsa ko‘p uchraydigan vaziyatlardan, mazkur muhitga xos bo‘lgan ko‘nikmalar, munosabatlar va odatlardan tarkib topadi. Bunday dunyoqarashga uning egasiga xos bo‘lgan kasbiy mo‘ljallar ayniqsa kuchli tasir ko‘rsatadi. Xulq-atvor reaksiyalari tipining shakllanishida subektning kasb-kori (amaldor, savdo xodimi, ofitser, uy bekasi, shifokor va h.k.) hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Oddiy dunyoqarash egasi dunyoga munosabatning o‘z muhitiga ayniqsa xos bo‘lgan andozalarini umumlashtirib, ularni harakatlar va qarashlarning o‘zgartirish oson bo‘lmagan muayyan mezoniga aylantiradi. “Oddiy dunyoqarash” kategoriyasining sinonimlari sifatida “kundalik dunyoqarash”, “amaliy dunyoqarash”, “noilmiy dunyoqarash” tushunchalari amal qiladi.
Dunyoqarashning nazariy darajasi voqelikning bevosita inikosi emas, balki dunyo haqidagi ideallar va konseptual modellar majmuidir. Aynan ideallar dunyoqarashni – kelajakni shakllantiruvchi va belgilovchi ideal kuch sifatida tavsiflaydi. Nazariy darajaning izchil rivojlanishi insonda amalda mavjud bo‘lgan dunyoqarashning boshqa qatlamlarini, xususan mifologik dunyoqarash qoldiqlari yoki kundalik dunyoqarash unsurlarini inkor qilmaydi. Nazariy dunyoqarash asrlar davomida individning ijtimoiylashuvi jarayonining mahsuli hisoblanadi. Bunda individ o‘zining voqelikka bo‘lgan munosabatida jamiyatdan olinadigan nematlarni bevosita o‘zlashtirishdan tarixiy bunyodkorlik va insoniy qadriyatlar mazmunini tushunishga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.
Shunday qilib, dunyoqarashning har bir darajasi inson hayot faoliyatida o‘z vazifalarini hal qiladi. Ularning ahamiyati va o‘ziga xosligi ham shundadir. Tanqid faqat u yoki bu (diniy, oddiy, pragmatik yoki ssientistik) dunyoqarash universallikni asossiz ravishda davo qilgan holda o‘rinli bo‘ladi.
Shubha dunyoqarashning muhim elementi bo‘lib, u insonni dogmatizm, yani biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din, falsafa va fan bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir.