Dastlabki fan davri va ilk fan bosqichi. Miloddan avvalgi I ming yillikdan XVI asrgacha bo‘lgan davr ilk fan bosqichidir. Bu bosqichda asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, hayot tajribasi va mehnat faoliyati jarayonida olingan amaliy bilimlar bilan bir qatorda juda umumiy va mavhum mushohadalarga asoslangan nazariyalar xususiyatiga ega bo‘lgan tabiat haqidagi dastlabki falsafiy tasavvurlar (naturfalsafa) vujudga kela boshlagan. Ilmiy bilim kurtaklari naturfalsafa doirasida uning elementlari sifatida shakllangan. Matematik, astronomik, tibbiy va boshqa masalalarni echishda foydalaniladigan malumotlar, usullar va metodlar jamlanishi bilan falsafada tegishli bo‘limlar vujudga kelgan va keyinchalik astasekin shakllanayotgan ayrim fanlar: matematika, astronomiya, tibbiyot va hokazolarga ajralib chiqgan.
Jumladan, Aristotelning falsafiy asarlarida fizika, zoologiya, embriologiya, mineralogiya, geografiya kabi fanlarning kurtaklariga duch kelish mumkin. Miloddan avvalgi III-II asrlarda falsafiy bilim tarkibida statistik mexanika, gidrostatika, geometrik optika (xususan, ko‘zgular haqidagi alohida fan – «katoptrika») farqlanadi va nisbatan mustaqil ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mutafakkirlari al-Xorazmiy matematika, al-Farg‘oniy astranomiya, al-Beruniy mineralogiya va geografiya, Ibn Sino tibbiyot, Mirzo Ulug‘bek astranomiya, Alisher Navoiy adabiyot ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shdi va ular ijodi mahsullari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Biroq bu fanlarda ayrim tasodifiy kuzatishlar va amaliyot malumotlari umumlashtiriladi-yu, lekin eksperimental metodlar hali qo‘llanilmaydi, aksariyat nazariy qoidalar esa asossiz va tekshirib bo‘lmaydigan spekulyasiyalar mahsuli hisoblanadi. Ammo ko‘rib chiqilayotgan davrda vujudga kelgan ilmiy fanlar bu davr mobaynida falsafiy bilim qismlari sifatida talqin qilinishda davom etgan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, hatto XVII asr oxirida Nyuton o‘zining fizika asoslarini yaratgan «Natural falsafaning matematik asoslari» deb nomlangan asarini elon qilgan. Shunday qilib, falsafadan alohida faoliyat sohasi sifatidagi fan hali mavjud bo‘lmagan: u asosan falsafa doirasida, ilmiy bilimlarning boshqa manbai – hayot amaliyoti va hunarmandchilik sanati bilan bir vaqtda va u bilan juda zaif aloqada rivojlangan.
Xullas, bu davrda Qadimgi Yhnonistonda “Platon akademiyasi”(2013 yilda
Platon akademiyasiga 2400 yil to‘lishi bilan XXIII Jahon Falsafa Kongressi Gretsiyaning Afina shahrida o‘tkazildi), Markaziy Osiyoda “Mamun akademiyasi” tashkil etilgan, ilmiy bilim rivojida muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsada, madaniyatning alohida shakli sifatida fan paydo bo‘lishidan oldingi «embrional» davri hisoblanadi.
Haqiqiy fan davri fan taraqqiyotining birinchi bosqichi bilan boshlanadi. XVI-XVII asrlar – 1 ilmiy inqilob davri bo‘lib, u klassik fan bosqichi deb nomlanadi va XIX asrgacha davom etadi. U Kopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va Leybnitsning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Fanning buyuk ijodkorlari Galiley va Nyuton yashagan davr –kashfiyotlar, shuningdek sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi kurash olib borilgan romantik davrdir.
Bu davrda hozirgi vaqt tabiatshunosligining asoslari yaratilgan. Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim dalillar tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog‘liq bo‘lgan yangi meyorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o‘z metodologiyasini yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni yechishga tobora faolroq yo‘naltirilgan. Biroq fan o‘zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan sug‘orilgani sari – falsafadan uzoqlasha boshlaydi. Bu davrda fan falsafiy, diniy, teologik aqidalardan qatiy nazar rivojlanishi mumkin bo‘lgan ilmiy bilimlar tizimi sifatida tushunila boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi. Professional olimlar paydo bo‘ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O‘z faoliyati, muloqot va axborot ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo‘lgan ilmiy hamjamiyat vujud keladi.