Fanning funksiyalari.Fan tarixiy taraqqiyotining modellarini evolyusion ketma-ketlikda quyidagicha ifodalash mumkin: 1. Psixologik model -ilmiy bilish, eng avvalo, insoniyat uchun zaruriyatdir. (bilish jarayoni va bilim faqat insongagina xos, shu bois inson bilimga doimiy ehtiyoj sezadi va shu bois dunyoni bilishga intiladi).
2. Ma’naviy-intellektual model-ilmiy bilim va ilmiy faoliyat insonning tug‘ma ehtiyojlarini qondiradi. (Bilishga tug‘ma ehtiyoj faqat insonga xos)
3. Utilitar pragmatik model -ilmiy bilim inson uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlarni yaratishda qo‘llaniladigan texnologiyalarni ishlab chiqarishda foydalaniladi (issiqlik, yorug‘lik, transport, aloqa vositalari).
Bu funksiyalar fanning ijtimoiy hodisa sifatida amal qilish mexanizmlarini ta’minlaydi. Bu holat qisman fan o‘z zimmasiga yangi va yangi funksiyalarni olib rivojlangani, qisman u ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida amal qilib, ob’ektiv va shaxssiz qonuniyat haqida emas, balki fan-texnika taraqqiyotining barcha yutuqlarini amalga tatbiq etish haqida o‘ylay boshlagani bilan izohlanadi.
Fan, ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida, ko‘p sonli munosabatlar, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, mafkuraviy, ijtimoiy-tashkiliy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Bilish faoliyati madaniyat borlig‘i bilan mushtarakdir. Fanning funksiyalari quyidagilar:
Haqiqiy bilimni yaratish funksiyasi fan binosini quruvchi asosiy funksiya hisoblanadi. U kichik funksiyalar: tavsiflash, tushuntirish, prognoz qilishga bo‘linadi. Fanning asosiy maqsadi doim ob’ektiv bilimlarni yaratish va tizimga solish bilan bog‘liq, shu bois, fanning zaruriy funksiyalari tarkibiga borliq jarayonlari va hodisalarini fanda kashf etilgan qonunlar asosida tavsiflash, tushuntirish va bashorat qilish kiritilgan. Fanning loyihalash-konstruksiyalash funksiyasi borliqni amalda o‘zgartirish bosqichidan oldin keladi va har qanday darajadagi intellektual izlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Loyihalash-konstruksiyalash funksiyasi mutlaqo yangi texnologiyalarni yaratish bilan bog‘liq bo‘lib, bu bizning davrimizda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi5. (Inson qo‘li bilan yaratilgan binolar, ko‘priklar inshootlar va shuningdek barcha tabiatni o‘zgartirishga yo‘nalgan faoliyat birligi shu funksiyada o‘z ifodasini topadi).
Fanning madaniy-texnologik funksiyasi insonning materialga ishlov berish, uni o‘zlashtirish va bilish jarayoniga jalb qilish bilan bog‘liqdir. (Insonning pragmatik ehtiyojlariga javob beruvchi texnika va texnologiyalarning yaratilishi, tikish va kir yuvish mashinalari, aravalar o‘rnida yaratilgan avtomobilllar, qayiqlar o‘rnida yaratilgan kemalar va x.k). Fanning madaniy-texnologik funksiyasi o‘zining protsessualligi bilan kuchli. U avvalo insonni faoliyat va bilish sub’ekti sifatida shakllantirishni nazarda tutadi. Individual bilishning o‘zi faqat madaniyatda qabul qilingan va mavjud bo‘lgan madaniylashtirilgan, ijtimoiy shakllarda amalga oshiriladi. Individga bilish vositalari va usullari tayyor holda taqdim etiladi. Individ ular bilan ijtimoiylashuv jarayonida tanishadi. Tarixan u yoki bu davrning kishilik jamiyati doimo borliqni o‘rganishning umumiy leksik vositalariga ham, umumiy vositalarga ham, maxsus tushunchalar va taomillarga ham ega bo‘lgan. Ilmiy bilim hayotga chuqur kirib, odamlar ongi va dunyoqarashini shakllantirishning muhim negizini tashkil etib, shaxsning shakllanishi yuz beruvchi ijtimoiy muhitning ajralmas tarkibiy qismiga aylandi.
Fanning ijtimoiy tartibga solish funksiyasi jamiyat ehtiyojlariga ta’sir ko‘rsatadi, oqilona boshqarishning zaruriy shartiga aylanadi. Har qanday yangilik dalillar bilan ilmiy asoslashni talab qiladi. Fanni ijtimoiy tartibga solish funksiyasi muayyan jamiyatda shakllangan ta’lim va tarbiya tizimi, tadqiqotchilik faoliyati va fan etosiga jamiyat a’zolarini jalb qilish orqali amalga oshiriladi. (ta’lim tizimidagi islohotlar misolida tushuntiriladi). Fanni olimlar hamjamiyati rivojlantiradi. SHu sababli fan muayyan ijtimoiy va kasbiy tashkilotga, rivojlangan kommunikatsiyalar tizimiga ega bo‘ladi. Frensis Bekon o‘z davrida shunday deb qayd etgan edi: «Fanning takomillashuvini biron-bir odamning qobiliyati yoki uddaburonligidan emas, balki bir-birining o‘rniga keluvchi ko‘plab avlodlarning izchil faoliyatidan kutish lozim». Olim – doim u yoki bu ijtimoiy-madaniy muhit vakili. Mavjud ilmiy-ijodiy imkoniyatlarga butun ijtimoiy-madaniy maydonning ta’siri fan preparatining «soflik» darajasini ko‘rsatadi.
Fanda haqiqatni izlash, tanqid, bahs, munozara qo‘llab-quvvatlanadi. Olim o‘zining kasbiy mahoratini maqolalar, asarlar e’lon qilish, ilmiy davralarda ma’ruzalar bilan chiqish, fanga doir malakaviy talablarga javob berish orqali muttasil tasdiqlaydi va ko‘pincha o‘z opponentlari-hamkasblari bilan ham, jamoatchilik fikri bilan ham murakkab munosabatlarga kirishadi. Olim faoliyatining e’tirof etilishi unga ilmiy daraja va unvonlar berilishi bilan bog‘liq. Fanda eng nufuzli mukofot Nobel mukofoti hisoblanadi. Albatta, shaxsning ijodiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqmasligi yoki ijtimoiy tizim bunga imkoniyat bermasligi ham mumkin. Biroq ixtiro qilish, biror yangi narsani kashf etishga jamiyat emas, balki faqat teran aql va zarur bilimlarga ega bo‘lgan individgina qodirdir.
Fanning bunyodkor kuch funksiyasi jamiyatning iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish uchun o‘z imkoniyatlarini bevosita ro‘yobga chiqaradi. Bunda fan xo‘jalik-madaniy rivojlanishining muhim omili sifatida amal qiladi. XVIII-XIX asrlardagi sanoat to‘ntarishi natijasida yuzaga kelgan yirik mashinali ishlab chiqarish fanning bevosita bunyodkor kuchga aylanishi uchun moddiy negiz bo‘lib xizmat qildi. Har bir yangi kashfiyot ixtiro uchun asosga aylanadi. Ishlab chiqarishning rang-barang tarmoqlari fanning turli tarmoqlari ma’lumotlarining bevosita texnologik qo‘llanilishi sifatida rivojlana boshlamoqda. Bu tarmoqlarga tijorat keng kirib kelmoqda. Boshqa erkin kasblardan farqli o‘laroq, fan bir lahzada iqtisodiy foyda keltirmaydi va bevosita naf ko‘rish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emas, shu sababli tirikchilik uchun mablag‘lar topish muammosi olim uchun har doim juda muhim bo‘lgan. Hozirgi zamon fanining rivojlanishiga ko‘p miqdorda mablag‘lar kiritish va bunda ular o‘zini tez oqlashiga umid qilmaslik talab etiladi.