YUqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolik protsessining quyidagi bosqichlarini ko‘rsatish mumkin:
fuqarolik ishini qo‘zg‘atish (20-bob);
ishni sudda ko‘rishga tayyorlash (21-bob);
sud muhokamasi (22-bob);
sudning hal qiluv qarorlari, ajrim va qarorlari yuzasidan shikoyatlar berish va protestlar keltirish (23, 44,45,46,47-boblar);
sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish (5-bo‘lim).
1.6. Fuqarolik protsessual huquqi prinsiplari tushunchasi, ahamiyati va tasnifi Fuqarolik protsessual huquqi prinsiplarining mazmun-mohiyatini tahlil qilishdan avval “prinsip” so‘zining ma’nosini anglab olish lozim.
“Prinsip” so‘zi lotincha “principium” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida asos, qoida, negiz, degan ma’noni anglatadi.
Demak, fuqarolik protsessual huquqining prinsiplari ham mazkur huquq sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda hamda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida boshlang‘ich asos bo‘lib xizmat qiladi.
Fuqarolik protsessual huquqining prinsiplari bu – qonunda mustahkamlangan, protsessual institutlarning barcha tizimlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan, iqtisodiyishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va hal etishda odil sudlovni ta’minlaydigan asosiy rahbariy qoidalardir.
Fuqarolik protsessual huquq prinsiplari fuqarolik protsessual huquqi fanini rivojlanishida, iqtisodiy protsessual qonunchiligini takomillashtirishda hamda iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini hal qilishdagi ahamiyati quyidagilar bilan belgilanadi: fuqarolik sud ishlarini yuritishda sudning odil sudlovni amalga oshirishdagi rahbariy va yo‘naltiruvchi rolini belgilab beradi;
fuqarolik protsessual huquqi normalarini to‘g‘ri qo‘llash va huquq yoki qonun analogiyasi qo‘llaniladigan hollarda ishlarni to‘g‘ri hal etish imkoniyatini beradi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud protsessi davomida o‘z manfaatlarini himoya qilishning protsessual vositalaridan to‘liq ravishda foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi;
fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifalarining to‘liq bajarilishini, ya’ni qonuniy, asosli va adolatli hal qiluv qarorini chiqarish yo‘li bilan fuqarolik ishlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rish hamda hal qilinishini ta’minlaydi;
fuqarolar, tashkilotlar, davlat va jamiyat manfaatlarining himoya qilish bo‘yicha odil sudlovning umumiy maqsadlari va vazifalarini amalga oshirishni ta’minlaydi;
fuqarolik protsessual huquq sohasini istiqboldagi rivojlanishini oldindan belgilab beradi.
Fuqarolik protsessual huquqi prinsiplarini turli xil mezonlarga ko‘ra tasniflash amalga oshirilgani bilan ular bir-biriga o‘zaro aloqador hamda chambarchas bog‘liqdir. Chunki, prinsiplardan ba’zilari boshqa prinsiplarning qoidalarini to‘ldiradi va rivojlantiradi, boshqa hollarda ayrim prinsiplar boshqalarining kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun hamda Fuqarolik protsessual kodeksini tahlil qilish asosida fuqarolik protsessual huquqi prinsiplarini quyidagicha tasniflash mumkin