Sud muhokamasining oshkoraligi prinsipi. Mazkur prinsip O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi, FPKning 12-moddasida mustahkamlangan.
Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasiga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi. Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ishlar bo‘yicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishining oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi. Ish sudning yopiq majlisida ko‘rilayotganida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, zarur hollarda esa guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ham hozir bo‘ladi. Ishni sudning yopiq majlisida eshitish fuqarolik sud ishlari yuritishning barcha qoidalariga rioya qilingan holda olib boriladi. Sudning yopiq majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora o‘qib eshittiriladi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari taraflarning roziligi bilan yoki shaxsini ko‘rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi mumkin, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.
Ishlarni qonun hujjatlari asosida hal qilish prinsipi. Sud ishlarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hal qilishi shart. Sud, agar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo‘lmasa, boshqa qonun hujjatlarini ham qo‘llaydi.
Nizoli munosabatni tartibga soladigan huquq normalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, sud shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soladigan huquq normalarini qo‘llaydi, bunday normalar mavjud bo‘lmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmunidan kelib chiqqan holda hal etadi.
Sud O‘zbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq chet davlatning huquq normalarini ham qo‘llaydi (FPKning 14-moddasi).