Erkin huquq (dispozitivlik) prinsipi. Fuqarolik protsessual huquqda erkin huquq prinsipi – bu o‘zining yoki boshqa shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida iqtisodiyprotsessini vujudga keltirish, harakatlantirish va tugatish bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual huquqlardan foydalanish erkinligidir.
Erkin huquq prinsipi mazmunini fuqarolik sud ishlarini yuritishda da’vo qo‘zg‘atish, da’vodan voz kechish, da’voni tan olish, kelishuv bitimi tuzish, sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) berish, qarshi da’vo keltirish tashkil etadi.
Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipi. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 10-moddasiga ko‘ra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Tortishuvlik prinsipiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs o‘z talab va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Taraflar tortishuvi orqali obyektiv haqiqat aniqlanadi. Chunki tortishuvchilik prinsipi sudga ishni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lgan ishonchli darajada imkon beradi.
Taraflarning teng huquqliligi prinsipi bir tomondan, ularning protsessual huquqlarining to‘liqligini, ikkinchi tomondan, protsessda taraflarning holati sudga nisbatan tengligini ifoda etadi. Taraflarning teng huquqliligi prinsipiga mulkiy jihatdan emas, balki protsessual nuqtai nazardan yondashish kerak. Shuning uchun ham taraflarning teng huquqliligi protsessual ma’nodagi tengligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu protsessual ma’nodagi tenglik taraflarning protsessual huquqlardan teng foydalanishida namoyon bo‘ladi.
Sud muhokamasining bevositaligi va og‘zakiligiprinsipi. Sud fuqarolik ishini ko‘rayotganda ishga oid dalillarni bevosita tekshirishi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini va mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitishi, yozma dalillar bilan tanishishi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishi shart. Ishning muhokamasi og‘zaki ravishda o‘tadi (FPKning 13-moddasi).
Bevositalik prinsipi ish bo‘yicha faqat dalillarni tekshirishdangina iborat bo‘lmay, balki butun sud muhokamasi vaqtida sud tarkibining o‘zgarmasligini ham kafolatlaydi. Masalan, sudya sud muhokamasining tayyorlash qismida almashtirilsa, dastlabki sud tarkibi dalillarni hali tekshirmagan bo‘lsa ham ish boshidan qayta ko‘rilishi kerak. Bevositalik prinsipining eng qo‘pol tarzda buzilishi, ya’ni hal qiluv qarori sudyalardan birortasi tomonidan imzolanmagan bo‘lsa yoki hal qiluv qarorida ko‘rsatilmagan sudyalar tomonidan imzolangan bo‘lsa, yoki hal qiluv qarori ishni ko‘rgan tarkibdagi sudyalardan boshqa sudyalar tomonidan qabul qilingan bo‘lsa protsessual huquq normalarining buzilishi hisoblanib, sud hal qiluv qarorini bekor bo‘lishiga olib keladi (FPKning 377-moddasi).
Sud muhokamasining og‘zakiligi prinsipi bu ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga og‘zaki tushuntirish berishlari, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar – guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislar, tarjimonlarning tushuntirishlari og‘zaki ravishda ifodalanishi tushuniladi. Sudga taqdim qilingan yozma dalillar ham og‘zakilik prinsipiga ko‘ra sudda og‘zaki muhokama qilinadi. Sud majlisida og‘zaki tekshirilgan vaqtda aniqlangan va tasdiqlangan materiallargina sud qaroriga asos qilib olinadi.