birinchidan, fuqarolik ishlari bo‘yicha ish yuritish tartibi oldindan protsessual qonun bilan belgilab qo‘yilgan bo‘ladi;
ikkinchidan, sud himoyasi uchun qonunda belgilangan yozma shaklda sudga murojaat qilish huquqi beriladi;
uchinchidan, ishda ishtirok etuvchi shaxslar protsessual huquqlardan, xususan, ishni ko‘rishda sud majlisida ishtirok etish huquqidan foydalanadilar;
to‘rtinchidan, sudning hal qiluv qarori protsessual qonunda ko‘rsatilgan dalillar vositasi bilan aniqlangan faktik ma'lumotlarga va qonunga asoslangan bo‘lishi shart qilib qo‘yiladi.4
1.2. Fuqarolik protsessual huquqi tushunchasi va predmeti
Fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida mustahkamlangan fuqarolik protsessual qoidalarning majmui mustaqil huquq sohasi bo‘lmish fuqarolik protsessual huquqini hosil qiladi.
YUridik adabiyotlarda fuqarolik protsessual huquqi tushunchasiga bir-biriga o‘xshash ta'riflar beriladi. Masalan, atoqli protsessualist SH.SH.SHoraxmetovning fikricha, fuqarolik protsessual huquqi deb, fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarini ifodalaydigan fuqarolik protsessi ishtirok-chilarining harakatlarini qonun asosida tartibga soladigan, shuningdek sud qarorlarining ijro etilishi tartibini belgilaydigan huquq me'yorlarining majmuiga aytiladi.5 Mashhur protsessualist olima M.S.SHakaryan fuqarolik protsessual huquqiga fuqarolik ishlarini qo‘zg‘atish, mazmunan ko‘rish va hal etish, sud qarorlarini qayta ko‘rish, shuningdek sud qarorlarini ijro etish tartibini, umuman fuqarolik ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish tartibini belgilaydigan huquq normalarining majmui, deb ta'rif beradi.6
Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik protsessual huquqi fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va manfaatlarini, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlana-digan manfaatlarining sud orqali himoya qilinishini ta'minlaydi.