1-mavzu: Fuqarolik prosessual huquqi fanining tushunchasi, tizimi va prinstiplari Reja



Yüklə 119,71 Kb.
səhifə6/15
tarix29.09.2023
ölçüsü119,71 Kb.
#150452
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
маъруза матни

protsessual choralar;

  • protsessual bo‘lmagan choralarga bo‘linadi.13

    Protsessual chora sifatida sud fuqarolik ishlarini ko‘rish jarayonida ayrim mansabdor shaxslar yoki fuqarolar tomonidan qonuniylik va huquq-tartibot buzilganligini aniqlasa, FPKning 275-moddasiga muvofiq, xususiy ajrim (qaror) chiqarib, tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga yuborishini ko‘rsatishimiz mumkin.
    Jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, demokratiyani, ijtimoiy adolatni, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta'minlashga ko‘maklashishga qaratilgan sud ishlarini yuritishning vazifasini amalga oshirishdagi muhim protsessual chora sifatida sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rish va hal etishni ko‘rsatish mumkin. Adabiyotlarda ham ayrim toifadagi fuqarolik ishlari, xususan mehnat nizolarining sayyor sud majlislarida, ya'ni korxona, tashkilotlarda mehnat jamoalarining ishtirokida ko‘rib hal etilishi mehnat qonunlari buzilishining oldini olishdagi muhim protsessual chora sifatida e'tirof etiladi.14
    SHuningdek, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi protsessual bo‘lmagan chora sifatida sudlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha umumlashtirishlar o‘tkazishi, mavjud qonunchilikni targ‘ib qilish ishlarini olib borishi (aholi o‘rtasida ma'ruzalar, suhbatlar, uchrashuvlar uyushtirish, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish va h.k.) kabilarni ko‘rsatish mumkin.
    1.6. Fuqarolik protsessul huquqining manbalari


    Fuqarolik protsessual huquqining manbalari fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibini belgilovchi fuqarolik protsessual normalardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi xalqaro shartnomalar hisoblanadi.
    Undan tashqari, umumiy yurisdiksiya sudlarida fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik protsessual kodeksi, “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan.
    Fuqarolik protsessual huquqining asosiy manbai o‘zida sud ishlarini yuritishning muhim prinsiplarini mustahkamlagan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi
    (11, 106, 107, 108, 110, 112, 113, 114, 115, 116-moddalari). Konstitutsiya fuqarolik protsessual qonunchilikning rivojlanishidagi muhim huquqiy bazadir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizning haqiqiy mustaqil davlat maqomiga ega ekanligiga qonuniy asos soldi, uning tegishli normalarida jamiyat tuzilishida va davlat qurilishida, fuqarolarning huquq va erkinliklarga erishishida sodir bo‘lgan tub o‘zgarishlar o‘z aksini topdi va mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” nomli ma'ruzasida ta'kidlaganidek, “...Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayot baxsh kuch-qudrati natijasidir.”15
    O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yuridik fanlarning asosiy manbai va o‘zagi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan Konstitutsiya negizida, aytish mumkinki, uning muayyan normalari orqali ham ma'lum bir huquq tizimlarida uzluksiz ravishda davom etadigan sifat jihatdan tub o‘zgarishlar ro‘y berishi, natijada yangidan-yangi huquq sohalari shakllanishi mumkin. SHuning uchun ham muayyan bir huquq sohasining manbalarini o‘rganish jarayonida eng avvalo asosiy manba sifatida Konstitutsiyani o‘rganishga alohida e'tibor berib kelinadi.
    Konstitutsiya muhim huquq sohalaridan biri bo‘lgan fuqarolik protsessual huquqining ham asosiy manbai hisoblanadi.
    O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual huquqi fani yuridik fanlarning asosiy va muhim sohalaridan biri hisoblanib, Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta'minlashga ko‘maklashish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun hujjat-larini takomillashtirish va uni amaliyotda qo‘llash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimizning Asosiy qonuni sifatida mamlakatimizdagi barcha huquq sohalari kabi fuqarolik protsessual huquqi fanini rivojlantirish hamda yanada takomillashtirishda muhim manba hisoblanadi. Ta'kidlash joizki, Konstitutsiyamizning ayrim boblari va xatto moddalari ham fuqarolik protsessual huquqining institutlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Konstitutsiyaning “O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati” deb nomlangan XXII bobi muhim ahamiyat kasb etadi. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi” (106-modda). Bu haqdagi maxsus qoidaning kiritilishi ham sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash, ularning insonparvar demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini oshirishga xizmat qiladi.
    Konstitutsiyada, shuningdek sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilashga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilishga xizmat qiluvchi normalar (107-modda) ham o‘z ifodasini topgan.
    Fuqarolik sud ishlarini yuritish jarayonida amal qiladigan asosiy prinsiplarga doir qoidalarning (112, 115-moddalar) Bosh qomusimizda belgilanishi sud ishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko‘rilishi hamda hal etilishini ta'minlaydi. Xususan, Konstitutsiyaning
    112-moddasida sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishlari to‘g‘risida qoida mavjud bo‘lib, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi o‘z ifodasini topgan. Qayd etish lozimki, sudlarning mustaqilligi mamlakatimizda odil sudlovni hech kimning aralashuvisiz, xolisona amalga oshirishga qodir bo‘lgan mustaqil va nufuzli sud hokimiyatining mavjud bo‘lishining asosiy shartlaridan biridir.
    “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi16 asosida qabul qilingan qonunchilik bilan sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi o‘n yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi belgilandi (“Sudlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunning 631-moddasi).17
    O‘z navbatida mazkur yangilik xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning qonunchilik tajribasiga mos keladi.
    Konstitutsiyaning 107-moddasida mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshiradigan sudlarning to‘liq ro‘yxati berilgan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida sud tizimini quyidagi sudlar tashkil etadi: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy va ma'muriy sudlar, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tuman, shahar ma'muriy sudlaridan iborat.
    Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoidaning Asosiy qonunimizda mustahkamlab qo‘yilishi esa jamiyatda sud hokimiyatining nufuzini oshirishga, hokimiyatlarning bir-birini tiyib turishi to‘g‘risidagi tamoyilning amalda o‘z ifodasini topishiga hamda inson huquq va erkinliklarini qo‘shimcha ravishda kafolatlashga xizmat qiladi.
    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasida hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoidalar belgilangan. Mazkur qoida shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi. Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli ma'lumotlar mavjud bo‘lgan ishlar bo‘yicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkaziladi.
    Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora o‘qib eshittiriladi (FPKning 12-moddasi).
    Fuqarolik protsessual huquqining muhim manbai sifatida O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur Qonunda sud tizimi, sudning vazifalari, sudda ish ko‘rish bo‘yicha muhim prinsiplar, sudlarning tuzilishi, sudyalarning huquqiy maqomi bilan bog‘liq normalar mustahkamlangan.
    Fuqarolik protsessual huquqining manbasi sifatida fuqarolik protsessining alohida yo‘nalishlarini tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlari ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolik protsessual huquqining bunday manbalari sifatida O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 29 avgustdagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri)18, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni19, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi 2017 yil 6 apreldagi Qonuni shular jumlasidandir.
    O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlarni ijro etish maqsadida 2018 yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda FPK deb yuritiladi) qabul qilindi va 2018 yilning
    1 aprelidan amalga kiritildi.
    FPKda sudda fuqarolik ishlarini ko‘rish va hal etish tartibini batafsil ifoda etuvchi fuqarolik protsessual huquqining normalari mustahkamlangan. Mazkur Kodeks besh bo‘lim, 47-bob va 462-moddadan iborat.
    FPKning “Umumiy qoidalar” deb nomlangan birinchi bo‘limida quyidagi boblar mavjud: asosiy qoidalar, fuqarolik sud ishlarini yuritish prinsiplari, sud tarkibi, sudyani va protsessning boshqa ishtirokchilarini rad qilish, sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik, fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, sudda vakillik, dalillar, da'voni ta'minlash, ish yuritishni to‘xtatib turish, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud xarajatlari, protsessual majburlov choralari, protsessual muddat-lar, sud xabarnomalari va chaqiruvlari, kelishuv bitimi.
    FPKning “Birinchi instansiya sudida ish yuritish” deb nomlangan ikkinchi bo‘limi sud ishlarini yuritishning barcha turlarida qo‘llaniladigan umumiy qoidalar va sud ishlarini yuritish turlari uchun tatbiq etiladigan maxsus normalar mustahkamlangan kichik bo‘limlardan iborat. 1-kichik bo‘limda buyruq tartibida ish yuritish, 2-kichik bo‘limda da'vo ishni yuritish, 3-kichik bo‘limda alohida tartibda ish yuritish, 4-kichik bo‘limda esa hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni yuritishga doir normalar o‘z ifodasini topgan. Bu esa o‘z navbatida fuqarolik sud ishlarini yuritishning 4 ta turi mavjudligini hamda har bir sud ishlarini yuritish turining o‘ziga xos protsessual xususiyatlari fuqarolik protsessual qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilganligini ko‘rsatadi. Qolaversa, ko‘p yillar davomida huquqshunos olimlar tomonidan ilgari surilgan hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni yuritish fuqarolik sud ishlarini yuritishning alohida turi sifatida belgilanishi lozimligi haqidagi ilmiy asoslangan takliflarning amaldagi ko‘rinishi ham hisoblanadi.
    FPKning “Fuqarolik protsessida chet el fuqarolari va tashkilotlarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ishtiroki” deb nomlangan 3-bo‘limida umumiy qoidalar, chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etishga oid masalalar o‘rin olgan. Muqaddam amalda bo‘lgan FPKdan farqli ravishda mazkur bo‘limda chet el fuqarolari va tashkilotlarining fuqarolik protsessual huquqlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning fuqarolik protsessual huquqlari, chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etayotgan nizolar, shuningdek loaqal bittasi chet elda yashab turgan taraflar o‘rtasidagi nizolar bo‘yicha fuqarolik ishlari O‘zbekiston Respublikasi sudlarining sudloviga tegishli bo‘lishi, chet davlatlarga nisbatan da'volar, chet davlat sudlarining sudga doir topshiriqlarini ijro etish va O‘zbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlariga topshiriqlar bilan murojaat qilishi bilan bog‘liq normalar belgilab qo‘yildi.
    FPKning “Sud hujjatlarini qayta ko‘rish” deb nomlangan to‘rtinchi bo‘limida umumiy qoidalar, apellyasiya instansiyasi sudida ish yuritish, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish, nazorat instansiyasi sudida ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish masalalariga oid normalar belgilangan.
    FPKning beshinchi bo‘limi “Sud hujjatlarining ijrosi” deb nomlanib, ushbu bo‘limda sud hujjatlarining ijrosiga bag‘ishlangan qator moddalar o‘rin olgan.
    Ayrim toifadagi fuqarolik ishlarini sudda ko‘rish tartibini belgilovchi protsessual normalar o‘z ifodasini topgan bir qator Kodekslar ham fuqarolik protsessual huquqining manbasi hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi shular jumlasidandir. Masalan, Fuqarolik kodeksi fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish shakllarini (10-modda), fuqaroni sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topish (30-modda), fuqaroning muomala layoqatini cheklash (31-modda), fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish (33-modda), fuqaroni vafot etgan deb e'lon qilish (36-modda) asoslarini nazarda tutadi.
    SHuningdek, Mehnat kodeksida mehnat nizosini ko‘rishni so‘rab sudga murojaat qilish, bevosita tuman (shahar) sudlarida ko‘rilishi lozim bo‘lgan mehnat nizolari, mehnatga doir ayrim ishlar bo‘yicha qarorlarni ijro etish, xodimlarni sud xarajatlaridan ozod qilish masalalari o‘z ifodasini topgan.
    Oila kodeksida fuqarolik protsessi sohasini tartibga soladigan ko‘plab normalar mavjud. Masalan, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emasligi (39-modda), sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, erxotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli bo‘lishi (40-modda) to‘g‘risidagi normalar shular jumlasidandir.
    Fuqarolik protsessual huquqining manbalari sifatida O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalar ham e'tirof etiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 22 dekabrdagi “1954 yil 1 martda imzolangan Fuqarolik protsessi masalalariga doir Gaaga konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi 183 I-sonli qarori20, Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya (Kishinev 2002 yil 7 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasini qo‘shilishi (2019 yil 26 avgustda qabul qilingan O‘RQ-554-son Qonun) to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi va Ozarboyjon Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida SHartnoma (Toshkent, 1997 yil 18 iyun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 30 avgustdagi 488 I-son qaroriga muvofiq ratifikatsiya qilingan), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004 yil 30 apreldagi 624 II-son qaroriga muvofiq ratifikatsiya qilingan hamda 2004 yil 11 noyabrdan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi o‘rtasida fuqarolik ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma (Sofiya, 2003 yil 24 noyabr) va boshqalar. Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinishi nazarda tutilgan. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan mazkur qoidani rivojlantirish maqsadida 1995 yil 22 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan.21
    Fuqarolik protsessual huquqining manbalari sifatida qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ham e'tirof etiladi. Masalan,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4850-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–4947-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
    PF–4966-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF–5006-sonli Farmoni, 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5482-son Farmoni,2020 yil24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”giPF–6034-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3250-sonli,2019 yil 12 martdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4236-sonli, 2020 yil 17 iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4757-son Qarorlari shular jumlasidandir.
    Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 17-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berishga vakolatli hisoblanadi. Qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir (“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning
    21-moddasi).
    YUridik adabiyotlarda Oliy sud Plenumi qarorlarining fuqarolik protsessual huquqining manbasi bo‘lishi yoki bo‘lmasligi masalasida turli tortishuvlar mavjud. Ayrim mualliflar Plenum qarorlari normativ tusga ega, deb fikr bildiradilar. Xususan, YA.F.Farxtdinovning fikricha, Plenum qarorlari boshqa huquq sohalari kabi fuqarolik protsessual huquqi uchun ham quyidagi ikki xil tusga ega bo‘ladi: birinchidan, Plenum qarorlari mavjud qonunlarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash va muayyan bir fuqarolik ishini ko‘rishda sudlarda vujudga keladigan masalalarni tushuntirish maqsadini nazarda tutadi. Ikkinchidan, ayrim hollarda Plenum o‘z qarori bilan sudlar faoliyatida yuzaga kelgan muammoli masalalarni va qonun hujjatlaridagi bo‘shiqlarni bartaraf etish maqsadida sud amaliyoti uchun yangi protsessual qoidalarni kiritishi mumkin.22 M.S.SHakaryan Plenum qarorlari huquq normasining sudlar tomonidan tushuntirilishi ekanligi sababli ularni fuqarolik protsessual huquqining manbalari qatoriga kiritmaydi.23 SH.SH.SHoraxmetov ham Oliy sud Plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari huquq manbai bo‘lib hisoblanmasligini ta'kidlaydi.24
    YUqorida bildirilgan fikrlarni tahlil qilgan holda shunday xulosaga kelish mumkinki, Oliy sud Plenumi qarorlari fuqarolik protsessual huquqining manbai bo‘la olmaydi. Biroq ularda protsessual qonunlarni to‘g‘ri tatbiq etish yuzasidan berilgan tushuntirishlar muhim ahamiyatga ega va qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha berilgan tushuntirishlar sudlar, ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.



    Yüklə 119,71 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
  • 1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




    Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
    rəhbərliyinə müraciət

    gir | qeydiyyatdan keç
        Ana səhifə


    yükləyin