Aholi harakati. Seldan xavfli hududlarda yashovchi aholi sel kelishi ehtimoli bo‘lgan yo‘nalishlarni va ushbu xavfli hodisaning belgilarini bilishi zarur. Aholiga sel xavfi tug‘ilganda xabar berish signalini berish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berilishi lozim. Sel xavfi belgilari (gumburlash, suv loyqalanishi) paydo bo‘lishi bilan aslo vahimaga tushmaslik kerak. Vahima insonning tezlikda vaziyatga oqilona baho berib, to‘g‘ri harakat rejalarini tuzishiga halaqit beradi. Aksincha, darhol eng zarur buyumlarni olib, oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘nalishda xavfsiz joylarga ko‘chib o‘tish lozim. Bunda yo‘l sel o‘zanlari tubidan o‘tmasligiga e’tibor berish lozim.
Sel xavfi tug‘ilganligi to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumot sel stansiyalari, partiyalari va «O‘zgidromet» postlaridan kelib tushadi. Eng muhimi, bu axborot aholiga o‘z vaqtida etkazilishi kerak. Evakuatsiya e’lon qilingudek bo‘lsa, uydan chiqishdan avval selning shikastlovchi omillari ta’sirini pasaytiruvchi tadbirlar ko‘rilishi zarur. Buning uchun hovlilardagi anjomlarni xavfsiz joyga olib qo‘yish, olib ketishning iloji bo‘lmagan qimmatbaho buyumlarni nam etmaydigan joylarga joylashtirish lozim.
Xavfsiz joyga ko‘chishning iloji bo‘lmay qolganida esa katta, baland tosh bo‘lagi yoki daraxt ustiga chiqib olish va oqim o‘tib ketishini kutish zarur. Odatda, sel oqimi 3-5 soatdan so‘ng to‘xtaydi.
Sel oqimi o‘tib ketganidan so‘ng ham sel o‘zaniga tushish kerak emas, chunki birinchi oqim ketidan ikkinchisi kelishi mumkin. Albatta turar joy binosining holatini tekshirib ko‘rish, elektr, gaz va ichimlik suvi tarmoqlaridagi nosozliklarni aniqlash zarur. Shundan so‘nggina bino ichiga kirsa bo‘ladi. Mobado uy o‘pirilgan qirg‘oq yaqinida bo‘lsa yoki poydevor qisman yuvilib ketgan bo‘lsa bunday joyda qolish xavfli hisoblanadi.
Suv toshqini
Suv toshqini – daryo, ko‘l yoki boshqa suv havzalari suv sathining keskin ko‘tarilishi natijasida joyning vaqtinchalik suv ostida qolishi. Dunyodagi eng yirik suv toshqini 18 ming yil avval Sibirning Oltoy tog‘larida ro‘y bergan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, asosiy oqimning chuqurligi 490 m. ga etgan va 160 km/s tezlikda harakat qilgan.
Ma’lumki, daryolarda iqlim omillari ta’siri, xususan qorlarning erishi va jala bilan bog‘liq mavsumiy suv ko‘payishlari ro‘y berib turadi. Ayrim hollarda bunday toshqinlar tabiiy ofatlarga aylanib ketadi.
Suv toshqinlari to‘rtga bo‘linadi:
Past – tekislik daryolarida 5-10 yilda bir marta kuzatiladi. Bunday suv toshqini yuz berganida qirg‘oq yaqinidagi dala maydonlari suv ostida qoladi. Bunda unchalik katta bo‘lmagan moddiy zarar etkaziladi va aholining hayot faoliyati buzilmaydi.
Yuqori – har 20-25 yilda bir marta yuz berib, daryo vodiylarining anchagina katta maydonlarini suv bosadi. Ba’zi hollarda odamlarni xavfsiz joylarga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi, anchagina sezilarli moddiy zarar etkaziladi.
Taniqli – 50-100 yilda bir marta yuz beradi. Daryo havzalarini qamrab oladi, xo‘jalik faoliyati to‘xtab qoladi, jiddiy moddiy zarar etkaziladi. Aholini ommaviy ko‘chirishga to‘g‘ri keladi.
Halokatli – har 100-200 yilda bir marta yuz beradi. Hayot tarzi butunlay o‘zgaradi. Bunday suv toshqinlari ko‘plab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi, muhim xo‘jalik ob’ektlarini muhofaza qilish uchun maxsus tadbirlarni o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Sabablari. Qor va muzliklarning erishi, uzoq vaqt davomida yomg‘ir yog‘ishi, daryo o‘zanlarining muz parchalari bilan to‘silib qolishi, to‘g‘onlarning buzilishi suv toshqiniga sabab bo‘ladi.