Ikkinchi sinfda chiroyli yozuv darslarini tashkil etish. Bu sinfda chiroyli yozuv malakasi birinchi sinfga nisbatan ancha keng va chuqur o'rgatiladi. Shuning uchun ham yil davomida husnixat uchun 34 soat ajratiladi. Buning asosiy sababi, o'quvchilarning 1-sinfda chiroyli yozuvdan olgan bilim va malakalari yozgi ta'tilda ancha esdan chiqadi. Shu bilan birga, o'qishning birinchi kunidan boshlab ular ona tili darsligidan foydalanishga kirishadilar. Bu darslikda husnixat malakasini shakllantirish uchun hech qanday ko'rsatma berilmagan.
Ikkinchi sifnda chiroyli yozuv darslarini tashkil etishda alfavitdagi barcha harflarni guruhlarga ajratib yozish talab etiladi.
Shuningdek, ikkinchi sinfda chiroyli yozuv malakasini shakllantirish quyidagi vazifalarni o'z ichiga oladi:
Partada to'g'ri o'tirish, ruchkani to'g'ri ushlash, daftarni to'g'ri tutish.
O'quvchilarda chiroyli yozishga qiziqishni uyg'otish.
Husnixat darslarini sanoq-ohang usullari va jismoniy mashqlar bilan bog'lab olib borish.
O'quvchilarning chamalab yozish qobiliyatlarini o'stiruvchi mashqlarni bajartirish.
Qo'l va barmoq muskullari harakatini o'stiruvchi mashqlarni bajartirish.
Harflarni qo'l harakatini uzmasdan, bog'lab yozishga o'rgatish.
Kichik va bosh harflarni guruhlarga ajratib yozishga o'rgatish.
Xato yozilgan harflar ustida mashq o'tkazish.
Doskaga yozib mashq qilish.
Quyida biz ikkinchi sinfda o'tkaziladigan bir soatlik chiroyli yozuv darsining namunasini keltiramiz.
Mavzu. Kichik m harfini yozishga o'rgatish. Maqsad. O'quvchilarni kichik m harfini to'g'ri va chiroyli yozishga o'rgatish.
Darsni jihozlash. «Yozish vaqtida to'g'ri o'tir!» nomli plakat, kichik m harfining yozilish qoidalari kattalashtirilib ko'rsatilgan jadvallar.