2-MAVZU. IQTISODIY TAHLILNING MAZMUNI, PREDMETI VA VAZIFALARI
O’RGANILADIGAN MASALALAR
Korxonalarni boshqarishda iqtisodiy tahlilning ahamiyati
Iqtisodiy tahlilning mazmuni
Iqtisodiy tahlilning predmeti
Iqtisodiy tahlilning asosiy vazifalari
Iqtisodiy tahlil prinsiplari
Iqtisodiy fanlar tizimida iqtisodiy tahlilning o‘rni
1. Korxonalarni boshqarishda iqtisodiy tahlilning ahamiyati
Respublikamizda raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish jarayonida korxonalarning yanada rivojlanishi bevosita ularni boshqarish tizimiga bog‘liq. Iqtisodiyotida korxonalar faoliyatini samarali boshqarish uchun esa ular faoliyatini muttasil o‘rganib, tahlil qilib turish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha boshqaruv bo‘g‘inlarida iqtisodiy tahlil muhim ahamiyatga ega. Chunki iqtisodiy tahlil vositasida axborotlar hamda ma’lumotlar o‘rganilib, qayta ishlanib jamiyat hamda alohida olingan korxonalarning faoliyati tezkorlik bilan yo‘lga solib turiladi.
Fan-texnika yangiliklari asosida ishlab chiqarishni yangi texnika hamda texnologiya bilan ta’minlash, modernizatsiya qilingan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan jadal foydalanish, boshqaruv tizimini, xo‘jalik mexanizmini zamonaviy usullar hamda yangi innovatsion g‘oyalar bilan takomillashtirish negizida iqtisodiyotni rivojlantirish hamda shu asosda xalqimizning farovonligini yanada yuksaltirish hozirgi davrda oldimizda turgan dolzarb vazifalardir. Bu vazi- falarni muvaffaqiyatli bajarish uchun sanoat korxonalarining faoliyatini har to- monlama hamda muntazam tarzda iqtisodiy tahlil qilish zarur.
Iqtisodiy tahlil sanoat korxonalarini boshqarish tizimida oraliq bosqichni egallaydi. Shu joyda boshqarish jarayonidagi asosiy uch bosqichni alohida ko‘rsatib o‘tish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
Axborotlarni (ma’lumotlarni) to‘plash va tayyorlash.
Obyektning holatini iqtisodiy tahlil qilish va uning natijalari asosida takliflar kiritish.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilish.
Ko‘rinib turibdiki, qabul qilingan qarorlarning samarasi va sifati tahlilning o‘z vaqtida hamda tezkorlik bilan o‘tkazilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu yerda asosiy vazifa ana shu uch bosqichni bir-biri bilan uzviy ravishda uyg‘unlashtirish hisoblanadi.
Korxona xo‘jalik faoliyatini boshqarish va uning ustidan nazorat ishlarini olib borish uchun rahbarlar kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlanishi zarur. Buning uchun korxonaning xo‘jalik faoliyati uzluksiz kuzatib boriladi. Kuzatish yo‘li bilan olingan ma’lumotlar miqdor ko‘rsatkichlarida ifodalanib, istalgan vaqtda
foydalanish uchun ular o‘ziga xos maxsus tartibda, hisob tizimi usullari va shakllari bo‘yicha ro‘yxat qilib boriladi. Bu holat xo‘jalik hisobi tizimining asosiy mazmunini tashkil qiladi.
Hozirgi davrda korxona iqtisodini boshqarish ancha murakkab masala. Chunki boshqariluvchi obyekt shakl va mazmuni hamda boshqaruv maqsadiga ko‘ra turli xildir. Lekin barcha holatlarda ham tejamkorlik tamoyiliga amal qilish asosiy maqsadlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Xo‘jalik hisobi tizimida tejamkorlik asosida mehnat vositalaridan samarali foydalanish, korxonada mavjud bo‘lgan xomashyo va materiallarni ilmiy asosda sarflash hamda mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi. Bu jarayonda iqtisodiy tahlilni obyektiv va natijali bo‘lishi ko‘p jihatdan tahlil ishlarini to‘g‘ri uyushtirish yoki tashkil etishga hamda ilmiy asosda rejalashtirishga bog‘liq.
Milliy iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish jarayonlari korxonalarning tashqi iqtisodiy aloqalari samaradorligini oshirishga va eng muhimi tashqi bozor nuqtai nazaridan korxonalarimizning ishiga, ularning mahsuloti sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatilishiga keng yo‘l ochmoqda. Chunonchi, korxonalarning mustaqil tarzda tashqi bozorga chiqishi va ularning xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishlari o‘z navbatida bu borada ham iqtisodiy tahlilning o‘ziga xos maxsus usullarini ishlab chiqishni va ularni takomillashtirishni taqozo qiladi.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohatlar natijasida bozor munosabatlari davr talablari asosida rivojlantirilib tobora takomillashtirilib borilmoqda. Bu jarayonda korxonalar:
O‘z ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish.
Texnik yangilash va diversifikatsiya qilish.
Innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish.
Ishlab chiqarish resurslaridan tejamkorlik asosida foydalanish.
Rahbar xodimlar va mutaxassislar malakasini oshira borish.
Ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishi zarur.
Ushbu qayd qilingan dolzarb vazifalarning bajarilishida iqtisodiy tahlil ham boshqa fanlar kabi o‘z ahamiyatiga ega. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy tahlilning usullarini ham davr talablari asosida takomillashtirishni taqozo qiladi.
Dostları ilə paylaş: |