Optsion shartnomalari –shartnomaviy qimmatli qog’oz bo’lib, uni sotib olgan xaridor optsion bazasidagi aktivlarni oldindan belgilangan narx bo’yicha muayyan muddat davomida optsionni sotuvchisiga sotish (put) yoki sotuvchisidan sotib olish (koll) huquqiga optsionni sotuvchisiga oldingan to’langan haq (mukofot yoki premiya) evaziga ega bo’ladi, shuningdek optsionni sotuvchisi esa, xaridor tomonidan unga to’langan haq evaziga xaridorning optsionda belgilangan shartlarini bajarishga majbur bo’ladi.
Jahon bozorida optsionlarning belgilangan muddatida ijro etish bo’yicha ikki ya’ni amerika va evropacha turi keng tarqalgan. Amerikacha optsionda optsion belgilangan muddat davomida ixtiyoriy kunda ijro etilishi mumkin. Evropacha optsion oldindan aniq belgilangan kun yoki sanada ijro etiladi.
Odatda, optsion shartnomalari beshta turli guruhga mansub tovarlar bilan tuziladi. Birinchi – valyuta, ikkinchi – qimmatli qog’ozlar, uchinchi – foiz stavkalar (bank krediti va depoziti bo’yicha), to’rtinchi – birja indekslari, beshinchi guruh – hosila moliyaviy vositalar.
Foiz stavkasi asosida tuzilgan optsionlar mazkur turdagi optsion xaridoriga foiz stavkalarini aniq belgilangan darajasidan pasayib yoki ko’tarilib ketmasligini kafolatlaydi.
Optsionlarni asosiy turli kombinatsion shakllari. Streddl (stellaj bitim) – koll va put optsionlar kombinatsiyasi bo’lib, ma’lum muddat davomida, bazis aktivlarining oldindan belgilangan bittanarx asosida, ikki barobar ko’p mukofot pulini to’lash evaziga, optsion aktivlarini sotish yoki sotib olish huquqiga ega bo’lishdir. Bunday optsonlar narxlar turg’un holatda, ya’ni baholardagi o’zgarishlar juda kam bo’lsagina moliyabozorida ko’p uchraydi. Chunki bunday optsionlarni sotuvchi narxi o’zgarmaydi deb umid qiladi.
Strengl ham koll va put optsionlar kombinatsiyasi bo’lib, ma’lum muddat davomida, bazis aktivlarining oldindan belgilangan minimum va maksimum narxlari asosida, ikki barobar ko’p mukofot pulini to’lash evaziga, optsion aktivlarini sotish yoki sotib olish huquqiga ega bo’lishdir. Bunda optsion bazisidagi aktivlar narxi ma’lum bir kichik tebranish yo’lagi asosida o’zgaradi deb umid qiladi.
Strep – bu bitta put va ikkita koll optsion birlashmasidan tashkil topgan optsion bo’lib, ijro bahosi bitta yoki turlicha bo’lishi mumkin. Bu kabi optsionlar bazis aktivlar narxi pasayishi kutilayotganda ko’payib boradi.
Strip – bu bitta koll va ikkita put optsion birlashmasidan tashkil topgan optsion bo’lib, bunda ham ijro bahosi bitta yoki turlicha bo’lishi mumkin. Bu kabi optsionlar bazis aktivlar narxi oshishi kutilayotganda ko’payib boradi.
Qimmatli qog’ozlar bo’yicha optsionlarning bir turi varrant hisoblanadi. Varrant o’z egasiga kompaniyaning ma’lum miqdordagi qimmatli qog’ozlarini oldindan belgilangan narx bo’yicha egallash huquqini taqdim etadi.
Hosila moliyaviy vositalarga optsionlarning turli ko’rinishlarini amaliyotda uchratish mumkin. Masalan fyuchers shartnomalariga optsion, svop shartnomalariga optsion (svop-optsion (svoptsion)), bazasi optsion shartnomalari bo’lgan optsion (ikkilamchi optsion va h.k.)
Svoptsion (swaption)- svoplar bitimlariga tuzilgan optsionlarni bildiradi. Svoptsion o’z egasiga kelajakdagi ma’lum bir sanaga fiksirlangan (strayk) stavka bo’yicha maxsus shartlar asosida foiz svop bitimiga ko’shilish huquqini (majburiyatini emas) taqdim etadi. Bozorda ko’plab svoptsionlar turlari muomalada bo’ladi. Asosiylari quyidagi sharnomalar hisoblanadi:
Agar svoptsion svop bitimi bo’yicha o’rniga fiksirlangan to’lovlarni olish huquqini taqdim etsa “to’lovlarni oluvchining svoptsioni” (svoptsion put), aksincha esa, ya’ni agar suzuvchi foiz stavkalardagi to’lovlarni olib, fiksirlangan foiz stavkalar bo’yicha to’lovlarni amalga oshirish huquqini taqdim etsa “to’lovchining svoptsioni” (svoptsion koll) deb yuritiladi.