MULTIPLIKATSIYA NIMA? Tomoshabin ko’z o’ngida harakatlanuvchi ilk rasmlar belgiyalik fizik J. Plato tomonidan 1832 yildayoq yaratilgan edi. U yasagan asbob-asosiy qismi bir talay rasmlarga ega gardish bo’lgan fonakistop — odamzot tanasi harakatlarining fazalarini tahlil qilib chiqish imkonini berdi. Oradan qirq besh yil o’tgach, 1877 yilda musavvir E. Rayno uni yaratish uchun — praksinokop-ekranda harakatlanuvchi tasvirni proyeksiyalaydigan asbobdan foydalandi. Rassomning Parijdagi Greven muzeyida ishlagan «optikaviy teatr»i tomoshabinlar orasida muvaffaqiyat qozongan bo’lsa-da, baribir bir ermak sifatida qolaverdi. Faqatgina 1905 yilda, ya'ni kino ixtiro qilinganidan 10 yil keyin, amerikalik S. Bleyekton va U. Makkey ilk daf'a rasmlarni kinoplyonkaga tushiradilar va multiplikatsion kino namunasini yaratadilar. Xo’sh, «rasmlarni jonlantirish»ning siri nimalardan iborat? U odamzot ko’zining sekundning yigirmadan bir ulushi davomida istalgan tasvirni pardasida saqlab turish xossasiga asoslangan. Bu hodisa persistensiya yoki ko’rish taassurotlarining inersiyasi deb yuritiladi. Sekundda proyektordan 24 ta kadar o’tganligi tufayli ularning barisi ko’zlar oldida harakatlanuvchi yaxlit tasvirga aylanib ketadi. Demak, «jonlashtirish» uchun bitta va aynan o’sha ob'yektning bir talay tasvirlarini chizish kerak, ob'yekt esa ularning har birida andak boshqacharoq tasvirlanadi. Shuning uchun ham kinematografning bu turi «multiplikatsiya» deb nom olgan. Bu kalima lotinchadan tarjima qilinganida «ko’paytirish»ni anglatadi, ilk rassomlar esa aynan oldindan chizib qo’yilgan rasmlarni ko’paytirish bilan shug’ullanishgan edilar. Keyinchalik, nainki chizilgan, qolaversa qo’g’irchoq multfilmlar paydo bo’lganida ular uchun boshqacha — «animatsiya» degan nom o’ylab topishadi. U lotincha «anima» — jon so’zidan kelib chiqadi va «jonlashtirish»ni anglatadi. Shunday bo’lsa hamki, ko’pchilikka eski va odatiy multiplikatsiya tushunchasi yaqinroqdir.
UOLT DISNEY KIM? Bu zotning ismi-sharifini Yer kurrasining barcha go’shalarida bilishadi. Uolt Disney (1901—1966) — asarlari multiplikatsiya tarixida butun boshli davrni tashkil etuvchi amerikalik rejissyor. U ishlab chiqqan chizilgan filmlarni uzluksiz ishlab chiqarish metodi chorak asrdan ko’proq texnikaviy jihatdan takomilning yagona standarti hisoblab kelindi. Bu metod butun film yaratish jarayonini rassomlar katta guruhini ishga jalb etishga va hatto katta asarlar yaratishni shiddatli darajada jadallashtirishga imkon tug’diruvchi bir necha bosqichlarga ajratishga asoslanadi. Qizig’i shundaki, dastlabki kartinalar — «Ali-sa mo'jizalar mamlakatida» va «Osvald — quvnoq quyoncha» — muallifga omad keltirmaydi, ammo uning yangi personaji — Mikki Maus degan sichqonvoy — birdaniga mashhur bo’lib ketadi. Disney chizilgan filmda asosiysi xatti-harakatlar emas, balki qahramon ruhining timsoli deb hisoblagan. Shu boisdan uning filmlaridagi qahramonlar insonga xos jihatlar — mimika, ovoz, o’ziga xos imo-ishora bilan quvvatlantirilgandir. O’z personajlarini yaratishda filmlar muallifi odatda nafaqat hayvonlarning hatti-harakatlarini ipidan-ignasigacha o’rganishadi, qolaversa «aktyorlar»dan odamzotning turli holatlari — u qanday ko’zyosh to’kishi, kulishi, g’am chekishini «namoyish etish»ni ham iltimos qilishadi. Disney kartinalarini ishlab chiqarish maqsadida 1939 yili maxsus kinostudiya tuzadi. Disneylend — Disney tomonidan Kaliforniyada yaratilgan ulkan bolalar ko’ngilochar parkining mashhurligi ham yaratuvchisinikidan aslo qolishmaydi. Uning o’xshashlari tez orada bir talay mamlakatlarda qad rostladi. Yaqin orada Rossiya ham o’zining mo'jizalar bog’iga ega bo’ladi. O’zbekiston poytaxti Toshkentda bunday bog’ ishga tushganiga bir necha yil bo’ldi.