Uyadosh so’zlar Bir mazmuniy uyaga (guruhga) mansub bo’lgan so’zlar uyadosh so’zlar deyiladi.
Tilimizdagi barcha so’zlar ongimizda ma’lum mazmuniy uyalarga birlashgan holda saqlanadi. Bu esa so’zlarning xotirada oson saqlanish va nutqiy jarayonda ulardan oson foydalanish imkonini beradi. Masalan, kiyim turlari- ko’ylak, shim, do’ppi. Uyadosh so’zlarni ma’nodosh so’zlardan farqlash kerak. Sinonimlar bir tushunchaning turli ma’no qirralarini ifodalaydi, uyadosh so’zlar esa bir-biriga yaqin tushunchalarni ifodalaydi.
Mashq. Quyida berilgan so’zlarni qo’y va qoramol so’zlari ostiga birlashtirib yozib chiqing. Sigir, qo’chqor, buzoq, qo’ychivon, buzoqboqar, qo’zichoq, qorako’l terisi, sovliq, novvos, jun, buqa.
IBORALAR Ma’nosi bir so’zga teng keladigan so’zlar birikmasi yoki gaplarga ibora deyiladi.
Iboralar gap tarkibida yaxlit holda bitta so’roqqa javob bo’ladi va bitta gap bo’lagi vazifasida keladi. Ibora tarkibida eng kamida ikki so’z qatnashadi, ammo ular o’zaro bog’langan holda umumlashgan bitta ko’chma ma’no bildiradi, masalan, zo’raymoq -so’z, avj olmoq- ibora, qiynalmoq -so’z, azob chekmoq- ibora. Frazeologiya tilshunoslikning iboralarni o’rganadigan bo’limidir. Frazeologizmlar birdan ortiq so’zdan tashkil topishi bilan so’z birikmasi yoki gap shaklida bo’lsa-da, lekin ular nutq birligi bo’lgan bu sintaktik birliklardan tamoman farqlanadi va lug’aviy birlik sifatida ko’p jihatdan so’zlarga yaqin turadi. So’zlarga xos bo’lgan juda ko’p xususiyatlar frazeologizmlarga ham xosdir. Frazeologizmlar so’z birikmasi yoki gaplar kabi nutq jarayonida hosil bo’lmaydi, balki ular huddi so’zlar kabi tilda tayyor holda bo’ladi, demak iboralar nutq hodisasi emas, til hodisasi hisoblanadi: kapalagi uchib ketdi , oyog’i kuygan tovuqdek, oshig’i olchi kabilar tildagi tayyor holdagi lug’aviy birliklardir. Frazeologizmlar so’zlar kabi gapda bir bo’lak vazifasini bajaradi. Iboralar barcha gap bo’laklari bo’lib kelishi mumkin. Masalan, Uning oyoq olishi menga yoqmadi (ega). Sening gaplaringdan boshim osmonga yetdi (kesim). Unda og’zining tanobi qochadigan odat bor (aniqlovchi). Litseyga ko’z ochib yumguncha yetib boraman (hol). Bu gapdan qizning tepa sochi tikka bo’lishini kutmagan edim (to’ldiruvchi). Iboralarda odatda uslubiy bo’yoq kuchli bo’ladi, shuning uchun ulardan fikrni jonli, ta’sirchan qilib ifodalashda keng foydalaniladi. Badiiy va so’zlashuv uslublari ibora eng ko’p qo’llanadigan uslubdir. Tilimizda asrlar davomida sayqal topib shakllangan, xalqimiz turmush tajribasidan o’tgan iboralar juda ko’p. Tilshunos olim Sh. Rahmatullayev “O’zbek tilining frazeologik lug’ati”ni tuzgan.
Iboralarda ham shakldoshlik, ma’nodoshlik, zid ma’nolilik hodisalari mavjud. Bir xil so’zlardan tuzilgan boshqa-boshqa tushuncha anglatuvchi iboralar shakldosh iboralardir. Masalan, boshga ko’tarmoq, bosh ko’tarmoq, ko’z yummoq, og’ziga olmaslik. Ilgari bir qatra ham og’zimga olmas edim. Komissiya hayron bo’lib qoldi, ammo hech kim meni qaytarishni og’ziga olmas edi.
Ma’nodoshlik hodisasi frazeologiya uchun ham xarakterli. Masalan, kayfi buzuq- ta’bi tirriq, yaxshi ko’rmoq - ko’ngil bermoq. Qarama-qarshi ma’no ifodalovchi iboralar : ko’kka ko’tarmoq- yerga urmoq, yuzi yorug’- yuzi shuvut, ko’ngli joyiga tushmoq - yuragiga g’ulg’ula tushmoq.
Quyida nutqimizda faol qo’llaniladigan iboralar lug’atini keltiramiz:
1. Ko’zini bo’yamoq - aldamoq
2. Oyoq osti bo’ldi - xo’rlandi
3. Dovi yurgan - omadli
4. Dili pora - xafa
5. Terisiga sig’may ketdi - juda quvondi
6. Ko’ngli to’ldi - mamnun bo’ldi
7. Mum tishlab qoldi - gapira olmay qoldi
8. Chehrasi ochildi - xafagarchiligi tugadi
9. Lafzi halol - va’dasida turadigan
10. Qo’y og’zidan cho’p olmagan - o’ta yuvosh
11. Og’zi qulog’ida - xursand
12. Po’stagini qoqmoq - ayovsiz tanqid qilmoq
13. Bo’yniga olmoq - iqror bo’lmoq
14. Boshga ko’tarmoq I - hurmat qilmoq
15. Boshga ko’tarmoq II - to’polon qilmoq
16. Dam bermoq I - hordiq bermoq
17. Dam bermoq II - havo yubormoq
18. Tutgan yeridan kesadi - o’jar
19. Ko’ngli joyiga tushdi - tinchidi
20. Burni ko’tarilmoq - dimog’i shishmoq
21. Yulduzni benarvon uradigan - uddaburon
22. O’z yog’ida o’zi qovurilmoq - ruhan ezilmoq
23. Barmog’ini tishlab qolmoq - afsuslanmoq
24. Qo’l ko’tarmoq I - ovoz bermoq
25. Qo’l ko’tarmoq II - urmoq
26. Xamirdan qil sug’urganday - oson
27. Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadi - xira, tegajoq
28. Tepa sochi tikka bo’ldi - jahli chiqdi, achchiqlandi
29. To’nini teskari kiyib oldi - arazladi, o’pkaladi
30. Baland oxurdan yem yemoq - hayot darajasi, maishati yuqori bo’lmoq
31. Kovushini to’g’rilab qo’ymoq - haydamoq
32. Ot qo’ymoq - nom qo’ymoq
33. Jinni suymaydi - ta’biga to’g’ri kelmaslik
34. Pinakka ketmoq - uxlab qolmoq
35. Og’ziga olmaslik I - gapirmaslik
36. Og’ziga olmaslik II - yemaslik, ichmaslik
37. Og’ziga qatiq ivitmoq - damini chiqarmoq
38. Kosasi oqarmadi - bir to’ni ikki bo’lmadi
39. Quloq solmoq - eshitmoq
40. Kapalagi uchib ketmoq - qo’rqmoq
41. Ko’klarga ko’tarmoq - maqtamoq
42. Qovog’idan qor yog’moq - xafa
43. Yerga ursa ko’kka sakraydi - o’ta ketgan sho’x
44. Yaxshi ko’rmoq, muhabbat bog’lamoq - sevmoq
45. Kapalagi uchib ketdi - qo’rqdi
46. Me’dasiga tegmoq - yoqmay qolmoq
47. Yuragi toza - sofdil
48. Ko’nglida kiri yo’q - kek saqlamaydigan, g’arazi yo’q
49. Og’ziga tolqon solmoq - mutlaqo gapirmaslik
50. Podadan oldin chang chiqarmoq - ro’yobga chiqishi aniq bo’lmagan narsa haqida hovliqmalik bilan vaqtdan ilgari gapirmoq
51. Oq ko’ngil - yaxshi niyatli
52. Ko’nglini yozdi - g’am-g’ussani unutdi
53. O’takasi yorildi - qattiq cho’chimoq
54. Tishini-tishiga qo’ymoq - chidamoq
55. Ipidan ignasigacha - batafsil
56. Og’zini tanobi qochadigan - behad sevinadigan
57. Ishtahasi karnay - yeb-ichish istagi kuchli
58. Qo’ling dard ko’rmasin - qo’li gul ijrochiga
59. Og’zi ochilib qoldi - behad hayratlanmoq
60. Gullab qo’ydi - sirni aytib qo’ymoq
61. Ko’kragini yarga bermoq - kasal bo’lmoq
62. Loy bo’lmoq I - loy tegib ifloslandi;