1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə9/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   103
Folklor mavzular

Afsona. “Afsona” atamasi forscha “afsun –sehr-jodu” ma’nosini anglatuvchi so`zdan olingan bo`lib, fantastika-uydirma asosida yaratilgan nasriy hikoyalarga nisbatan qo`llanadi. O`tmishda bu atamaning o`rnida «cow» – sov so`zi ishlatilgan. M.Koshg`ariyning «Devonu lug`otit turk» kitobida izohlanishicha, sov atamasi otalar so`zi (maqol), qadimgi biror voqeani aytib beruvchi hikoya, risola, xat, kitobcha, so`z va nutq kabi ko`r ma`nolarni anglatganki, shulardan o`tmish voqealaridan xabar beruvchi hikoya, qissa tushunchalari qay darajadadir afsona hodisasini ham ifodalab kelgan.

Aristotel afsonalarni «haqiqatdan xabar beruvchi yolg`on hikoyalardir» deb ko`rsatadi.


Afsona – o`zbek xalq og`zaki ijodining eng qadimgi, an’anaviy va keng tarqalgan janrlaridan biri. hayotiy voqelikni xayoliy uydirmalar orqali bayon etadigan, biror ma’lumot haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya qilinadigan og`zaki nasriy asarlar afsona deyiladi.
Afsonada hayotiy voqelikning tasviri epik talqinga bo`ysundiriladi. Yetakchi motivlar tarkibi esa an’anaviy epik detallarga boyligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ko`pincha u ertakka o`xshab ketadi. Biroq ular ertaklar kabi qat`iy kompozisiyaga ega emasligi bilan farq qiladi.
Afsona professional ijrochilikka asoslanmaydi. Uni bilgan kishi o`zi istagan shaklda aytaveradi. Afsona sof axborot beruvchilik vazifasini bajaradi. U ko`pincha biror –bir voqea- hodisaga kishilarni ishontirish maqsadida aytiladi. Afsonada bayon qilinayotgan voqeaning o`tmishda bo`lib o`tganligiga alohida urg`u beriladi.
Epik tafakkurning tadrijiy taraqqiyoti nuqtai nazaridan qaraganda, afsonalar miflardan keyingi stadial bosqich sifatida shakllanganligi seziladi. Chunki ularning tarkibida mifologik obrazlar muhim o`rin tutadi. O`zbek xalq afsonalarining syujet tarkibida turkiy va boshqa xalqlar mifologiyasi bilan bog`liq ko`plab qadimiy motivlar saqlanib qolgan.
Afsona kompozitsiyasi ertaklarniki kabi an’anaviylikka, qat`iylikka ega emas. Uning syujet tuzilishi sodda va qisqa. Afsonalar voqelikni g`ayritabiiy, fantastik tasvirlashi jihatidangina ertaklarga o`xshab ketadi, xolos.
Afsona syujetini turli mifologik, diniy hodisalar, geografik joylar nomi, tabiat hodisalari, ayrim tarixiy shaxs va voqealarga aloqador g`aroyib talqinlar tashkil etadi. Shunga ko`ra afsonalarning mazmun-mundarijasi rang-baranglik kasb etadi. Deyarli barcha afsonalarning syujeti bir yoki ikki epizoddan iborat bo`ladi. Syujet voqealari ko`pincha tugundan boshlanadi. Voqealar talqinida va tasvirida fantastika ustivorlik qiladi.
Afsonalarning asosiy personajlar tarkibi tarixiy shaxslar, xayoliy va mifik obrazlardan iborat.
Afsonalarni g`oyaviy-mavzuviy yo`nalishi jihatidan shartli ravishda ikki guruhga bo`lib o`rganish mumkin:
1. Sof mifologik afsonalar.
2. Tarixiy afsonalar.
Mifologik afsonalarda, asosan, yer va osmon xudolari, homiy kuchlar, pirlar, avliyolarning g`ayritabiiy ishlari, insonlarga ko`magi, mifologik pahlavonlar, yer yuzida odamning paydo bo`lishi hakida hikoya qilinadi. Ulardagi ayrim epizodlarda islomga qadar amal qilgan qadimgi dinlarga aloqador talqinlar uchraydi. Ibtidoiy insonlarning dunyoqarashi, tasavvur-tushunchalari, diniy e’tiqodlari namoyon bo`ladi.
Mifologik afsonalarning tuzilishi juda sodda bo`ladi. Ularda voqelik oddiy bayon qilinadi. Uning konflikti yechimida fantastikaning hal qiluvchi rol o`ynashi- asosiy belgisidir.
Mifologik afsonalar miflar bilan genetik aloqadordir. Aniqrog`i, ularning aksariyati miflar asosida yuzaga kelgan. Sababi – ibtidoiy davrda mifologik qahramonlar muqaddas sanalgan va xalqning ma’naviy madadkoriga, ruhiy homiysiga aylangan. Bora-bora bu tasavvurlar unutilib, u haqdagi hikoyalar afsonalarda oddiy diniy hikoya qobig`ida saqlanib qolgan. Jumladan, Xizr nomi bilan bog`liq hikoyalar bunga misol bo`ladi. Xizr – mifologik obraz. U ba’zan cho`l piri, ba’zan hosildorlik homiysi sifatida talqin etiladi. Afsonalarda u obi hayot ichganligi uchun mangu barhayot, sehr-joduga ega, o`tda yonmas, zarb o`tmas qilib tasvirlanadi. U yana turli shakllarga evrila oladi: goh odam, goh jonivor, goh buyum ko`rinishida paydo bo`lib, odamlarga ko`mak beradi, yovuzlarga qarshi chiqib, ezgulikning g`alabasini ta’minlaydi.
Tarixiy afsonalar ma’lum bir tarixiy dalil yoki ma’lumot, tarixiy shaxs faoliyati haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya qilinadigan, tarkibida real tarixiy shaxslar bilan bir qatorda xayoliy va mifik obrazlar ham ishtirok etadigan og`zaki nasriy asarlardir. Ularning syujetini tashkil etuvchi voqealar bayonida reallik bilan badiiy to`qima o`zaro qorishib ketadi. Bunday afsonalarda real hayotda yashab o`tgan kishilar haqida hikoya qilinsa-da, tarixiy shaxsning haqiqiy biografiyasi emas, to`qima biografiyasi beriladi. Ularda hayot haqiqati fantastik tasvir qobig`iga o`rab ifoda etiladi.
Tarixiy afsonalar muayyan tarixiy dalil va ma’lumotni asoslash, izohlash, xalqqa tushuntirish uchun xizmat qiladi.
Tarixiy afsonalarda real toponimlar bilan birga xayoliy –mifologik makon ham tilga olinadi. Unga ko`ra qahramon yer osti yoki suv osti mamlakatlariga, afsonaviy tog`lar o`lkasiga safar qiladi.
Shuningdek, tarixiy afsonalarda dev, pari, ajdar, chilton, yuho, ya’juj-ma’juj kabi bir qattor xayoliy va mifologik personajlar mavjud bo`lib, ular aniq obrazlar bilan muomala-munosabatda tasvirlanadi. Mifologik obrazlar afsona syujetida bajaradigan vazifasiga qarab ikki tipga bo`linadi:
a) asosiy qahramonga homiylik qiluvchi, yordam beruvchi mifologik personajlar;
b) asosiy qahramonga raqib sifatida harakat qiluvchi mifologik personajlar.
Tarixiy afsonalarga xos bu belgilar epik tafakkurning tadrijiy taraqqiyot tizimida uning mifologik afsonalardan keyingi stadial bosqichda shakllanganligini ko`rsatadi.
O`zbek xalq tarixiy afsonalari mavzu yo`nalishiga ko`ra uch turga bo`linadi:
1. Geneologik afsonalar. Bularda urug`–qabila, xalq va elatlarning kelib chiqishi va nomlanishi haqida hikoya qilinadi: «Laqay», «Do`rmon», «Qirg`iz» urug`larining kelib chiqishi haqidagi afsonalar shular jumlasiga kiradi.
2. Tarixiy voqea va tarixiy shaxslar haqidagi afsonalar. Ularda o`tmishda yashab o`tgan dono kishilarning sarguzashtlari, mo``jizakor ishlari, ajdodlarimizning bunyodkorlik faoliyati, shahar va qo`rg`onlarning barpo etilishi haqida hikoya qilinadi. Bunga Buxoro Arki, Xiva qal`asi, Minorai Kalon qurilishi haqidagi afsonalar misol bo`la oladi.
3. Kasb-hunarlar haqidagi afsonalar. Bularda u yoki bu kasb-hunarning kelib chiqishi, ularning piri haqida hikoya qilinadi. Aytaylik, bo`yoqchilik kasbining kelib chiqishi hazrati Ayyub, temirchilik kasbining kelib chiqishi Dovud payg`ambar nomi bilan bog`lab talqin qilingan afsonalar shu siraga kiradi.
Xullas, afsonalarda epik ruh hukmronlik qiladi.Ular axborot berish vazifasi bilan bir qatorda estetik vazifani ham ado etadi.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin