O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
2. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatinining konseptual asoslarining shakllanishi. Suveren O‘zbekiston tarixi hali nisbatan qisqa - respublika mustaqilligi 1991-yil 31-avgustda e’lon qilingan, biroq o‘tgan vaqt ichida mamlakatimiz xalqaro miqyosda e’tirof etildi va jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
O‘tmish ham, kelajak ham o‘z holicha mavjud bo‘lmasligini O‘zbekiston fuqarolari yaxshi tushunadilar. Ular tarix qirg‘oqlari oralig‘ida, bir oqimda suzadilar, ularni tarixiy harakatning yagona sub’yekti - inson birlashtiradi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin bozor iqtisodiyotiga asoslangan mustaqil demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi hamda mamlakatimiz barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik ta’minlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
Agar nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1991-2000-yillarda mamlakatda fuqarolik jamiyati qurishning poydevori - huquqiy davlatga xos bo‘lgan qonunlar va boshqa huquqiy shart-sharoitlar shakllandi. Xususan, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekistonda xalqning davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etishini ta’minlashning siyosiy-huquqiy asoslarining yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda yangi demokratik jamiyat asoslariga o‘tish, totalitarizmdan meros bo‘lib qolgan davlat va fuqaro munosabatlariga barham berish siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Qisqa davrda mamlakatda “fuqaro - jamiyat - davlat” tizimi qonuniy asosga qo‘yildi. Bu - siyosiy jihatdan keng va atroflicha tahlilga ega bo‘lgan jarayon. Chunki uning mohiyati jamiyatda demokratik jarayonlarni amalga oshirishni nazarda tutadi, eng muhimi, fuqaro manfaati bilan davlat hokimiyatini boshqarish o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Bu jamiyatda insonning barcha huquqlari, xususan, davlat ishlarida qatnashish; e’tiqod erkinligi; yig‘ilishlar; uyushmalar erkinligini amalda ta’minlash siyosiy voqelikka aylanadi. “Fuqaro” va “davlat” munosabatlaridagi mavjud begonalashish jarayonlariga barham berilib, ularning davlat hokimiyatini boshqarishga bo‘lgan mas’ulligi hamda davlatning fuqarolar oldidagi javobgarligi vujudga keldi. Jumladan, bosh Qomusimizning 32-moddasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar, deb belgilab qo‘yiladi. Bunday imkoniyat jamiyatda demokratik institutlarning rivoji bilan ta’minlanadi.
Demokratik institutlar - jamiyat hayotida demokratik tamoyillarning qaror topishiga xizmat qiladigan tashkilotlar va tuzilmalar majmuasi. Tarixiy jihatdan ularni shartli ravishda demokratik mazmunga ega bo‘lgan an’anaviy, ijtimoiy-siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, OAV) hamda faqat demokratik jamiyat sharoitida faoliyat yuritadigan maxsus institutlarga, masalan, inson huquqlariga amal qilinishini ta’minlovchi turli nodavlat tuzilmalarga ajratish mumkin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bular jumlasiga asosiy hujjatlar sifatida “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida” (1991-y.), “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida” (1992-y.), “Nodavlat-notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” (1999-y.), “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” (1999-y.), “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” (1996-y.), “Jamoat fondlari to‘g‘risida” (2003-y.), “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida” (2004-y.), “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” (1991-y.), “Nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida” (2007-y.), “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” (1997-y.), “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risida” (2014-y.) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini e’tirof etish mumkin. Jamiyatda NNT tizimini rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Muhimi, “uchinchi sektor” deb ataluvchi NNT jamiyatning asosiy institutlari sifatida namoyon bo‘la boshladi.
Jahon tajribasidan ma’lumki, aholi fuqarolik jamiyati institutlari, ya’ni jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, NNT, ayollar va yoshlar uyushmalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ayniqsa, mahallalar, ommaviy-axborot vositalari kabi ijtimoiy tuzilmalar vositasida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratishi talab etiladi. O‘zbekistonda ham fuqarolik jamiyati institutlari o‘sib bordi: agar 1991-yilda respublikamizda 200 ta fuqarolik jamiyati institutlari - NNT qayd etilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib ularning soni 2585 taga, 2013-yilda esa 6000 taga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Shunda mamlaktimizda 10 mingdan ziyod nodavlat-notijorat tashkilotlari mavjudligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini qurish va rivojlantirishga oid konseptual va strategik hujjatlarning qabul qilinishi 2000-2016-yillarni o‘z ichiga oladi. Biroq 2016-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” prinsipini o‘rnatishga oid tashabbusi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy omili sifatida namoyon bo‘ldi. Prezident tashabbusi bilan 2017-yil esa “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Albatta, xalq bilan doimiy muloqot - bu fuqarolik jamiyatining eng asosiy prinsipi edi. Lekin mamlakatda davlat hokimiyati organlari boshqaruvining ahvoli qandayligi, fuqarolarning bu haqda qanday fikrda ekanligini aniqlash lozim edi. 2016- yilning 28-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi tuzildi. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor. Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqida o‘ylayapmiz”.
Albatta, 2017-yildan boshlab fuqarolik jamiyati qurishga yangicha qarashlar, bu sohadagi tub o‘zgarishlar o‘z natijasini bera boshladi. 10 oy ichida - 2017-yilning 21-iyuligacha Xalq qabulxonalariga bir millionta murojaat kelib tushdi.
Hattoki, bu ko‘lamdagi xalq muammolariga doir axborotlar olib, ularni tahlil etadigan institutlar g‘arb davlatlari tarixida ham uchramaydi. Shu bilan birga murojaatlar ichida ularning bittasi ham davlat organlari e’tiboridan chetda qolmaydigan mexanizm o‘z samarasini ko‘rsatdi. 2017- yil 7-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash” masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish natijasida mamlakatda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini rivojlantirishga oid huquqiy asoslar takomillashtirildi va demokratlashtirildi. 2017-yil 15-avgustgacha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 15 ta qonun va 700 dan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida zamonaviy talablar hamda ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda 16 ta vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tuzilmasi, vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi, 20 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar qayta tashkil etildi.
Bu kabi sa’y-harakatlar tizimli ravishda olib borilmoqda.