1.2. Marketingning maqsad va vazifalari Marketing sohasidagi adabiyotlarda asosan marketingning to’rtta maqsadi keltiriladi.
Bular quyidagilar hisoblanadi:
1. Mumkin bo’lgan maksimal yuqori iste'molga erishish.
2. Iste'molchilarning talabining maksimal qondirilishiga erishish.
3. Iste'molchilarga keng assortimentdagi tovarlarni tanlashiga imkoniyat yaratish.
4. Aholi turmush darajasi sifatini oshirish.
Mumkin bo’lgan maksimal yuqori iste'molga erishish. Ko’pchilik rahbarlar
marketingning maqsadi - ishlab chiqarishning maksimal o’sishi va korxonaning boyishida asosiy
omil yuqori iste'molga erishishni rag’batlantirishda deb biladilar. Bu fikrni boshqacha ifodalasak,
odamlar qancha ko’p sotib olsa va qancha ko’p iste'mol qilishsa, shuncha baxtli bo’ladilar degan
ma'noni anglatadi. Lekin, ba'zi bir kishilar moddiy boyliklar masalasining ortishi katta baxtga
erishishdan dalolatdir degan fikrga shubha bilan qaraydilar. Demak, marketingning maqsadi
faqat mumkin bo’lgan maksimal iste'molga erishishdangina iborat emas ekan.
Iste'molchilarning talabining maksimal qondirilishiga erishish. Bu nuqtai nazarga
muvofiq marketing tizimining asosiy maqsadi mumkin bo’lgan maksimal yuqori iste'molga
erishish emas, balki iste'molchilarning talabini maksimal qondirishdan iboratdir. Bu degani tovar
massasi iste'moli ko’p bo’lsada, u biron-bir ahamiyatga ega bo’lmasligi mumkin. Ularning
ahamiyatliligi, tovar massasining ko’pligi bilan emas, balki bu tovar massalarining qanchalik
darajada iste'molchilarning talabini qondira olishi bilan o’lchanadi. Afsuski, iste'molchilarning
talabining qondirilish darajasini o’rganish to hozirgi kungacha muammoligicha qolmoqda.
Iste'molchilarga keng assortimentdagi tovarlarni tanlashga imkoniyat yaratish.
Ba'zi bir bozor mutaxassislari marketing tizimining asosiy maqsadi tovarlar xilma -xilligini
maksimal ta'minlash va iste'molchilarning keng assortimentdagi tovarlarni tanlashiga imkoniyat
yaratishdan iboratdir deb hisoblaydilar. Tizimning maqsadi iste'molchining talabiga to’liq mos
keladigan tovarni topishiga yordam berishdan iborat bo’lishi kerak.