1-mavzu: Mevachilik halq xo’jaligidagi ahamiyati, hozirgi ahvoli va rivojlanish istiqbollari. Reja
1-mavzu: Mevachilik halq xo’jaligidagi ahamiyati, hozirgi ahvoli va rivojlanish istiqbollari. Reja: 1. Mevachilikning tarqalishi, sanoatdagi o’rni va ahamiyati.
2. Zamonaviy intensiv mevachilikni respublikamizda tarqalgan zonalari, mintaqalari va rivojlanishi.
3. Bog’dorchilikning asosiy ilmiy rivojlanish istiqbollari.
1. Mevachilikning tarqalishi, sanoatdagi o’rni va ahamiyati O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik soxasini isloh qilish bo’yicha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida” farmoni va qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi, Qishloq va suv xo’jalik vazirligining buyruq va qarorlari bu sohalar shirkatlarini fermer xo’jaliklariga aylantirish, agrosanoat firmalarini tashkil qilish va meva-sabzavotchilik tarmog’ini boshqarish tizimini takomillashtirishda muhim o’rin tutdi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti davrida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatni esa xom ashyoga bo’lgan talabini qondirish hozirgi kunda qishloq xo’jaligi oldida turgan eng muhim dolzarb vazifalardan biri bo’lib qolmoqda va respublikamiz hukumati bu sohaga katta e’tibor qaratmoqda.
Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston hududi ko’pgina qishloq xo’jalik, shu jumladan meva ekinlarini kelib chiqish markazlaridan biri hisoblanadi. Qadimdan bu hududda o’rik, qaroli, olma, nok, gilos, pista, bodom, yong’oq, uzum singari meva ekinlarining qimmatli mahalliy navlari saqlanib qolgan.
Meva yetishtirish strukturasi ishlab chiqilgan bo’lib, uni joylarda amalga oshirishga alohida ahamiyat beriladi. CHunki, bu tadbirlarni amalga oshirish meva mahsulotiga bo’lgan xalq iste’moli ehtiyoji, qayta ishlash korxonalari talabi va eksportga mahsulot chiqarishga bo’lgan talablar bilan mahsulot ishlab chiqaruvchilarning takliflari o’rtasidagi mutonosiblikni ta’minlaydi.
Mevachilik qishloq xo’jaligining murakkab va ko’p qirrali sohasi hisoblanadi. Meva va rezavor meva ekinlari turli tuproq, iqlim va agrotexnika sharoitida o’stirilib, ularning mevasi turli maqsadlarda yangiligicha, quritilgan va qayta ishlangan hollarda foydalaniladi.
Mevachilik qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining tarmog’i sifatida asosiy vazifasi aholini ho’l mevalar, sanoatni xom ashyo bilan ta’minlashdan iborat. Mevachilik fan sifatida meva va rezavor-meva ekinlarining tuzilishi, o’sish, ko’payish va hosil berish qonuniyatlarini, tashqi muhit omillariga munosabati va biologiyasini o’rganish asosida yuqori, sifatli hamda muttasil hosil olish texnologiyasining nazariy asoslari va amaliy usullarini ishlab chiqishdan iborat.
Mevachilik va bog’dorchilik tushunchalari bir-biriga o’xshatiladi. Aslida bog’dorchilik keng ma’nodagi tushuncha bo’lib, mevachilik, uzumchilik, tsitruschilik, rezavor mevachilik, manzarali bog’dorchilik va gulchilik kabilarni o’z ichiga oladi.
Mevachilikning xalq xo’jaligidagi ahamiyati benihoya katta. Meva va rezavor-mevalardan konserva, murabbo, pastila, povidlo, sharbatlar hamda vinolar tayyorlanadi. Ularning ko’pchiligi quritilib, ajoyib quriq meva mahsulotlari (turshak, qoqi, qaysa, kuraga va boshqalar) tayyorlanadi. Bu xildagi quritilgan mevalarni uzoq saqlash, mazasi va to’yimlilik sifatiga unchalik zarar yetkazilmagan holda uzoq joylarga olib borish mumkin.
Mevalar iste’mol qilinishidan tashqari, ba’zi turlari (zaytun daraxt, yong’oq, bodom va boshqalar) urug’idan oziq-ovqatda ishlatiladigan va texnik moy, po’stlog’i, barglari hamda mevasi po’chog’idan tanin (yong’oq, anor, tut daraxtidan), shuningdek qimmatbaho o’simlik bo’yoqlari (anor, pistadan) olinadi. O’rik danagidan tush, yong’oq po’chog’idan esa faollashtirilgan tibbiyot ko’miri tayyorlashda foydalaniladi.
Ba’zi meva daraxtlari turi (yong’oq, o’rik, nok, xurmo va boshqalar) dan qimmatbaho buyumlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan yog’och tayyorlanadi.
Meva daraxtlari kanallar bo’yiga, yo’llar, temir yo’l magistrallari yoqasiga ekiladi, tuproqni eroziyadan saqlashda, shuningdek, tog’ yonbag’irlarini daraxtzor qilishda hamda jarliklar hosil bo’lishi oldini olishda ham foydalanish mumkin.
Baland o’sadigan meva daraxtlari (o’rik, yong’oq, nok va boshqalar) shamol to’sqich vazifasini ham o’taydi. SHuning uchun ular o’rmon daraxtlari bilan bog’larni himoya qilish ixota daraxtzori sifatida ham ekiladi. Bu xildagi meva daraxtlari aholi yashaydigan punktlarni qum va qor ko’chiklaridan saqlaydi.